Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Said-Abdulaziz Yusupov «Milliy tiklanish» partiyasining «duel»ga taklifini qabul qildi

Said-Abdulaziz Yusupov «Milliy tiklanish» partiyasining «duel»ga taklifini qabul qildi

Bir necha kun oldin O‘zAda O‘zLiDeP partiyasi vakili, O‘zbekiston bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish fondi rahbari Said-Abdulaziz Yusupov «Milliy tiklanish» partiyasi rahbariyatini siyosiy debatlarga tayyor emasligini bildirgan edi.

Shundan so‘ng partiya rahbarlari ushbu tanqidga raddiya berdi. Said-Abdulaziz Yusupov ushbu raddiyaga ham o‘z munosabatini bildirdi.


«Men teledebatga tayyorman!

«O‘zbekiston24» radiokanalidagi «Postskriptum» eshittirishi mobaynida «Milliy tiklanish» partiyasi vakillarining debatga tayyor emasligi haqidagi tanqidim ortidan «Milliy tiklanish» partiyasining «munosabati»ni hamda teledebatga chaqirig‘ini o‘qib, mamnuniyat bilan bu taklifni qabul qilganimni ma’lum qilaman.

Ammo, «Milliy tiklanish» partiyasi mansublariga debatoldi ba’zi fikrlarimni yetkazib qo‘yishni o‘z burchim deb bildim.

Birinchidan, muhtaram «Milliy tiklanish» partiyasi vakillari! Har bir siyosiy partiya uchun zarur bo‘lgan siyosiy iroda va siyosiy madaniyat degan tushunchalar bor. «Milliy tiklanish» nomi muqaddas nom. U o‘zida milliy ma’naviy, madaniy qadriyatlar singari bizni Biz qilgan, millatni ulug‘laydigan o‘ziga xoslikni anglatadi. Asosiy argumentlarimni teledebat uchun saqlab qo‘ygan holda, Sizning bir nuqtaga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Sizni debatga tayyor emas, deb baho berishimda avvalo hovliqmalik va asosiy masala qolib shaxsga o‘tib ketishingizni nazarda tutgandim. Kecha e’lon qilgan o‘z «munosabat»ingizda ayni xatolarga yo‘l qo‘ydingiz. Bir siyosiy partiya o‘laroq «o‘zingizga xos» xislat – hovliqmalik bilan mening bir dumalab «O‘zLiDep» a’zosiga aylanib qolganimni aytibsiz. Avvalo, agar Sizning partiyangizga a’zolik bir dumalab amalga oshirilsa, bizning partiyamizda bunday holat yo‘q! Bizning partiyamizga a’zo bo‘lishni istaganlar partiyamizning hududiy bo‘limiga kelib, ariza berish orqali a’zo bo‘lishadi. Ya’ni o‘z siyosiy irodasi bilan bizning partiyamizga a’zo bo‘lishadi, bir dumalab emas! Shaxsan mening qachondan beri bu partiyaga a’zo bo‘lganimni bilmoqchi bo‘lsangiz aytay: 25 noyabr 2017 yilda. A’zolik guvohnomamning raqami № 0387050. Bunga ham ishonmasangiz mana guvohnomamning rasmi.

Ikkinchidan, o‘z «munosabat-bayonot»ingiz orqali qo‘rqoq avval musht ko‘tarar deb boshlabsiz. Biz maktabda o‘qiganimizda, keyinchalik universitetda mantiq degan fanni o‘qiganmiz. O‘sha fanning ta’siri bo‘lsa kerak, aytayotgan gapimiz uchun mas’ullikdan tashqari uning qanchalik mantiqliligi xususida o‘ylab ko‘ramiz. Men bir partiya a’zosi sifatida, shunchaki emas, asossiz emas asosli ravishda (bu sabablarga teledebatda batafsil to‘xtalamiz hali!) tanqidiy fikr bildirishimga sabab bor edi. Diqqat qiling sabab deyapman, qo‘rquv emas! Men bir siyosiy partiya mansubi o‘laroq, boshqa partiya bo‘lgan Sizning partiyangizdan qanaqa qo‘rquvim bo‘lishi mumkin? Umuman, demokratik-huquqiy davlat fuqarosi sifatida qonun ustuvorligini hamda shaxs huquqlari ta’minlanayotgan bir jamiyatda yashab turib, qaysidir siyosiy partiyadan nega qo‘rqishim kerak? Agar Siz meni siyosiy qo‘rqoqlikda ayblayotgan ekansiz, demak Siz o‘z partiyangizni «qo‘rqituvchi» deb hisoblasangiz kerak yoki davlatimizda siyosiy partiyalar haqida keskin tanqidiy fikr bildirgan shaxs baribir qo‘rqib yashayotgan shaxs deb xulosa qilgan bo‘lib chiqasiz. Nima, men yashayotgan davlat avtoritar yoki totalitar davlatmiki, men siyosiy partiya vakillarini tanqid qilishdan qo‘rqay?!

Uchinchidan, siyosiy madaniyat degan tushuncha bor. Siz agar siyosiy partiya vakili bo‘lsangiz va o‘zingizni siyosiy madaniyatli deb hisoblasangiz, avvalo buning uchun madaniyatli shaxs bo‘lish kerak ekanligini bilishingiz darkor. Madaniyatli shaxs esa avvalo o‘z opponentiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi lozimligini bilishingiz shart! Bugun menga dabdurustdan telefon qilib «Milliy tiklanish» partiyasi bilan soat uchda radioda debat bo‘ladi, «Adolat» partiyasi vakili ham kelarkan qo‘llab-quvvatlashga «Milliy tiklanish»ni, borishingiz shart ekan deyishdi. Janoblar! Birinchidan, meni Siz teledebatga da’vat qilgandingiz, radio debatga emas! Ikkinchidan, men bilan debatga kirishmoqchi ekansiz, boshqa partiya vakilini taklif qilish orqali menga qarshi birga-bir emas, koalitsion hujum uyushtirmoqchimisiz? Marhamat unga ham tayyorman! Men hech qaysi partiya vakilini «qo‘shimcha kuch» sifatida chaqirmayman, mening fitratimda «kurash»ga birovga ishonib chiqish yo‘q! Uchinchidan, men mamnuniyat bilan yuqorida aytganim kabi teledebatga taklifingizni qabul qildim. Faqat bir madaniy inson o‘laroq «Milliy tiklanish» partiyasi rahbari, hurmatli Sarvar Otamurodov yoki ayni partiya mansubi, deputat hamda «Ma’naviyat va Ma’rifat» markazi rahbari, hurmatli Alisher Kadirov bilan o‘zlariga qulay paytda, ya’niki davlat topshiriqlari bilan viloyatlarga safaridan xoli bo‘lganlarida, tayyorlanishga imkon topganlarida debatga chiqishga taklif etaman. Jamiyatda va o‘z siyosiy elitasi manfaatlarida mas’ul bo‘lganlari «milliy ma’naviy ahvolimiz» mavzusida debat qilishga tayyorligimni bildiraman. Asosiy bitta talabim, teledebat onlayn tarzda efirga uzatilsa yoki onlayn tarzda internet kanallarida efirga uzatilsa bas! Samimiyat va jonlilikni ta’minlash uchun. Menimcha, taklif qilayotganim ikki nomzodning qaysi biri rozi bo‘lishidan qat’iy nazar, ularning ish grafigi oldindan to‘laligi, hamda mening ham xizmat safarlarim, rejalab qo‘ygan ishlarimni, eng asosiysi, jonli efir imkoniyatlarini tayyorlash uchun vaqt zarurligini hisobga olib 2018 yil oktyabrning 10–20 kunlari oralig‘ida o‘tkazishni taklif etaman (ayni onda boshqalardan farqli o‘laroq hovliqmalik qilmaslik maqsadida).

To‘rtinchidan, bir narsani yaxshi bilib oling, men deputat emasman, partiyamiz markaziy kengashi apparati mas’ul xodimi emasman. Ammo men «O‘zLiDep» partiyasi a’zosi, o‘z fitratim bilan liberal-demokratman! Sizning partiyangiz vakillarini keskin tanqidimdan maqsad saylovoldi kompaniyasida o‘zimni ko‘rsatish yoki deputatlikka nomzod sifatida tanilish yoxud boshqa bir siyosiy maqsadim yo‘q. Maqsadim bitta – mavjud muammo yuzasidan sog‘lom va madaniy bir shaklda munozara qilish!

Beshinchidan, unutmangki, bugun jamiyat taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Bu uchun barchamiz o‘z qadamlarimizni mas’uliyat va professionallik bilan qo‘yishimiz, ortiqcha ambitsiyalarga berilmasdan aql bilan ish ko‘rishimiz darkor. Bugun biz – qaysi partiya mansubi bo‘lishimizdan qat’iy nazar, debat yoki munozaralarni bir-birini yomonlash, shaxsni haqorat qilish uchun, kamsitish uchun emas, sog‘lom fikr almashish hamda sog‘lom bahs orqali plyuralizmni shakllantirish uchun kerak.

Umid qilamanki, opponent taraf vakillari, siyosiy madaniyatga amal qilgani holda onlayn teledebatga taklif qilgan tomon majburiyati sifatida tashkiliy ishlarni o‘z zimmalariga olishadi hamda kamida besh kun oldin rasman taklif etishadi.

Hurmat va samimyat bilan o‘z ehtiromimni bildirgan holda,
Said-Abdulaziz Yusupov»

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring