Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rasmiy siyosiy muxolifat uchun O‘zbekistonda barcha shart-sharoitlar mavjud

Rasmiy siyosiy muxolifat uchun O‘zbekistonda barcha shart-sharoitlar mavjud

Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimizda saylov jarayonlarida «muxolifat yo‘q», degan iddaolar bilan jamoatchilik fikrini chalg‘itishga urinayotganlar ham uchrab turibdi. Biroq, shuni unutmaslik lozimki, O‘zbekiston Respublikasida saylov umumiy, teng, to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish orqali ochiq va oshkora o‘tkazilishining tashkiliy-huquqiy asoslari to‘liq yaratilgan.

Rasmiy muxolifat uchun O‘zbekistonda barcha huquqiy shart-sharoitlar bor. Saylovdan so‘ng yangidan shakllantirilgan hukumatning tutgan yo‘li va dasturiga yoki uning ayrim yo‘nalishlariga qo‘shilmaydigan siyosiy partiyalarning fraksiyalari o‘zini parlamentdagi muxolifat deb e’lon qilishi mumkin.

Bunda mazkur muxolif fraksiya boshqa fraksiyalar bilan teng huquqli bo‘lishi bilan birga quyidagi qo‘shimcha huquqlarga ham ega bo‘ladi:

birinchidan, qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilguniga qadar o‘sha masalaga doir qonun loyihasining, shuningdek Qonunchilik palatasi qarori loyihasining muqobil tahririni kiritish;

ikkinchidan, muhokama etilayotgan masalalar yuzasidan o‘zining alohida fikrini Qonunchilik palatasining yalpi majlisi bayonnomasiga kiritish;

uchinchidan, Senat tomonidan rad etilgan qonun bo‘yicha kelishuv komissiyasida o‘z vakillarining kafolatli ishtirok etishi.

Parlamentdagi muxolifatning qonun bilan kafolatlangan huquqlari parlamentdagi ko‘pchilik tomonidan kamsitilishi mumkin emas.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga, Qonunchilik palatasi deputatligiga, mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar ko‘rsatishga faqat siyosiy partiyalar vakolatli hisoblanadi. Siyosiy partiyalarning mazkur vakolatlari esa qonun bilan kafolatlangan.

Qonunchilikka ko‘ra, siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlangani e’lon qilingan kundan kamida to‘rt oy oldin O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan taqdirdagina O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatishi mumkin.

Bu yilgi prezidentlik saylovida ham ro‘yxatdan o‘tgan va rasmiy faoliyat yuritayotgan 5 ta siyosiy partiya (O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi, O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi, O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston ekologik partiyasi)larning barchasi ishtirok etmoqda.

Davlat siyosiy partiyalar huquq va qonuniy manfaatlarining muhofaza etilishini kafolatlaydi, ustavda belgilangan o‘z maqsadlari va vazifalarini bajarishlari uchun ularga teng huquqiy imkoniyatlar yaratib beradi.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, korxona va muassasalar hamda mansabdor shaxslarining siyosiy partiyalarning ichki ishiga aralashishlari yoxud, agar ularning faoliyati qonunga hamda o‘z ustavlariga muvofiq amalga oshirilayotgan bo‘lsa, ularning faoliyatiga to‘sqinlik qilishlari man etiladi.

Ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda siyosiy partiyani tuzish va ro‘yxatdan o‘tkazishga monelik qiladigan holatlar mavjud emas. Faqat o‘rnatilgan qoidalarga amal qilish talab etiladi.

Ma’lumot uchun faqat quyidagi ikkita holatda siyosiy partiyani ro‘yxatga olish rad etilishi mumkin:

birinchisi, siyosiy partiyaning ustavi, maqsadlari, vazifalari va faoliyat uslubi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunchilik hujjatlariga zid bo‘lsa;

ikkinchisi, xuddi shunday nomdagi siyosiy partiya yoki jamoatchilik harakati ro‘yxatga olingan bo‘lsa.

Shunday qilib, mamlakatimizda siyosiy partiyalar faoliyati uchun qonuniy kafolatlar yaratilgan bo‘lib, bu esa fuqarolarning turli qarashlari, manfaatlari va maqsadlari mushtarakligini ta’minlash hamda davlat hokimiyati organlarini shakllantirishda jamiyat muayyan qismining siyosiy irodasini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.

Farhod Primov,

yuridik fanlar bo‘yicha

falsafa doktori, dotsent

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring