Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sardoba suv ombori qanday tiklanayotgani haqida ma’lumot berildi (foto)

Sardoba suv ombori qanday tiklanayotgani haqida ma’lumot berildi (foto)

Prezident Shavkat Mirziyoyev Sardoba suv omborining tiklanishini kuzatish uchun Sirdaryo viloyatiga yetib borgani xabar qilingan edi. Prezident matbuot xizmati tomonidan bu borada batafsil ma’lumot berildi.

«Prezidentimiz hodisa yuz bergan dastlabki soatlardayoq bu yerga zudlik bilan yetib kelib, odamlarga hamdard va yelkadosh bo‘lgani, «talafot oqibatlarini qisqa vaqtda bartaraf etamiz, jabr ko‘rgan har bir inson, har bir xonadonga albatta yordam beramiz», degan so‘zlari Sirdaryo ahliga juda katta madad va dalda berdi.

Davlatimiz rahbari ikki kun davomida viloyatda qolib, vaziyatni barqarorlashtirish ishlariga shaxsan bosh-qosh bo‘ldi. Shu bois ham xalqimiz bu kutilmagan tabiiy ofat oldida o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi. Hamma bir tanu bir jon bo‘lib, hududda normal hayotni tiklash borasida faollik va fidoyilik ko‘rsatmoqda.

Shavkat Mirziyoyev bugun ham Sirdaryo viloyatida bo‘lib, Sardoba suv ombori hududida amalga oshirilayotgan tiklash-ta’mirlash ishlari bilan yaqindan tanishdi.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytish lozimki, mazkur suv inshooti Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridagi 6 ta tuman ekin maydonlarini suv bilan ta’minlash maqsadida barpo etilgan. Hozirgi vaqtda toshqin yuz bergan joyda 2 ta brigada tashkil etilib, to‘g‘on yorig‘ining chap va o‘ng qirg‘oqlarida jadal ish olib borilmoqda. Bu jarayonga yuzlab malakali mutaxassislar, mingdan ortiq maxsus texnikalar jalb etilgan. Katta harsang toshlar, beton bloklar va plitalar, boshqa tegishli qurilish materiallari keltirilib, to‘g‘on oldida yarim aylana shaklida to‘siq devor barpo etilmoqda. Ishchi-muhandislar, haydovchilar uchun barcha sharoit yaratilib, sa’y-harakatlar kechayu kunduz tashkil etilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bajarilgan ishlarni sinchiklab ko‘zdan kechirib, mutasaddi rahbarlar va mutaxassislarga zarur ko‘rsatmalar berdi.

Ma’lumki, suv toshqini asosan Sirdaryo viloyatining Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlari aholi punktlari va ekinzorlariga zarar yetkazgan. Hukumat komissiyasi tomonidan amalga oshirilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida ushbu tumanlardagi 22 ta qishloqdan jami 60 mingdan ziyod aholi evakuatsiya qilingan edi».

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring