Samarqanddagi «ajabtovur» binoni buzish boshlandi

Samarqand tumani «Jo‘yisoy» mahallasida fuqaro F.Xalilov tomonidan o‘z uyining bir qismini buzib, o‘rniga mehmonxona qurilishi hech qanday shaharsozlik hujjatlari rasmiylashtirilmasdan amalga oshirilgan.
Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinayotgan «qo‘ziqorin uy» yuzasidan bildirilgan rasmiy munosabatida ma’lum qildi.
Vazirlikka ko‘ra, mazkur bino qurilishi jarayonida bir necha bor ogohlantirilgan, biroq shunga qaramasdan mulk egasi qurilishni noqonuniy davom ettirgan.
Xususan, bino qurilishiida quyidagi bir qator kamchiliklar aniqlangan:
- Qurilishga ruxsat beruvchi Samarqand tumani hokimining qarori yoki tuman qurilish bo‘limining ruxsatnomasi mavjud emas;
- Arxitektura rejalashtirish topshirig‘i (APZ) mavjud emas;
- muhandislik geologiyasi, loyiha-smeta hujjatlari to‘liq ishlab chiqilmagan hamda tasdiqlanmagan;
- belgilangan tartibda shaharsozlik kengashidan o‘tmagan;
- mehmonxona majmuasi obekti bosh rejasini naturaga ko‘chirish dalolatnomasi rasmiylashtirilmagan (ShNQ 3.01.01-03ning 2.4 bandi bajarilmagan);
- qurilish obektida foydalanilgan qurilish materiallarining talablarga muvofiqligi to‘g‘risidagi pasport va sertifikatlari taqdim etilmagan;
- ShNQ3.01.01-03 ning 7.8,9.9 bandlariga asosan yopiq ishlarni guvohlash dalolatnomalari taqdim etilmagan;
- mutaxassislar tomonidan binoning seysmologik jihatdan talablarga javob bermasligi ham aniqlangan.
Shuningdek, yuqoridagi kamchiliklar mavjud bo‘lsada, qurilishga ruxsat beruvchi boshlang‘ich shaharsozlik hujjatlari rasmiylashtirilmagan bo‘lsa ham qurilish-montaj ishlari konstruksiyalar bitgandan so‘ng «Konstant Proyekt» MChJ tomonidan loyiha hujjatlari to‘liq ishlab chiqilmagan. «Triumf Proyekt» MChJ xususiy ekspertiza tashkiloti tomonidan esa to‘liq ishlab chiqilmagan loyiha hujjatlariga birlamchi ruxsat beruvchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan holda xulosa berilgan.
«O‘zog‘irsanoatloyiha» instituti AJ va hududiy inspeksiya xodimlari tomonidan 2022 yil 6 may kuni binoning seysmik holati o‘rganib chiqilib, institutning xulosasiga asosan binoning QMQ, ShNQ talablariga javob bermasligi va kolonnalarning ayrim joylari darz ketganligi o‘z tasdig‘ini topgan hamda binoni buzish bo‘yicha xulosa berilgan.
Ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘layotgan bu bino bo‘yicha Respublika komissiyasi xulosasi va 2022 yilning 6 iyul kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudi tomonidan F.Xalilovga Samarqand tumani «Jo‘yisoy» MFY hududidagi o‘ziga tegishli bo‘lgan o‘zboshimchalik bilan noqonuniy ravishda qurilgan 12 qavatli bino-inshoot (mehmonxona)ni o‘z hisobidan buzishi to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqarilgan va ijro uchun yuborilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter