Qo‘shimcha dam olish kunlarida Samarqand, Buxoro, Urganch yo‘nalishlaridagi temiryo‘l va aviachiptalar uchun maxsus chegirmalar belgilanadi

Xabaringiz bor, 2017-yilning 28-dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning «2018-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda Yangi yil, Navro‘z va Mustaqillik bayramlari, Ramazon va Qurbon hayitida qo‘shimcha dam olish kunlari belgilandi.
Hujjatga asosan Yangi yil, Navro‘z bayramlari va Mustaqillik kuniga 5 kalendar kuni qo‘shib berildi. Shuningdek, vatandoshlarimiz Qurbon va Ramazon hayilarida ham uch kundan dam olishlari mumkinligi ma’lum qilindi. Yangi yil, Navro‘z va Mustaqillik bayramlari kunlariga qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlar belgilangani sababli mehnat ta’tili davomiyligi uch ish kuniga qisqartiladi. Farmonga muvofiq, belgilangan mehnat ta’tili qisqartirishni hisobga olgan holda 15 ish kunidan kam bo‘lmasligi kerak. Shu bilan birga xodimga mehnat ta’tili uchun beriladigan to‘lovlar miqdori ham odatdagidek saqlanib qoladi.
Albatta ushbu yangicha qonun-qoidalarni turlicha qabul qilganlar bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim injiq foydalanuvchilar: «To‘rt-besh kunlab ta’til berishning nima keragi bor? Bu davlat uchun qimmmatga tushib ketmaydimi? Bitta xodim uchun bayramda shuncha ta’til ko‘plik qilmaydimi?» singari fikrlar ham bildirildi.
Avvalambor, har bir davlatning asosiy maqsadi o‘z xalqining ehtiyojlarini qondirish, uning risoladagidek hayot kechirishini ta’minlashdan iborat. Qolaversa, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bayramlar munosabati bilan bir necha kunlab mehnat ta’tilini berish yo‘lga qo‘yilgan. Bu tajriba dunyoning bir qator rivojlangan davlatlari tajribasidan o‘tgan.
Masalan, Xitoyda «Golden weeks» deb ataladigan bayram ta’tillari 1999 yildan beri amal qiladi. Mamlakat aholisi ushbu ta’til doirasida Xitoyning turli hududlariga sayohatga borib, o‘z vatanlarini yanada yaqindan, yanada chuqurroq o‘rganishadi. Yaponiyada esa, bu tajriba ancha ilgari 1948 yildan yo‘lga qo‘yilgan. Imperatorning tug‘ilgan kuni munosabati bilan beriladigan bayram ta’tili 29 apreldan to 5 maygacha davom etadi. Birlashgan Arab Amirliklarida ham Qurbon va Ramazon hayitlari munosabati bilan mamlakatda «oltin haftalar» joriy etiladi.
Umuman olganda, bunday ta’tillar mamlakatlar uchun moddiy zarar keltirmaydi, aksincha, turizm va xizmat ko‘rsatish sohalari yanada rivojlanadi. Qolaversa, yuqorida ta’kidlanganidek, bayram ta’tillari hisobiga xodimlarning yillik mehnat ta’tillari qisqartiriladi.
— Xalqimizda «yurgan — daryo, o‘tirgan bo‘yra» deb bejiz aytishmagan, — deydi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov. — Bayram munosabati bilan beriladigan qo‘shimcha dam olish kunlari evaziga hamyurtlarimiz oila davrasida, yaqinlari bilan hordiq chiqarish, bayramni ko‘ngildagidek nishonlash imkoniga ega bo‘ladilar. Bu kunlar davomida yurtimizning turli ziyoratgohlari, qadimiy shaharlariga ham sayohatlar uyushtirish, o‘lkamizning xushmanzara go‘shalari tarovatidan bahra olish mumkin.
Albatta, avval ham hamyurtlarimiz o‘z mehnat ta’tillari davomida istagan joylariga sayohatga chiqish imoniga ega edilar. Ammo o‘z-o‘zidan ma’lumki, mehnat ta’tili bir qancha bayram kunlarini o‘z ichiga olishi mumkin emas. Bir shahardan ikkinchisiga borib, hordiq chiqarish uchun bitta bayram yoki dam olish kuni yetarli bo‘lmasligi tabiiy. Uch kun yo besh kun muddat ichida esa, bemalol yurtimizning istalgan hududiga borib, tarixiy obidalarimiz, xushmanzara go‘shalarimiz bilan yaqindan tanishib, ko‘ngil yozib kelish mumkin.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan mazkur ta’tillar doirasida «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil» dasturiga ko‘ra, Samarqand, Buxoro, Urganch yo‘nalishlaridagi temiryo‘l va aviachiptalar narxlarida, mehmonxonalar, kafe va restoranlarda maxsus chegirmalar belgilanadi. Ushbu yo‘nalishlardagi sayohatlar davomida, hamyurtlarimiz ta’tilni mazmunli o‘tkazish barobarida mablag‘ning bir qismini tejab qolishlari mumkin.
Hukumatimiz tomonidan hamyurtlarimizning bu kabi ziyorat va sayohatlarini amalga oshirishni ko‘zda tutuvchi bir qator hujjatlar imzolanishi kutilmoqda. Endi turli korxona va tashkilotlar tegishli turistik firmalar bilan hamkorlikda bayram ta’tillari davomida yurtimizning qator shaharlari bo‘ylab o‘z xodimlari uchun sayohatlar tashkil etishlari mumkin. Mazkur hujjatlarda ana shunday sayohatlar tashkil etgan korxonalarga soliq imtiyozlari, aholining kam ta’minlangan qatlamlari uchun qo‘shimcha imtiyoz va chegirmalar, nazarda tutilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter