Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Safar zavqidan zafar shavqi sari

Safar zavqidan zafar shavqi sari

O‘z hayotini, istiqbolini mamlakat taqdiri bilan bog‘lagan har bir inson iqbol va yuksak tole egasi bo‘lishi aniq. Bu esa yurt qismatiga daxldorlik tuyg‘usi hamda fuqarolik burchini his etish bilan chambarchas bog‘liqdir. Tabiiyki, vatan tuyg‘usi, oila qayg‘usi bilan yashamagan insonda vatanparvarlik, millatparvarlik ham bo‘lmaydi. Demak, kundalik turmushimizda davlatning ijtimoiy-siyosiy hayoti bilan bog‘liq jarayonlarga befarq bo‘lmaslik, aksincha faol bo‘lish davr talabi, bu qolaversa, xalq ongu tafakkuridagi keskin burilish va yuksalish ifodasidir. Buni xalqimizning Referendumga bo‘lgan yuksak e’tibori va munosabati misolida ham ko‘rish mumkin.

Biz Qoraqalpog‘iston diyoriga yo‘l olgan professor Abduxalil Mavrulov boshchiligidagi 33 ta ziyolilardan tarkib topgan targ‘ibotchilar guruhi ham xuddi shu ruh va mazmunni his etdik.

Samolyot tun yarmida Nukus xalqaro aeroportiga qo‘ngach, biz qoraqalpog‘istonlik eldoshlarimiz bilan uchrashishga oshiqdik. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ma’naviyat va ma’rifat markazi bo‘limining rahbari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan Yoshlar murabbiyi Tatlimurod og‘a Atamuratov boshliq bir guruh qadrdonlarimiz bizni ochiq chehra bilan qarshilashdi. Ertasiga tumanlarga biriktirilgan maxsus jadval asosida o‘z ishimizni boshladik. Psixologiya fanlari nomzodi, dotsent Feruza Akromova, falsafa fanlari doktori Munira Qahhorova, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati bo‘lim boshlig‘i Naimjon Niyozov, taniqli san’atkorlardan Alisher Ro‘zmetov, Rustamjon Mirminov va kamina Kegeyli tumaniga biriktirildik. Birgina Kegeyli misolida ham Qoraqalpog‘istondagi o‘zgarish va yangiliklarni anglash mumkin.

Dastavval, Kegeylidagi «AKTUBA» to‘qimachilik korxonasiga bordik. O‘tgan yili 5 dekabrda Prezidentimizning tashrifi kuni ularning tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu tekstil korxonasi bugungi kunda ilg‘or ko‘rsatkichlarga ega bo‘layotganining shohidi bo‘ldik. Andijon tekstil bilan hamkorlikda faoliyat olib borayotgan ushbu kombinatda ishlayotganlarning ko‘ngli to‘q va ruhiyati baland. Xodimlar bo‘limi boshlig‘i Saida Tadjibayeva joriy yilning 30 mart kuni Prezidentimizning korxonaga qayta tashrif buyurgani, ishlab chiqarish jarayoni va ko‘rsatkichlar bilan tanishgani hozirda 300 ta xotin-qiz ish bilan ta’minlanganini, yaqinda qo‘shimcha yangi ishlab chiqarish quvvatlari, texnik dastgohlar ishga tushirilsa, 1000 ta xodim ish bilan band bo‘lishi haqida to‘lqinlanib so‘zladi. «Biz uchun yaratilgan sharoitlar, bejirim ish liboslari, tekin tushlik tarqatilishidan mamnunmiz» - deydi Gulnora ismli tikuvchilardan biri. Muhimi, bu yerda o‘quv mashg‘ulotlari ham muntazam ravishda tizimli yo‘lga qo‘yilgani e’tiborga molik.  Andijondan kelgan ish ustalari bichuv-tikuv texnikasini ularga o‘rgatgani hamda o‘zlaridan ham shu yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislar yetishib chiqayotganini e’tirof etishdi. Hozirda kuniga 5000 ta trikotaj mahsulotlari tayyorlanishini, hatto eksportga chiqazishni ham boshlashayotganini eshitib mamnun bo‘ldik.

Biz qaysi mahalla, ta’lim muassasasi yoki madaniyat markazlarida bo‘lmaylik, aholining Prezident tashrifidagi e’tiborga molik mulohazalari haqida so‘z ochiladi. Hozirgi kunda "G‘arezsizlik" MFYda joylashgan Yoshlar texnoparkida 1200 nafardan ortiq yoshlar 9 turdagi o‘quv kurslarida tahsil olayotgani, davlatimiz rahbarining "Oltin sohil" mahallasida yuzu ko‘zlaridan nur yog‘ilib turgan otaxonlar va onaxonlar bilan qurgan dilkash suhbatlari borasida ayricha zavq bilan so‘zlashadi. Yangi O‘zbekiston yetakchisining mamlakatning yasharish, yashnash startini Mo‘ynoqdan boshlab berganini, buyuk qomusiy alloma Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050, kelgusi yili atoqli ma’rifatparvar shoir Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini keng nishonlanishini e’tirof etishdi.

Xalqparvar adib Berdaq bir paytlari «Mening musofir xalqimga, Yayrab-yashnar zamon kerak», — deb yozgandi. Bugungi kunda uning orzulari ushalganini qoraqalpoq qardoshlarimiz teran his etayotganlaridan mamnunmiz. Zeroki, Berdimurod Qarg‘aboy o‘g‘li Berdaqning o‘zi bunga javoban inson shijoati, hayot va taraqqiyot mohiyatini o‘tli satrlarda yozib ketgandi.

Yigit bo‘lsang arslon kabi tug‘ilgan,

Hamisha sen xizmat etgil xalq uchun,

Yigit bo‘lsang arslon kabi tug‘ilgan,

O‘zim demay, g‘amxo‘rlik qil xalq uchun.

Do‘stlik, qardoshlik rishtasini buzib, fisqu fasod bilan ish ko‘ruvchilardan ogoh qilish da’vati bor unda. Ittifoqlikka nifoq soluvchilar rizq-ro‘z, barakani uchirib, ezgulik ildiziga bolta uruvchilar ekanini uqtirmoqchi bo‘ladi adib, go‘yo.

Yigit kirmas fosiqlarning so‘ziga,

Aslo tushmas manmanlikning iziga,

G‘ayrat berib o‘lganicha o‘ziga,

Xizmat etar mudom qondosh xalq uchun…

Xalqchil adib umumbashariy g‘oyalardan so‘z ochadi, tinchlik, do‘stlik tuyg‘ularini qadrlaydi. Buni esa ko‘ngil ehtiyoji, jonu tan va qalb ozig‘i deb biladi.

Do‘stlik bilan har bir ishda shay tursang,

Jon ayamay el-yurt uchun ish qilsang,

Qayg‘ulanmay, ulug‘ ishga qo‘l ursang,

Shunda mening ko‘nglim o‘sar xalq uchun.

O‘zi orzu qilgan zamonni ko‘rishni taqdir unga nasib etmagan bo‘lsada, uning avlodlariga, izdoshlariga ko‘rish va huzurlanish baxti nasib etishiga ishonch bo‘lganini sezish qiyin emas. Uning qo‘lidagi qalami dilidagi alamiga elchi bo‘lgani haq.

Shoir edim, ko‘zim ko‘rganin yozdim,

Ko‘nglimning bilganin, sezganin yozdim,

Zamon jafosidan sarg‘aydim, ozdim,

Kelurmu deb yaxshi kunlar xalq uchun.

Xalqparvar adibning she’riyati, dunyoqarashi bilan tanishgan inson xalqchillik tushunchasining mohiyatini his etish asnosida «Xalq konstitutsiyasi xalqchil davlat sari» shiorining mazmun-mohiyatini ham teran idrok etadi.

Adib nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida tahsil olayotgan talabalardan tortib Ibroyim Yusupov nomidagi Ijod maktabining ijodkor o‘quvchilarigacha barchasi adib ijodiyotining davomchilari ekaniga shubha yo‘q.

Iqtidorli ijodkorlar Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Rustam Musurmon, professor, shoira Sayyora To‘ychiyeva, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir Bobur Bobomurodlar bilan Ruslan Tashimov direktorlik qilayotgan ijod maktabida bo‘lganimizda xuddi shu fikrga amin bo‘ldik. Nazmu nasrda ijod qilayotgan ijodkor o‘quvchilarning she’riyatga, adabyot va san’atga bo‘lgan mehrini ularning ijod namunalari bilan tanishish asnosida yana bir karra his etdik. Ijod maktabi direktori Ruslan Tashimov ijodkor o‘quvchilarning she’rlaridan tuzilgan «Ayoziy bog‘idan guldasta» deb nomlangan kitobni taqdim etarkan boshimiz ko‘kka yetdi, umidli yoshlarimizning istiqboliga ishonch hosil qildik.

Beruniy, Ellikqal’a va Xo‘jayli tumanlarida bo‘lganimizda ham ana shunday ko‘tarinki ruh va yangilanishlarni, yurt istiqboli uchun fidoyi va yakdillikni his etdik. Taniqli san’atkorlar Alisher Ro‘zmetov va Rustam Mirminovlarning dilgir taronalari qoraqalpoq qardoshlarimizning kayfiyatlarini ko‘tarinki, ruhiyatini tetik qilgani haq.

Biz respublikamiz poytaxtiga safarlarimiz zafarlarimizga aylanganiga ishonch hosil qilgan holda qaytib keldik.

Rahimboy Jumaniyozov

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, professor, «TIQXMMI» Milliy tadqiqot universiteti Matbuot xizmati rahbari

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring