Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Senator maktab o‘quvchilari uchun stipendiya ta’sis etdi

Senator maktab o‘quvchilari uchun stipendiya ta’sis etdi

Foto: «Senat.uz»

Yaqinda Oliy Majlis Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Nosirbek Abdullaxanov xalq deputatlari Namangan shahar Kengashi deputatlari va doimiy komissiyalari raislari, viloyat mahalliy Kengashi kotibiyati hamda siyosiy partiyalar vakillari bilan uchrashib, bir qator dolzarb masalalarga e’tibor qaratgan edi. Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning sifatli ta’lim olishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish shular jumlasidandir.

Qolaversa, deputat Sh.Qayumov o‘z saylov okrugi hududida joylashgan maktablarni o‘rganish jarayonida ta’lim sifati talabga javob bermasligini, 46-sonli umumta’lim maktabida so‘nggi 30 yil ichida atigi 26 nafar bola oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga qabul qilinganini ta’kidlagandi.

Kuni kecha Oliy Majlis Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari N.Abdullaxanov tomonidan mahalliy Kengash deputatlari, xalq ta’limi boshqarmasi mas’ullari bilan birgalikda mazkur ta’lim muassasasida o‘rganish olib borildi. O‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishilib, kamchilik va muammolarga e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari, mahalliy Kengashlar deputatlari, xalq ta’limi boshqarmasi mutasaddilari, o‘qituvchilar va ota-onalar bilan maslahatlashgan holda mazkur maktabda «onalar soati» tashkil etildi. Unda onalar bevosita dars jarayonlarini kuzatishi qatorida farzandining o‘zlashtirishi, pedagoglarning malakasi, ta’lim sifati haqida xabardor bo‘lishi mumkin. Bu amaliyot Respublikada birinchi marta tajriba sifatida ushbu ta’lim muassasasida joriy etilmoqda.

Shu bilan birga, malakali o‘qituvchilar tomonidan o‘quvchilarga beshta fandan bepul to‘garaklar o‘tilishi yo‘lga qo‘yildi. Sinf xonalari esa shu to‘garak o‘tkaziladigan fanga mos tarzda jihozlanadigan bo‘ldi. Shuningdek, eng faol o‘qituvchilarga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Yana bir jihat. Oliy Majlis Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari N.Abdullaxanov Namangan shahridagi mazkur 46-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchilari uchun «senator stipendiyasi»ni ta’sis etdi. Har oy maktabning 10 nafar o‘quvchisi ushbu stipendiyaga ega bo‘lishi mumkin. Bu esa ularning yaxshi ko‘rsatkichlar uchun intilishiga olib keladi. Qolaversa, o‘quvchi-yoshlar uchun kichik rag‘bat bo‘ladi, desak mubolag‘a emas, deb yozadi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring