«Rahbarlar butun dunyoda tan olingan qoidaga amal qilishlarini istardim» — Shavkat Mirziyoyev

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston kasaba uyushmalari xodimlari va faollarini mamlakatimizda ilk bor nishonlanayotgan bayram – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni bilan tabrikladi.
Tabrikda bugungi kunda yurtimizda kasaba uyushmalari tizimida 33 mingdan ortiq boshlang‘ich tashkilotlar samarali faoliyat ko‘rsatayotgani hamda 6 500 dan ziyod xodim va 300 mingga yaqin faollar fidokorona mehnat qilib kelayotgani qayd etiladi.
«Korxona va tashkilotlarda yil davomida 1 nafar ishchi va xizmatchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash sohasiga sarflanadigan o‘rtacha mablag‘ miqdori 5 marotaba oshirildi.
Bu davrda Kasaba uyushmalari federatsiyasi tizimida 14 ta sog‘lomlashtirish maskani qurildi, 5 tasi rekonstruksiya qilindi. Natijada bir yilda qo‘shimcha ravishda 34 ming nafar yurtdoshimizni tizimdagi sanatoriylarda sog‘lomlashtirish imkoniyati yaratildi», deyiladi tabrikda.
Qayd etilishicha, soha xodimlarining sa’y-harakatlari natijasida 14 mingga yaqin xodimlarning buzilgan mehnat huquqlari tiklanib, ular foydasiga 3,6 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ undirib berilgan.
«Mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha ish beruvchilar va rahbarlar butun dunyoda tan olingan quyidagi qoidaga amal qilishlarini istardim: har qaysi korxona yoki tashkilotda albatta kasaba uyushmasi faoliyat ko‘rsatishi va rahbarlar albatta ular bilan yaqin hamkorlikda ish olib borishi shart. Shundagina jamiyatimizda mehnat qonunchiligi buzilishi holatlarining oldi olinadi, hayotimizda ijtimoiy adolat yanada mustahkam qaror topadi», ta’kidlaydi davlat rahbari.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter