Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiyadan O‘zbekiston fuqarolarini olib kelish uchun avtobuslar karvoni yo‘lga chiqdi

Rossiyadan O‘zbekiston fuqarolarini olib kelish uchun avtobuslar karvoni yo‘lga chiqdi

Transport vazirligi axborot xizmati xabar berishicha, Respublika maxsus komissiyasi, Transport vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, DXX Chegara qo‘shinlari, Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekistonning Qozog‘iston va Rossiyadagi diplomatik vakolatxonalarining sa’y-harakatlari bilan ayni damda O‘zbekistonga qaytish istagida bo‘lgan Rossiya Federatsiyasining Qozog‘iston bilan chegara oldi hududi Samara viloyatida to‘planib qolgan fuqarolarni vatanga olib kelish maqsadida maxsus avtobus qatnovi tashkil etilmoqda.

Bugun 15 ta avtobusdan iborat ilk karvon Rossiyaning Samara viloyatiga yo‘lga chiqdi. Ushbu qatnov barcha sanitariya qoidalari va Qozog‘iston hamda Rossiya Federatsiyasi tomonidan qo‘yilgan talablarga qat’iy amal qilgan holda bajarilmoqda.

Qatnovni bajarishga jalb etilgan 40 nafar haydovchilarning barchasi yo‘lga chiqishdan avval koronavirusga test topshirishdi. Laboratoriya tahlili natijalaridan so‘ng ularga tegishli ma’lumotnoma berildi. Shundan so‘ng tashuvlar xavfsizligini ta’minlash va qatnov davomida nimalarga e’tibor berish lozimligi yuzasidan yo‘riqnoma o‘tkazildi.

Rejaga muvofiq, avtobuslar 25-sentyabr kuni belgilangan manzilga yetib borishadi. Shu kunning o‘zida avtobuslar 700 dan ortiq yo‘lovchilarni olib O‘zbekiston tomon yo‘lga chiqadi.

Hozirda Rossiya Federatsiyasining turli hududlaridan O‘zbekistonga qaytish istagida bo‘lib turgan fuqarolardan ommaviy ravishda Rossiyaning Qozog‘iston bilan chegara oldi hududlariga to‘planmasliklari so‘ralmoqda. Bu kabi holatlar hozirgi qaltis epidemiologik vaziyatning yanada murakkablashuviga, kasallik yuqtirib olish xavfining ortib ketishiga va eng yomoni yurtdoshlarimizni vatanga olib kelish maqsadida katta qiyinchiliklar bilan amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarning cheklanishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring