Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiyada o‘zbekistonlik ayolning ikki qizchasi qarovsiz qoldi

Rossiyada o‘zbekistonlik ayolning ikki qizchasi qarovsiz qoldi

Rossiya Federatsiyasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining ikki nafar voyaga yetmagan va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalari haqida Internet tarmog‘ida video joylashtirildi.

Holat yuzasidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi axborot xizmatining rasmiy munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida ro‘yxatda turuvchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi M.I. 2010-yilda Rossiya Federatsiyasining Moskva shahriga jo‘nab ketgan.

«Uning 2015-yil hamda 2017-yillarda tug‘ilgan voyaga yetmagan ikki nafar qizlari ham uy sharoitida dunyoga kelgan bo‘lib, ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar yo‘q, bu esa o‘z navbatida ularni darhol O‘zbekiston Respublikasiga qaytarish imkoniyatini qiyinlashtiradi. M.I. bolalarni o‘zbekistonlik vatandoshi J.A. (Surxondaryo viloyatida ro‘yxatda turuvchi)ga tashlab, noma’lum yo‘nalishda g‘oyib bo‘lgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, fuqaro M.I. Tatariston Respublikasi tergov izolyatorida saqlanmoqda», deyiladi rasmiy xabarda.

Ijtimoiy himoya Milliy agentligi tomonidan O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi bilan hamkorlikda voyaga yetmagan bolalarni Rossiya hududida uyda tug‘ilganlik holatini rasmiylashtirish va ularga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish choralari ko‘rilmoqda.

Bolalarga yordam ko‘rsatish va ularni O‘zbekiston Respublikasiga qaytarish maqsadida Agentlikning mas’ul xodimlari biriktirilib, mazkur holatning kelib chiqishi va uni bartaraf etish yuzasidan kompleks o‘rganishlar davom ettirilmoqda. Mazkur holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring