Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Raqamlar o‘zbekistonlik iste’molchilarning nodavlat notijorat tashkilotlarga ko‘proq ishonishini ko‘rsatmoqda

Raqamlar o‘zbekistonlik iste’molchilarning nodavlat notijorat tashkilotlarga ko‘proq ishonishini ko‘rsatmoqda

Illyustrativ surat.

Fotokollaj: «Xabar.uz»

Mamlakatimizda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan. Konstitutsiyamizning 53-moddasida iste’molchilar huquqlari ustunligi prinsipi o‘z ifodasini topgan.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda iste’molchilarning huquqlari 1996-yil 26-aprelda «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun  hamda 2002-yil 28-noyabrda qabul qilingan Vazirlar  Mahkamasining «Iste’molchilar  huquqlarini  himoya qilishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq himoya qilib kelinayotir.

Respublikamizda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bilan bir qator davlat organlari, shuningdek, jamoat birlashmasi maqomidagi O‘zbekiston  iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va uning hududiy tuzilmalari shug‘ullanadi. Ushbu idoralar iste’molchilardan kommunal, savdo-sotiq, maishiy servis, jamoat transporti va boshqa sohalar bo‘yicha  kelib tushayotgan ariza va murojaatlar asosida ularning buzilgan huquqlarini tiklaydi, qonuniy manfaatlarini himoya qiladi.

Birgina 2017-yilda O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va uning hududiy organlari tomonidan  6602 ta murojaat qabul qilingan bo‘lib, ularni o‘rganib chiqish natijasida iste’molchilar foydasiga 2 milliard 300 million so‘mdan ziyod mablag‘ qayta hisob-kitob qilinishiga erishilgan bo‘lsa, ushbu davrda nodavlat notijorat tashkilot hisoblanmish O‘zbekiston  iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va uning hududiy tuzilmalariga bundan ikki barobar ko‘proq murojaat kelib tushgan. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, o‘tgan yili federatsiya tomonidan 14 127 ta ariza, taklif va shikoyat o‘rganilib, iste’molchilarga yetkazilgan 4 milliard 397 million 410 ming so‘mlik zarar qayta hisob-kitob qilib berilgan.

Yuqoridagi raqamlar ham xalqimizning davlat organlari bilan bir qatorda nodavlat notijorat tashkilotlariga ishonchi ortib borayotganini, shu bilan birga, federatsiya va uning quyi tuzilmalari odamlarning dardu tashvishlari bilan hamnafas faoliyat yuritayotganining isbotidir.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring