Ro‘za tutishning inson organizmiga muhim foydasi
Islom dinida buyurilgan ro‘zaning ham ma’naviy, ham jismoniy salomatlik uchun cheksiz foydalari mavjud. Alloh taolo Ramazon ro‘zasi haqida bunday marhamat qilgan:
«Ramazon oyiki, unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu – furqondan iborat ochiq bayonotlar bo‘lib, Qur’on tushirilgandir. Sizlardan kim u oyda hozir bo‘lsa, ro‘zasini tutsin» (Baqara surasi, 185-oyat).
Ro‘zaning hikmatlari, insonning dunyoyu-oxirati uchun manfaatlari ko‘p. Hatto boshqa din vakillari ham uning insonga foydalarini o‘rganib, e’tirof etmoqdalar va o‘zlarida tatbiq qilmoqdalar.
Ro‘za hozirgi davrda aniqlangan ochlik bilan davolash uslublaridan butkul farq qiladi. Bugungi kunda dunyoning turli burchaklarida ochlik bilan davolaydigan sihatgohlar tashkil etilib, be’morlarga muolajalar qilishyapti va buni «tibbiy ro‘za», «umumiy ro‘za» yoki «ochlik bilan davolash» kabi nomlar bilan nomlashmoqda. Lekin bu muolajalarning barchasi ijobiy natija berishi mushkul. Chunki bandalar tomonidan o‘ylab topilgan tartib-qoidalar hech qachon mukammal bo‘lmay, qaysidir jihati noqis bo‘ladi.
Islom dinida farz qilingan Ramazon ro‘zasi va nafl ro‘zalar tibbiyotda qo‘llanadigan ochlik orqali davolash uslublari bilan ba’zi jihatlarda o‘zaro muvofiq kelsa, ba’zi tomondan butunlay farq qiladi. Quyida ushbu farqlarni keltirish mumkin:
Ro‘za va ochlik orqali muolaja qilish oshqozon hazmi yaxshilanishi va undagi yig‘ilib qolgan zaharlarning chiqib ketishiga yordam beradi.
Ro‘zani har bir musulmon kishi har yili Ramazon oyida bir kun ham qoldirmay tutishi farz hisoblanadi. Ro‘za tutganda sahardan oqshomgacha har qanday ozuqadan tiyilinadi. Ammo tibbiyotda qo‘llanadigan ochlik bilan muolaja qilish ba’zi kishilarning kasalligi, holati va ixtiyoriga qarab ma’lum muddat qo‘llanadi.
Ramazon ro‘zasini har bir mintaqada, barcha musulmonlar tutishi farz hisoblanadi. Unda mashaqqat va jismga xavf-xatar bo‘lmaydi. Ochlik bilan muolaja qilishda esa, o‘ziga yarasha mashaqqat, jonni qiynashlik mavjud. Uni hamma ham uddalay olmaydi. Kasalligiga ochlikdan boshqa davo topolmagan va uning foydalariga aniq ishonch hosil qilgan kishigina bu muolajaga kirishadi. Chunki uni joriy qiluvchi tabiblar va ma’lum bir shifoxonalar hisoblanadi.
Ochlik bilan davolash be’morga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Lekin Ramazon ro‘zasida insonga salbiy ta’sir qiluvchi holatlar kuzatilmaydi.
Ma’lumki, inson jismi kun davomida to‘la o‘z faoliyatini bajarishi va yo‘qotilgan kuch-quvvatni tiklashi uchun kerakli miqdorda ozuqa talab qiladi. Agar inson tana ehtiyojidan ortiq ozuqa iste’mol qilsa, u yog‘ga aylanib, vazn ortishiga olib keladi. Albatta, me’yordan ortiq vazn inson salomatligiga salbiy ta’sir qiladi.
Hozirgi paytda ortiqcha vazndan aziyat chekadiganlar ko‘p uchraydi. Ularga muolaja qilish uchun turli davolash uslublari o‘ylab topilgan. Lekin bu uslublar inson tanasidagi suv miqdori kamayishi va sog‘liqqa zarar yetkazishi mumkin. Ro‘za esa zararsiz ortiqcha vazndan qutulishda tengsiz yo‘ldir. Bunda saharlikda va iftorlikda kunduzgi ish-harakatga mos ravishda, me’yorda ovqalanish lozim.
Inson to‘qimasida ko‘plab zahar va zararli moddalar yig‘iladi. Bu moddalar asosan, iste’mol qilinadigan ozuqalar orqali paydo bo‘ladi. Ayniqsa, hozirgi paytda tayyorlanayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining deyarli barchasida oz miqdorda bo‘lsa-da «zahar»lar mavjud. Ular o‘simliklarni o‘stirish uchun sepiladigan dorilar, mahsulotlarni tayyorlash jarayonida qo‘shiladigan ranglar, xushbo‘ylantiruvchi yoki saqlash uchun qo‘shiladigan kimyoviy moddalar orqali paydo bo‘ladi. Qo‘shimcha, havo orqali avtomobillar, zavod va fabrikalardan chiqayotgan zaharli tutunlar yutiladi. Kasalliklardan davolanishda kimyoviy moddalardan tayyorlangan dori-darmonlar qo‘llanadi. Bu moddalar qonga singib, hujayralarning yo‘q bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Zaharlar va barcha zararli moddalardan tanani tozalashda muhim vazifani bajaruvchi a’zo – jigar hisoblanadi. Organizmda zararli moddalar paydo bo‘lganda jigar faoliyati buziladi. Uni yana asl holatiga qaytarishda esa ro‘zaning o‘rni beqiyos. Ro‘za tutganda tanadagi ortiqcha yog‘lar va jigar atrofidagi zaharlar yo‘qoladi.
Davron Muhammad
(Muslim.uz saytidan olindi)
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter