Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Shaffoflik, hisobdorlik va erkin axborot». YIning maxsus vakili demokratiyaning muhim shartiga e’tibor qaratdi

«Shaffoflik, hisobdorlik va erkin axborot». YIning maxsus vakili demokratiyaning muhim shartiga e’tibor qaratdi

Inqirozli vaziyatlarda ommaviy axborot vositalari haqqoniy axborot manbasi sifatida hal qiluvchi rol o‘ynashi lozim. Bu haqda Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Eduards Stiprays Ostona shahrida 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan «Raqamli muhit: sun’iy intellekt va axborot manipulyasiyasi zamonida onlayn faoliyat» mavzusidagi III mediaforumda so‘zlagan nutqida ta’kidladi.

«Ommaviy axborot vositalari axboriy jihatdan uyg‘oq jamiyatni shakllantirish va demokratiyani mustahkamlashda o‘ta muhim o‘rin tutadi. OAV shaffoflik, hisobdorlik va erkin axborot oqimini ta’minlagan holda fuqarolar orasida, shuningdek, aholi va institutlar o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘taydi. Axborot agentliklari turli nuqtai nazarlarni taqdim etarkan, hamjamiyatlar o‘rtasida o‘zaro tushunish va muloqotni kuchaytiradi», — dedi YIning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Eduards Stiprays.

Sun’iy intellekt vositasida amalga oshirilayotgan manipulyasiya, raqamli tahdidlar va dezinformatsiya kabi muammolarga e’tibor qaratgan yuqori martabali diplomat YI mintaqa davlatlari bilan bu borada ham hamkorlikni kuchaytirayotganini qayd etdi.

«YI va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlik haqida so‘z borganda, yangiliklar sarlavhalarida asosan bizning infratuzilma va jismoniy robitalar yo‘nalishidagi qo‘shma tashabbuslarimiz ustunlik qiladi. Aslida, bizning hamkorligimiz OAV bilan o‘zaro aloqalarni ham qamraydi. YI Markaziy Osiyodagi hamkorlar bilan mediasavodxonlikni oshirish, faktlarni tekshirish ko‘nikmasini takomillashtirish va sun’iy intellektdan foydalanishda axloqiy me’yorlarni ilgari surishda ham yelkama-yelka ishlamoqda», — dedi  Eduards Stiprays.

Ta’kidlanishicha, ushbu xatti-harakatlar YIning inson huquqlari va asosiy erkinliklarni himoya qilish, ochiq jamiyatni dastaklash, Markaziy Osiyoda o‘zaro manfaat hamda mushtarak qadriyatlarga asoslangan hamkorlik robitalarini mustahkamlash kabi strategik maqsadlariga uyg‘undir.

Jumladan, Markaziy Osiyoda raqamli muhit bo‘yicha tashabbus raqamli tengsizlikka barham berish barobarida iqtisodiyotda ham ijobiy o‘sish sur’atlarini ta’minlashga qaratilgandir. 

«Dezinformatsiya va ta’sir ko‘rsatishga urinishlar xuddi javob choralari kabi milliy chegaralarni-da oshib o‘tmoqda. Markaziy Osiyodagi media hamjamiyatlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash ushbu tahdidlar ko‘lamini kamaytirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. YI Markaziy Osiyoda so‘z erkinligi va raqamli barqarorlik masalalarida ishonchli va uzoq muddatli hamkorlik bo‘lib qoladi», — dedi YI maxsus vakili.

YIning Qozog‘istondagi delegatsiyasi Maqsud Narikbayev nomidagi universitet bilan hamkorlikda tashkil etgan ilmiy-amaliy anjumanda Markaziy Osiyo davlatlarida faoliyat yuritib kelayotgan 100 ga yaqin ekspertlar, jurnalistlar, fuqarolik jamiyati namoyandalari va ilmiy tadqiqotchilar ishtirok etdi.

III mintaqaviy mediaforum sun’iy intellekt texnologiyalarining jurnalistika va siyosatga ta’siri, axborot manipulyasiyasi, ob’yektiv va haqqoniy axborot muhitini shakllantirish kabi mavzularda o‘zaro tajriba almashuv, yangi bilimlar bilan o‘rtoqlashuv va ilmiy-amaliy ko‘nikmalarni oshirish bo‘yicha maydon vazifasini o‘tadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring