Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Senat raisi Tanzila Norboyeva chirchiqlik bosh shifokor hibsga olinishini ma’qul ish deb hisoblamadi

Senat raisi Tanzila Norboyeva chirchiqlik bosh shifokor hibsga olinishini ma’qul ish deb hisoblamadi

Foto:«Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasining bosh shifokori — viloyat bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva hibsga olinganini ma’qullamadi.

Parlament yuqori palatasi rahbari Namangan viloyatiga qilgan safari davomida ommmaviy axborot vositalari xodimlari bilan bo‘lgan suhbatda «bosh shifokor ishi»ga munosabat bildirar ekan, jumladan shunday degan: «Bu juda ham og‘ir masala. Og‘ir jinoyat qilganlar ham chetga chiqib ketmaslik sharti bilan uyda saqlanadi, bolasining oldida, oilasida bo‘ladi. Shu nuqtayi nazardan, uning jinoyati qanchalik og‘ir yoki og‘ir emasligiga hozir baho bera olmayman, lekin ayol kishi, kichkina bolasi borligini e’tiborga olib, hozircha qamoqqa olmaslik ham mumkin edi, qachonki sud qaror chiqarmagunicha».

Kuni kecha «Kun.uz» sayti o‘z manbalariga tayanib, Senatning sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Botir Matmuratov Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva ishi bo‘yicha Bosh prokuratura rasmiylari bilan suhbatlashgani, ayolga nisbatan qo‘llangan «qamoq» ehtiyot chorasi o‘zgartirilishi lozimligi haqida fikr bildirganini ma’lum qilgandi.

Guljahon Yo‘ldoshevaning boshida qora bulutlar «Kun.uz» saytiga intervyusida berganidan so‘ng boshlanganiga tobora shubha qolmayotir. O‘shanda u o‘zi boshchilik qilgan kasalxonaga kerakli tibbiy uskunalar ajratilmayotgani, koronavirusga chalingan bemorlarni o‘zi va oilasi hayotini xavf ostiga qo‘yib davolagan tibbiyot xodimlarining mehnati munosib rag‘batlantirilmayotgani, og‘ir vaziyatlarda Toshkent viloyati tibbiyot boshqarmasi tomonidan zarur yordam berilmagani haqida ro‘y-rost gapirgandi.

Shundan keyin Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasiga ustma-ust tekshiruvchilar kela boshlaydi.

Ko‘p o‘tmay G. Yo‘ldosheva hisbga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur xabarlar ortidan Bosh prokuratura bayonot berib, bosh shifokorga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi va 207-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, biroq G. Yo‘ldosheva bir necha marotaba tergovga chaqirilganligiga qaramasdan uzrli sabablarsiz ko‘rsatilgan muddatlarda kelmagani sabab u majburiy tartibda tergovga olib kelinib, pirovardida, hisbga olinganini ma’lum qilinadi.

Bosh prokuratura bayonoti hali «sovub ulgurmay» Chirchiq shahar prokurori B. Ibrohimov (tergov harakatlari aynan Chirchiq shahar prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda!) OAV orqali chiqish qilib, ayblovlar go‘yoki tasdiqlanganini bildiradi. Prokurorning bunday xatti-harakati jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘ldi. Chunki, u mazkur chiqishi bilan suddan avval «hukm» o‘qishi barobarida aybsizlik prezumpsiyasi tamoyilini ochiqdan ochiq toptab tashlagandi-da.

G. Yo‘ldoshevning advokati esa himoyasidagi shaxs aybsiz ekani, tergov harakatlari noxolis olib borilayotganini ta’kidlamoqda.

Ayni paytda hibsda saqlanayotgan G. Yo‘ldoshevaning olti nafar voyaga yetmagan farzandlari bor. Ularning kenjasi endigina ikki yoshga to‘lgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring