Saida Mirziyoyeva: «Rahbarlar ushbu muhim masalaga jiddiy e’tibor qaratmayapti»

O‘tgan haftada O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva matbuot xizmatlari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilganini bildirgan edi.
Ushbu xabardan so‘ng «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar va boshqa tashkilotlarning jamoatchilik bilan o‘zaro hamkorligini tubdan takomillashtirish hamda matbuot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori loyihasi jamoatchilik, ayniqsa, jurnalistlar o‘rtasida jiddiy muhokamalarga sabab bo‘ldi. Kimdir endi jurnalistlar uchun, nihoyat, davlat organlaridan ma’lumotlar olish osonlashishi mumkinligini ta’kidlagan bo‘lsa, yana kimdir jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishiga ishonchsizroq qarashini bildirdi.
Yillar davomida tashkilotdagi mavqei haminqadar bo‘lib kelgan va e’tiborsiz munosabatda bo‘lgan matbuot xizmatlari esa bu loyihani iliq kutib olgani aniq. Chunki ushbu hujjat ularning ko‘plab muammolarini hal qilishi mumkin. Ya’ni unda matbuot xizmatlarini davlat organlari va jamiyat o‘rtasidagi haqiqiy ishonchli ko‘prikka aylantirish, matbuot kotibi mavqeini oshirish, xizmatlarning kadrlar salohiyati va moddiy-texnika ta’minotini kuchaytirish va boshqa masalalar qamrab olingan.
Xo‘sh, vaziyat o‘zgaradimi? Muammolar chuqur o‘rganilib, yechimlar aniq belgilanmoqdami? Soha vakillarining shu kabi savollariga mufassal javob talab qilinayotgandi.
Bugun, 28-may kuni Toshkentdagi «Hyatt Regency» mehmonxonasida bo‘lib o‘tayotgan «OAV sohasida milliy qonunchilikni yanada takomillashtirishning dolzarb masalalari» mavzusida respublika konferensiyasida Saida Mirziyoyeva yuqorida tilga olingan mavzuni davom ettirib, jiddiy va salmoqli chiqish qildi. Uning ma’ruzasi ko‘pgina savollarga oydinlik kiritdi.
«O‘tkazilgan tahlillar va o‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ushbu sohada eng asosiy muammo — bugungi kunda yagona davlat axborot siyosati to‘g‘risidagi konseptual hujjatning mavjud emasligidir, — dedi Saida Mirziyoyeva. — Hozirda ushbu hujjat tayyorlanmoqda. Ammo uni amalga oshiruvchi axborot xizmatlarining faoliyati bugungi islohotlar talabiga javob beradimi? Ular ishini yanada faollashtirish va takomillashtirish uchun nimalar to‘siq bo‘lmoqda? Bu savollar dolzarb bo‘lib qolmoqda. Afsuski, ularning ish yuritish tartibi, axborot tarqatish usul va mexanizmlari zamon talablariga mutlaqo mos emas».
AOKA direktori o‘rinbosari yana bir muhim masalaga e’tiborni qaratdi.
«Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklarida axborot xizmatlari deyarli faoliyat olib bormayapti. Ish hajmlarining ko‘pligi va qo‘shimcha topshiriqlar bilan bandligi sababli axborot xizmatlari faoliyati qoniqarsiz ahvolda qolib ketmoqda. Bundan tashqari, o‘ndan ortiq respublika darajasidagi davlat tashkilotlarida hamda 200 ga yaqin tuman va shahar hokimliklarida haligacha axborot xizmatlari faoliyati tashkil etilmagan. Umuman olganda, davlat tashkilotlarida axborot xizmatlariga yetarlicha shtat birliklari ajratilmagani sababli ishlar nihoyatda sust olib borilmoqda, ularning mavqei hanuz pastligicha qolmoqda. Ko‘pgina davlat organlarining rahbarlari ushbu muhim masalaga jiddiy e’tibor qaratmayapti, axborot xizmatlarining moddiy-texnik bazasi yaratilmagan, shtatlar malakali mutaxassislar bilan to‘ldirilmagan», — dedi Saida Mirziyoyeva.
Qayd etilishicha, ko‘plab davlat organlarining veb-saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifaalari, messenjerlar orqali tezkor axborot tarqatish ishlari oqsamokda. Oqibatda davlat organlarining internet tarmog‘idagi rasmiy manbalaridan foydalanuvchilar soni nihoyatda kamligicha qolmoqda.
Ularning veb-saytlariga kiruvchilarning umumiy soni 400 ming, «Feysbuk» ijtimoiy tarmog‘idagi sahifalari a’zolari 150 ming, «Telegram»dagi a’zolari 300 ming nafardan oshmaydi. O‘zbekistonda internetdan foydalanuvchilar soni 20 milliondan ortiq ekanini hisobga olinsa, yuqoridagi ko‘rsatkichlardan xulosa chiqarib olish mumkin bo‘ladi.
«Bu esa o‘z navbatida, yurtdoshlarimizning o‘zini qiziqtirgan axborotlarni xorijiy manbalardan izlashga yoki muammoli murojaatlarini chet el ommaviy axborot vositalari orqali chop ettirib, davlat idoralari e’tiborini jalb qilishiga olib kelmoqda.
Qolaversa, Prezident yoki Hukumat tomonidan qabul qilinayotgan farmon va qarorlar, dolzarb tashabbuslar va dasturlarning asosiy mohiyati va tafsilotlari aholiga to‘laqonli yetkazib berilmayapti, xorijda ham tahliliy jihatdan yoritilmayapti.
Agar har qaysi davlat organlari rahbarlari o‘z ishi samaradorligini ta’minlamoqchi bo‘lsa, albatta, birinchi navbatda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan faol muloqot qilishi talab etiladi. Buning uchun axborot xizmatlari ishini tubdan takomillashtirish lozim», — dedi ma’ruzachi va bu borada amalga oshirishili lozim bo‘lgan kechiktirib bo‘lmas vazifalarni sanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter