Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qor, iliq havo va yomg‘ir — «O‘zgidromet» uch kunda uch xil harorat kuzatilishini ma’lum qildi

Qor, iliq havo va yomg‘ir — «O‘zgidromet» uch kunda uch xil harorat kuzatilishini ma’lum qildi

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston bo‘yicha 26-28 yanvar kunlariga ob-havo prognozi taqdim etildi.

Bugun O‘zbekistonning ko‘pchilik viloyatlari sovuq havo massalari ta’siri ostida bo‘ladi, kunning birinchi yarmida qor yog‘ishi kuzatiladi, faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Kunduzi harorat 2-5 daraja iliq, respublika shimolida 5 daraja sovuq atrofida bo‘ladi.

Shanba kuni kunduzi respublikamizga Turkmaniston hududlaridan iliq va nam havo massalari kirib kelishi kutilmoqda. O‘zbekiston bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat kunning ikkinchi yarmida Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayadi. Harorat kechasi 0-2 daraja sovuqqacha, ayrim joylarda 5 daraja sovuqqacha pasayadi, kunduzi 5-10 daraja iliqqacha ko‘tariladi, respublika shimolida kechasi 6-11 daraja sovuq, kunduzi 2 daraja sovuq-3 daraja iliq bo‘ladi.

Yakshanba kuni asosan yomg‘ir ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik respublikamizning barcha hududlariga tarqaladi. O‘zbekiston bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, shimolda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Harorat kechasi 0-5 daraja iliqni, kunduzi 8-13 daraja iliqni, shimolda kechasi 2-7 daraja sovuqni, kunduzi 2 daraja sovuq-3 daraja iliqni tashkil etadi.

Ba’zi joylarga tuman tushishi mumkin.

Ushbu davrda respublikaning tog‘li hududlarida vaqti-vaqti bilan qor yog‘ishi, 28 yanvarda ba’zi joylarda kuchli bo‘lishi kutilmoqda. Toshkent va Namangan viloyatlarining tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi bor.

Poytaxtimizda bugun kunning birinchi yarmida qor yog‘adi, tuman tushishi mumkin. Shamol g‘arbdan 5-10 m/s tezlikda esadi. Harorat 3-5 daraja iliq bo‘ladi.

27 yanvarda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Shamol sharqdan 3-8 m/s tezlikda esadi. Harorat kechasi 0-2 daraja sovuq, kunduzi 8-10 daraja iliq bo‘ladi.

28 yanvarda yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 3-8 m/s tezlikda esadi. Harorat kechasi 2-4 daraja iliq, kunduzi 9-11 daraja iliq bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring