Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qoqio‘t – momaqaymoqni yaxshi taniymizu...

Qoqio‘t – momaqaymoqni yaxshi taniymizu...

foto: internet, ochiq manba

Men qoqio‘tni bolaligimdan bilaman: otam bilan bandi va barglarini tuzlab birga tanovvul qilganimizni eslayman. Uni boshimizga chambarak qilib yasaganimdan beri bilaman.

Vaqt o‘tib sariq gullari o‘rnini momiq «parashyutchalar» egallab osmonlarga puflab uchirganimda kattalar «ehtiyot bo‘l, qulog‘ingga kirib ketadi, kar bo‘lib qolasan!» deb qo‘rqitishganda hali kichkina qizaloq edim – o‘shandan beri bilaman. Lekin... uni juda ko‘p yillardan beri tanisamda u haqda juda kam narsa bilar ekanman.

Momaqaymoq – (oduvanchik)

«Taraxakum  bicorne  Dahlst»  – biram aytilishi qiyin bo‘lgan bu o‘tni biz qoqio‘t, momaqaymoq, ruschasiga esa oduvanchik deymiz. Shu kunlarda qoqio‘tning gulidan soch bargak yasash yoki shunchaki gullari haqidagi kichkinagina ijtimoiy tarmoqlardagi postlarga e’tiborga loyiq izohlar yozilmoqda. Bu o‘t haqidagi bolalik xotiralarim sabab ozgina izlandim. Hatto multfilm yaratilgan ekan: «Semiz lunjli momaqaymoq» (Oduvanchik – tolstie щyeki),

«Dyuymovochka» multfilmida momaqaymoq gullari va uning pufakchalari juda chiroyli bezak sifatida namoyon bo‘ladi. Hatto «Bembi» multfilmida momaqaymoq gulchambarlari orqali bolalik va bahor obrazi yoritilgan. Momaqaymoqning osmonga uchuvchi «parashyutchilari» doimo kattayu kichikka zavq bag‘ishlagan. Ana shunday e’tiborimni tortgan ma’lumotlardan biri, oq parashyutchalarni to‘kilmaydigan qilib qotirish haqidagi maslahat bo‘ldi: ya’ni uni uzishdan oldin oddiy soch lakini yengilgina sepasiz.

Xalq tabobatida...

Biz dorivor giyoh sifatida unchalik e’tibor bermaydigan bu o‘t ildizlaridan tayyorlangan damlama oshqozon-ichak faoliyatini, safro va ovqat hazm qilishni yaxshilash uchun ishlatiladi.

U ishtaha ochuvchi, taom hazmini yaxshilashda, qabziyat, qorin dam bo‘lganda, sariq va jigar xastaligida, bod, qandli diabet, qon bosimi oshganda, peshob yo‘li, buyrakdagi tosh, sil, qo‘tir, chipqon, kuygan joylarni davolashda, so‘gallarni yo‘qotishda yaxshi davo bo‘ladi. Uning barglari ayniqsa, kamqonlikda, quvvatsizlikda foydalidir. Buyuk alloma Abu Ali ibn Sino o‘simlik bilan yo‘talni qoldirishda, tiqilmalarni ochishda foydalangan. U zaharga qarshi, chayonlar chaqqanda naf beradi. Emizikli ayollarning sutini ko‘paytirishda malham bo‘la oladi.    

Achchiq o‘tdan shirin sharbat

Momaqaymoq haqidagi postlardan biriga joylangan izohli suratga Shamsiddin Qirg‘izboyev shunday yozgan edi: men bugun qoqio‘tdan sirop tayyorladim.

Bir nechta videolarni ko‘rish orqali bildimki, nafaqat bizda butun dunyoda momaqaymoq gulidan asal, sirop tayyorlanar ekan. Hatto undan juda ko‘plab salat retseptlari bor.

Eng qiziq fakt esa momqaymoqning pushti (Taraxacum Pseudoroseum) va oq (Taraxacum albidum) ranglari borligi edi. Pushti momaqaymoq O‘rta Osiyoda – Qozog‘iston, Janubiy Oltoy tomonlarda ko‘p uchraydi.

Yaponlar tilida oq momakaymoq (iskonno) deyilarkan.

Yaponlar ham bu o‘simlikni dorivor deb hisoblasharkan. Oq gulli momaqaymoq tog‘ o‘rmonlaridagi ochiq joylarda, daryo bo‘ylarida, yo‘l chetlarida o‘sadi va asosan Yaponiyaning g‘arbiy qismida keng tarqalgan. Yaponiyaga mansub (endemik tur) hisoblangan bu momaqaymoq turining populyasiyasi yil sayin kamayib borayotgani aytiladi.

Ma’lum bo‘lishicha, oddiy sariq momaqaymoqlarimiz Yaponiyaga begona tur.

Bu turlar o‘rtasida farq bor, masalan, oddiy sariq qoqio‘t o‘z-o‘zidan (urug‘lanmasdan, hujayra ko‘payishi tufayli) mustaqil ravishda ko‘payishi mumkin, ammo oq qoqio‘t urug‘ini olish uchun changlatish kerak.  

Yaponlar oq qoqio‘tning ildizidan choy va qahva tayyorlashadi. Yapon madaniyatida momaqaymoq – sabr, umid va sevinch ramzi. Ularning xalq ertaklari va bolalar adabiyotida momaqaymoq ko‘p uchraydi. Shunday satrlar ham bor: «Qalbimda gul ochar, unda momaqaymoq orzum kabi yengil va baland». Yaponiya bog‘larida oq momaqaymoq maxsus parvarish qilinib, bahorning bosh xabarchisi sifatida yetishtiriladi...  

Hozir qayerga qaramang, qoqio‘t avji gullagan payti. Birozdan keyin uning guli oppoq sharchaga aylanadi. Avloddan avlodga qoqio‘t bizga bolaligimizni eslatib turadigan o‘simlik bo‘lib yetib boradi. Ammo uning boshqa xislatlari, dorivor o‘t ekanligi negadir e’tiborimizdan chetda qoladi. Gulchambar yasaymizmi, oq sharchalarni puflab uchiramizmi, sariq gullarini teramizmi – uning juda ko‘p dardlarga shifo ekanligini, o‘z vaqtida sog‘liq uchun foydalanishni va asrab-avaylashni ham unutmaylik. 

Barno Sultonova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring