Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston Haj bitimi imzoladi

Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston Haj bitimi imzoladi

Foto: O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston 1444 hijriy yil Haj mavsumiga tayyorgarlik doirasida bitim imzoladi. Bu haqda Saudiya elchixonasi matbuot xizmati «Xabar.uz»ga ma’lum qildi.

Jidda shahrida 8 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan rasmiy uchrashuvda ma’qullangan ushbu hujjatda «Nigoh–2030» dasturi ijrosi yo‘lida Rahmonning mehmonlari – hojilarning ziyoratini yengillashtirish va ularga ko‘rsatiladigan xizmat sifatini oshirish ko‘zda tutilgan.

Jidda shahrida Saudiya Arabistoni podshohligi Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia hamda O‘zbekiston prezidenti maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev va O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari uchrashgan. Unda o‘zaro aloqalarning istiqbollari, xususan, 2023-yilgi Haj mavsumini yuqori darajada tashkil etish masalalari muhokama qilingan.

Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov so‘nggi yillarda o‘zaro aloqalar taraqqiy etayotgani, prezident Shavkat Mirziyoyev 2022-yil avgust oyida podshohlikka davlat tashrifini amalga oshirganini yodga olgan.

O‘z navbatida Saudiya vaziri podshohlik fuqarolari uchun O‘zbekistonga safar qilishda vizasiz tizim joriy etilganini ijobiy baholagan.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev Ikki muqaddas masjid xodimi, podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saud va valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon Ol Saudga ziyoratchilarga ko‘rasatilayotgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirgan.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmatiga ko‘ra, muzokaralarda Madina shahridagi Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam siyratlariga oid innovatsion muzey kabi Samarqand viloyati Imom Buxoriy majmuasida ham buyuk muhaddis hayoti va ijodiga bag‘ishlangan muzey barpo etish ishlari jadal davom ettirilayotgani bayon qilingan. Saudiya vaziri muzeyning ochilish marosimiga borish niyatida ekanini ma’lum qilgan.

Avval xabar berganimizdek, 2022-yil sentyabr oyida Saudiya Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia mamlakatimizga tashrif buyurgan edi. Yuqori martabali mehmonni prezident Shavkat Mirziyoyev qabul qilgandi.

Suhbat chog‘i O‘zbekiston fuqarolari uchun yillik haj kvotasini ikki barobar – 24 ming nafargacha, umra kvotasini esa 100 ming nafargacha oshirish yuzasidan kelishuvga erishilgan.

Saudiya vaziri podshohlikda ham O‘zbekistondagi tarixiy maskanlarni ziyorat qilishga qiziqish oshib borayotganini ta’kidlagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring