Sharof Boshbekovning 48 yillik muhabbati…

Yurtimizda yozuvchi-ijodkorlarning safi ham keng, asarlari ham ko‘p. Ular orasida iste’dodli dramaturg, Davlat mukofoti sovrindori, «Mehnat shuhrati» ordeni sohibi Sharof Boshbekovning o‘rni ham, asarlari ham salmoqli. Uning bir nechta asarlari, ayniqsa, «Temir xotin» pesasi dramaturgga katta shuhrat keltirdi. Loyihamizning bugungi mehmoni katta iste’dod egasi bo‘lgan Sharof Boshbekovning rafiqasi – butun hayotning ma’nosini, ijod lazzatini, kasb shon-shuhrati, huzur-halovat va baxtini turmush o‘rtog‘ining birgina tabassumida, salomatligida deb bilgan mehribon ayol Mavjuda opa Saidamin qizi.
– Mavjuda opa, siz o‘zbekning baxtiyor ayollaridan birisiz. Xalqimizning ardoqli dramaturgi Sharof Boshbekovning sevimli turmush o‘rtog‘isiz. Yurtini, ona tuprog‘ini, oilasini, farzandlarini yurakdan sevadigan, turmush o‘rtog‘ini e’zozlaydigan insonga rafiqa bo‘lish ayol uchun baxt, toledir. Ustoz samarqandlik, siz toshkentliksiz, hayot sizlarning umr yo‘llaringizni qay yo‘sinda bog‘lagan edi?
– Men o‘rta maktabni tugatib, Toshkent Teatr va rassomchilik institutiga o‘qishga kirgach, 15 kun o‘qiganimizdan so‘ng paxtaga jo‘natib yuborishdi.
Xulas, paxta dalasiga borib, etak taqib, birin-ketin qatorlarga tushdik. Men qishloqda o‘sganman. Yonimdagi dugonam shaharlik bo‘lgani uchun paxta terish sir-asrorini bilmay, ancha qiynaldi. Nuqul «Voy-bo‘y, buni qanday teradi», derdi. Nihoyat yonidagi egatda paxta terayotgan yigitning rahmi keldi shekilli, yordamga shoshildi. Dugonam chiroyli, ko‘hlik qiz, yigit esa juda hazilkash ekan. Uni har xil hazil-huzul gaplar, hangomalar aytib, kuldira boshladi. «Men sizni bir ko‘rishda sevib qoldim, paxtadan keyin to‘y qilsak, nima deysiz? Men sizga uylansam, do‘stim Sharof dugonangizga uylansa, qo‘shaloq to‘y qilardik-da, zo‘r bo‘lardi!» dedi. Men ulardan ancha ildamlab ketgan bo‘lsam ham, bu gapni eshitib, jahl bilan qaddimni rostlab: «Voy, menga kim uylanar ekan?! Maktabda sal hazil qiladigan o‘g‘il bolalarning adabini bergan qizga-ya?!» dedim. Bu gapimdan keyin u yigitning narigi tomonida paxta terayotgan do‘sti ham qaddini ko‘tarib, menga qaradi. Ozg‘in, qorachadan kelgan, qora sochli, qora ko‘z, qora qosh yigit egniga qizil katak-katak ko‘ylak kiyib olgan edi...
Paxta mavsumi o‘tib, institutga qaytgach, vaqtimiz o‘qish, dars tayyorlash, repetitsiyalar bilan o‘tardi. Bir kuni rejissyorlik fakultetidagi bir yigit diplom ishi topshirishi kerak ekan. U «Nomus» spektaklini sahnalashtirmoqchi edi. Bosh rolga meni taklif qildi. Partnyorim o‘sha yigit ekan. Shu-shu, u bilan salom-alik qiladigan, keyinchalik suhbatlashadigan bo‘ldik, ancha do‘stlashib qoldik. U mutlaqo boshqalarga o‘xshamas, jiddiy, orzulari, maqsadlari aniq yigit edi. A’lo baholarga o‘qirdi. Uning teran fikrlashi, hayotga qarashlari menga juda ma’qul kelgandi.
– Samarqandga kelin bo‘lish sizni cho‘chitmadimi? Darvoqe, ota-onangizdan oq fotiha olish ham oson bo‘lmagandir?
– Institutni bitirgach, kursimiz bilan Samarqandga ishga yuborishdi. Bu paytda bizning munosabatlarimiz muhabbat rishtalari bilan bog‘langan edi. Xayrlashayotganda «Otam juda qattiqqo‘l odam. Kimga bersa, o‘shanga turmushga chiqaman», dedim. Shu ketishda to‘rt oy Samarqandda qolib ketdik. Kelsam, Sharof akam uyga sovchi jo‘natibdilar. Dadam esa «Yo‘q, qizimni toshkentlikka beraman, boshqa viloyatga qiz bermayman», deb rozi bo‘lmabdilar. Ammo qaynotam ham o‘g‘li kabi tutgan joyidan kesadigan, boshlagan ishini oxiriga yetkazmaguncha tinchimaydigan, juda o‘jar odam ekanlar. «Yo‘q» javobini olsalar ham uyimizga kelaveribdilar. Baribir natija chiqmagach, oxiri Sharof akamning o‘zi uyimizga kelibdilar. O‘shanda dadamga: «Nega qizingizni menga bermayapsiz? Men uni yaxshi ko‘raman, baxtli qilaman», debdilar. Kuyov bo‘lmishning shiddatini ko‘rgan dadam noiloj qolgach, shart qo‘yibdilar: «Agar bir umr Toshkentda yashasangiz, rozi bo‘laman». Qaynotam ham «Beshta o‘g‘lim bor, bittasi Toshkentda yashasa yashabdi-da», degan ekanlar o‘shanda.
Shu bilan to‘y harakatlari boshlanib ketdi. Sharof akam va’dasiga vafo qilib, to‘yni Toshkentda o‘tkazdi va biz shaharda yashab qoldik. Samarqandga faqat mehmon bo‘lib borardik. Samarqandlik qarindoshlarim meni juda yaxshi qabul qilishgan, mening ham ularga mehrim, hurmatim baland.
– Turmush o‘rtog‘ingizning oilasi, u kamol topgan muhit, bolaligi, yoshligi, sho‘xliklari va qiziqishlari haqida qanday ma’lumotlarga egasiz?
– Sharof akamning bolaligi Samarqand viloyatining Jomboy tumanidagi G‘ubur qishlog‘ida o‘tgan. Mehmondorchilikda yurishga Sharofu kishining vaqti bo‘lmas edi, ammo men qishloqqa borishni yaxshi ko‘rardim. Otam (qaynotam) rahmatli bilan juda ko‘p suhbatlashib o‘tirardik. Hatto ularning yetti avlodining ismi va hayotlari qanday kechganini bilaman desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Otamning hikoya qilishlaricha, Sharof akam tug‘ilishi Sharof Rashidov bilan otamning baxshi Fozil Yo‘ldoshning uyiga mehmonga borishgan vaqtiga to‘g‘ri kelgan ekan. Mehmondorchilik qilib o‘tirishgan kechada qor shunday yoqqan ekanki, qalinligidan eshik ochilmagan ekan. Shu payt bir otliq kelib, eshikni ocholmay, derazadan «Boshbek aka, o‘g‘illi bo‘ldingiz», deb xushxabar yetkazgan ekan. Shunda otam Fozil Yo‘ldoshga «Siz hurmatli odamsiz, o‘g‘limga ism qo‘yib bering», degan ekanlar. Fozil Yo‘ldosh esa «Mana, Sharof Rashidov – yaxshi inson. Unga o‘xshab yaxshi yozuvchi bo‘lib yursin», degan va mehmonga qarab, «Sharofjon, rozimisiz?» deganida, u kishining mamnuniyat bilan rozi bo‘lganini otam ko‘p bora zavqlanib aytib berganlar.
Sharof akam maktabda a’lo o‘qiganlar. Bolalikdan san’atga qiziqishlari katta bo‘lgani uchun musiqiy bilim yurtiga o‘qishga kirganlar. Shu sababdan Sharof akam barcha cholg‘u asboblarini, ayniqsa, pianinoni juda mahorat bilan chalardilar. Ovozlari ham yoqimli va shirali edi. Shuning uchun ham musiqali drama fakultetiga eng yuqori ball bilan o‘qishga kirganlar.
– To‘ydan keyin o‘z shahringizda yashab turib ham musofirlik qismatini, qiyinchiliklarni boshdan kechirgan ekansiz-a? Keyinchalik Sirdaryoda ham. To‘g‘rimi?
– Yo‘q, aksincha, biz hech qachon qiyinchilikni his qilmaganmiz. Chunki Sharof akam juda omadli odam edilar. Turmush qurganimizdan keyin uni institutdan Guliston teatriga ishga yuborishdi. U yerda teatrdan uy berishdi. Guliston teatrida 5 yil ishladik. Keyin Sharof akamning birinchi «Taqdir eshigi» pesasini vazirlik qabul qilib, Toshkentga ishga chaqirishgan. Toshkentga qaytgach, 5 yil ijarada yashadik…
Toshkentga kelganimizga 4 yil bo‘lgach, o‘sha davrda vazir o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Rahima Nazarova 3 bolamiz bilan ijarada yashayotganimizdan xabar topib, Sharof akamning nomiga uy olishga muvaffaq bo‘ldik. Ammo bu uyni Muqimiy teatrining o‘sha paytdagi rahbarlari boshqa odamga sotib yuborishgan ekan. Bundan xabar topgan Rahima opa ularni jazolamoqchi bo‘lganlarida, Sharof akam qarshilik qilganlar. Birga ishlaydigan odamlarga yomonlik qilishni istamadilar, hatto uyimizni sotib olgan yigitni ham tabriklab qo‘yganlar. «Mendan qochib yurma, uy senga buyurgan ekan, haloling bo‘lsin», deganlar. Xafa bo‘lganimda, «Sabr qilsak, Alloh bizga ham uy berib qolar, u uy 9-qavatda ekan, lifti buzilib qolsa, chiqishga qiynalib qolamiz», deb meni yupatgan edilar.
Aytganlariday, oradan bir yil vaqt o‘tib, Yozuvchilar uyushmasidan uy berishdi, 1-qavatdan, 4 xonali!
– Sevgan insoningiz bilan barcha mashaqqatlarni birga yengib, hayotingizni davom ettirar ekansiz, nimalarni anglab yetdingiz, nimalarga ishonch hosil qildingiz?
– Albatta, Sharof akam bilan hayot yo‘limiz juda tekis o‘tgan deb, ayta olmayman. Hammaniki kabi bu yo‘lda o‘nqir-cho‘nqirliklar, past-balandliklar, tushunmovchiliklar ham bo‘lgan. Lekin asosiysi, insonning taqdir yo‘lining boshi to‘g‘ri va tekis bo‘lgani, undan ham keragi, yo‘l oxirining xayrli bo‘lishidir. Umr yo‘lining o‘rtasidagi turli sinovlarni esa har bir insonning fikrlashi, xulosa chiqarishi, to‘g‘ri yo‘lni tanlashi uchun Allohning imtihoni, deb bilaman. Eng muhimi, bu yo‘lda qo‘llarimiz bir-biridan ajramagani, bir-birimizga bo‘lgan iliq tuyg‘ularni saqlab qola olganimizdir.
– Guliston teatrida turli rollarni ijro etgansiz, bunga turmush o‘rtog‘ingiz qanday qaraganlar, rashk qilib yoki tushunmovchiliklar tufayli oilaviy munosabatlar darz ketgan paytlari ham bo‘lganmi?
– Sharof akam hech qachon ishlashimga qarshilik qilmaganlar. Istasang teatrda ishla, deganlar. Chunki aktrisa ekanimni bilib uylanganlar. Rashk qilardilar, lekin hech qachon rashk sabab janjal qilmaganlar. Umuman olganda, Sharof akam janjalni, muammo chiqarishni, munosabatlarimizni murakkablashtirishni, oila tinchini buzishni yomon ko‘rar edilar. Doimo menga hurmat bilan munosabatda bo‘lganlar. Lekin «Boy ila xizmatchi» spektaklida Turg‘un Azizov G‘ofir, men Jamila rolini ijro etganimda, Sharof akam spektaklga kelmaganlar...
– Sharof Boshbekovning dramaturgiyaga qo‘l urishiga nima sabab bo‘ldi?
– Guliston teatrida ishlaganimizda sahnalashtirilgan pesalardan hech qoniqmas, ko‘ngli to‘lmas edi. Ular ustida rejissyor bilan qayta-qayta ishlardilar. O‘shanda o‘zlari pesa yoza boshladilar va «Taqdir eshigi» komediyasi dunyoga kelgan.
– Dramaturgning ijodida «Temir xotin» satirik komediyasi alohida e’tiborga molik. Undagi obrazlarni yaratishda kimlar va nimalar, qanday voqelik turtki bo‘lganidan xabaringiz bormi?
– Sharof akaning aytishicha, uni «Robot politsiyachi» degan filmdan ilhomlanib yozganlar. Lekin bu ilhomga men turtki bo‘lgan ekanman. O‘shanda yozgi ta’tilda edim. Sharof akam biron joyda ishlamayotgan, ijod bilan band paytlari edi. Yangi o‘quv yili yaqinlashayotgani uchun bolalarga maktab uchun kiyim-kechak qilish haqida o‘ylardim. Shunday kunlarning birida mashinkalarini chiqillatib o‘tirgan turmush o‘rtog‘imning yoniga kelib, «O‘zingizga yoqqan shuncha asar yozdingiz, endi oilangiz uchun, farzandlaringiz uchun ham yozing!» deganman. Shunda u kishi «Bir fikr bor, robot haqida», dedilar. Men «Shunday asar yozingki, kulgili, ammo dardi bo‘lsin, achchiq gaplaringizni kuldirib aytib oling», dedim. U kishi yana ishga sho‘ng‘idilar. Asarni yozib tugatgach, «Sen aytganingdek, yuragimning tub-tubidagi jiddiy gaplarni aytib oldim, Mavju», dedilar.
– Sharof Boshbekov asarlarida ko‘proq ayollar hayotini qiyinlashtirayotgan muammolarga e’tibor qaratganlar. Hayotda ijodkorning ayollarga, xususan, rafiqasiga munosabatlari qanday edi?
– U kishi xotin-qizlarni juda hurmat qilar edilar. Menga ham to‘ydan keyin «Seni juda yaxshi ko‘raman, sen uchun hamma narsaga tayyorman. Sen men uchun tug‘ilgansan», – dedilar jilmayib. Sharof akam aytganlaridek, haqiqatdan ham men ular uchun tug‘ilgan ekanman. So‘nggi nafasigacha yonidan bir qadam jilmadim.
48 yillik birga kechgan hayotimiz davomida bir-birimizni sevib, tushunib, kamchiliklarimiz bo‘lsa kechirib, ardoqlab, suyanchiq, hamdard, hamfikr, sirdosh, do‘st bo‘lib yashadik. Qayerdan kelsalar ham har doim «Mavju, men seni hali ham sevaman», derdilar. O‘sha paytlarda men buni aytish shartmasdir, deb fikr qilardim-u, ammo shu gaplaridan osmonlarda uchib yurgandek his qilardim o‘zimni... Endi angladimki, ikki insonning o‘rtasidagi mehr-muhabbatni yanada mustahkamlash uchun ham odamlar bir-biriga dil izhori qilib turishlari kerak ekan.
– Qanday vaziyatlarda u kishining jahli chiqardi va ko‘proq nimalardan zavq olardi? Qanday insonlarni qadrlagan?
– Sharof akamning jahli chiqishi juda qiyin edi. Chiqsa ham, tez tushardi. Tanbehni ham hazil bilan berardilar.
U kishi o‘z ishidan ko‘proq zavq olardi. Yozgan asarlari odamlarda fikr uyg‘ota olishi zarur, deya hisoblar edi. Shu bilan birga yozgan narsalari tomoshabinni zeriktirmasligi shart, deb hisoblardilar. Shuning uchun bo‘lsa kerak, asarlari tez ommalashardi.
Birinchi nabiramiz dunyoga kelganda, Sharof aka «Ana endi meni hech kim, hech qachon xafa qila olmaydi, chunki nabiramga qarasam, barcha xafagarchiliklar unut bo‘ladi», degan edilar xursandliklari ichiga sig‘may. 6 o‘g‘il va 3 qiz nabirali bo‘ldik. 7 nafari oliy o‘quv yurtlarida, 2 tasi maktabda o‘qishadi.
– Ustozning oiladagi o‘rni, u kishining xarakteri, ijobiy xislatlari to‘g‘risida to‘xtalsangiz.
– Sharof aka hamma qatori oddiy inson edilar. Lekin sabrli, mulohazali, kamsuqum, to‘g‘riso‘z, adolatni, tartibni yaxshi ko‘radigan, ammo laganbardorlikni, janjalkashlikni yomon ko‘radigan sodda va samimiy odam edilar. Ularning chehralari ham, qo‘llari ham ochiq edi. Hech kimga ozor berishni istamasdilar. Hatto eshik-derazalarni ham go‘yo ozor berishdan qo‘rqqandek, ehtiyotkorlik bilan ochib-yopardilar. Birga yashagan yillarimiz davomida bir og‘iz qo‘pol gapirganlarini eshitmadim. Biror narsa kerak bo‘lsa, iltimos ohangida gapirardilar. Xarajatni ko‘paytirib yuborsam ham koyimasdilar. «O‘zing xursand bo‘lsang, bo‘ldi», derdilar. Menga hamisha: «Sen bo‘lsang dunyo shodligi kerakmas, sen bo‘lmasang, dunyo ham bo‘shab qoladi», degan gapni ko‘p takrorlardilar. Bu gaplarini endi ko‘proq anglayapman: ular ketdilar-u, dunyo men uchun bo‘shliqqa aylandi-qoldi…
Sharof akaning kechasi bilan chirog‘i o‘chmas edi. U yorug‘ kun-u qorong‘i tunlarda ham o‘z asarlaridagi qahramonlari orqali dunyoni, odamlarni yaxshi tomonga o‘zgartirishga harakat qildi. Sokinlik va nim tabassum bilan ezgulik, yaxshiliklarni dunyoga zarrin nurlar yanglig‘ sochishga intilib yashadi.
– Boshbekovning ba’zi asarlariga gonorar ham to‘lanmagani yetmaganidek, ba’zida hatto ssenariy muallifi sifatida ismlari qayd etilmagan holatlar ham bo‘lgan ekan. Bunga qanday munosabat bildirgan?
– Sharof akam pul deb kuyib-pishmas, bu borada hech kim bilan talashmas edilar. Shu sababli ko‘p bora pand yeganlar. Hatto yozib bergan ssenariylariga film olingan-u, gonorarlarini bermaganlar ham bo‘ldi. U mashhur odam, ismini aytmay qo‘ya qolay. G‘oya uniki bo‘lgan, ammo ssenariy Sharof akamniki edi. Titrda hatto ssenariy muallifining ism-familiyasini ham yozdirmagan, faqatgina g‘oya muallifi ko‘rsatilgan, xolos. Shunda ham talashib o‘tirmadilar. Ba’zilar sudga berishni taklif qilishdi, ammo ko‘nmadilar. «Filmni xalq ko‘rdi-ku, shunisi muhim. Ularga esa insof bersin», dedilar, xolos.
– Hayoti kino va teatr bilan bog‘lanmaganida yana qaysi kasb egasi bo‘lishi mumkin edi? Nimalarga qiziqar edilar?
– Sharof akam, qayta tug‘ilsalar ham dramaturgiya bilan shug‘ullanardilar, deb o‘ylayman. Chunki ijodni, kino, spektakllarni juda yaxshi ko‘rardilar, hatto repetitsiyalariga borib o‘tirardilar. Ssenariylari asosida kino olinganda ham s’yomkaning boshidan oxirigacha o‘sha yerda bo‘lardilar.
Qiziqishlariga kelsak, shaxmatni yoqtirardilar, texnikani yaxshi ko‘rardilar.
– Turmush o‘rtog‘ingiz bilan yashagan yarim asrlik umringizning asosiy qismini ijodga emas, aksincha, u kishining sog‘ligini tiklashga, uning yonida bo‘lib, dardiga malham bo‘lishga baxshida etgan ayolsiz. Tengdoshlaringiz kabi ijod qilib, yuksak pillapoyalar sari ko‘tarilmaganingizdan afsuslanmaysizmi?
– Men hayotim davomida ayollik va onalik mavqeini eng yuqoriga qo‘ydim. Bundan aslo afsuslanmayman. Hayotda kim uchundir boylik, kim uchundir mansab-martaba, kim uchundir go‘zallik muhim. Ammo bularning hech biri men uchun turmush o‘rtog‘imning birgina tabassumidan, roziligidan, baxtiyorligini ko‘rishdan muhim emas. Ayniqsa, uning sog‘ligida muammo paydo bo‘lgach, olgan har bir nafasim bilan salomatligi tiklanishini tilab yashardim.
– O‘tgan umringizni sarhisob qilib, nimalardan ko‘nglingiz to‘ladi-yu, nimalardan afsus va armon hissini tuyasiz?
– Alloh bergan ne’matiga shukr qilaman. Afsus-armonlarim yo‘q, desam ham bo‘ladi. Chunki Alloh menga sevish va sevilish baxtini berdi. Bu tuyg‘uning salmog‘ini, darajasini bir-birini sevib yashagan insonlargina biladi. Juda go‘zal xulqli, aql-farosatli, otasiga o‘xshagan farzandlar berdi. Ular ortidan shirindan-shirin, ajoyib nabiralar dunyoga keldi. Bularning hammasi meni armon hissidan butkul yiroqlashtiradi, shukronalik tojini boshim uzra ko‘tarishga asos bo‘ladi. Biz hayotimiz davomida bir-birimizni ardoqlab yashadik. Men turmush o‘rtog‘imga taom tayyorlasam ham, ust-boshini yuvsam ham u kishining yonimdaligi, u bilan birgaligim uchun o‘zimni baxtiyor his etardim.
Men hech qachon boshqa ayollar singari tilla taqinchoq taqmadim, chiroyli liboslar kiyib, yasanib yurishlarga qiziqmadim, ayollarning gap-gashtaklariga ham bormadim. Negaki, bulardan ko‘ra men uchun erimning yonida bo‘lishim, uni ishga kuzatib kutib olishim, uning xohish-istaklarini bajarishim muhimroq va quvonchliroq edi. Sharof Boshbekov men uchun barcha boyligu, dur-javohirlardan a’lo edi. Har kuni turmush o‘rtog‘imga yoqadigan taomlar tayyorlab zavqlanar edim. U kishi har doimgiday chiroyli jilmayib: «Bayramona dasturxon bo‘libdi-ku. Mazza qildim. Boringga shukr, sen bo‘lmasang qanday yashardim», desalar, mendan baxtli odam bo‘lmasdi. U kishi men uchun qalbi pok, muhabbati osmon qadar katta, odamlarning eng yaxshisi edi…
– Hayotingizdagi eng yorqin sahifalar nimalardan iborat?
– To‘yimizdan keyingi davr o‘zgacha edi. Bir kuni ishdan kelganlaridan so‘ng «Shaxmat o‘ynashni bilasanmi?» deb so‘radilar. «Yo‘q», dedim. «Hozir senga o‘rgatib qo‘yaman», deb shaxmat donalarini tera boshladilar va har birini erinmasdan tushuntira ketdilar. Men esa hech bir gaplarini anglamasdim ham, eshitmasdim ham. Xuddi toshbaqa tuxumiga tikilgani kabi, turmush o‘rtog‘imga – sevimli insonimga, hayotimning mazmuniga tikili-i-i-b, kelajakda ikkalamizning qop-qora ko‘zli bolalarimizni o‘ynatib yurganimizni xayolan orzu qilib o‘tirardim. Bu baxtli lahzalar yodi menga umrimning oxirigacha saodatli hayotimdan sarmast bo‘lib yashashga yetadi. Hayotimizning eng yorqin sahifalari esa o‘sha orzu qilgan qora ko‘zli farzandlarimizning dunyoga kelishlari bo‘ldi.
– Qizlar orasida ota-onasi singari ijod yo‘lidan borayotganlari ham bormi?
– U kishi qizlariga qarab, har bir qizim – bir davlatim, derdilar. Ularning har biri qalam tebrata olish iqtidoriga ega. Faqat ijod bilan jiddiy shug‘ullanishmaydi. Munojotxon Sharqshunoslik institutining turk tili, Irodaxon Jahon tillari universitetining ingliz tili fakultetini tugatdi. Kamola qizimiz Xalqaro jurnalistikada o‘qidi. Hozirda «Sug‘diyona» gazetasida bosh muharrir o‘rinbosari bo‘lib ishlamoqda. Shuningdek, «Sevimli» telekanalida kinotarjimon.
– Hayot deya atalmish buyuk ustoz sizga nimalarni o‘rgatdi?
– Boriga shukr qilishni, sabrli bo‘lishni, dilozorlik qilmaslikni, hayotni boricha sevishni, kechirimli bo‘lishni, eng asosiysi, harakatdan va bilim olishdan to‘xtamaslikni o‘rgatdi.
– Samimiy suhbatingiz uchun tashakkur!
Saodat MATYoQUB qizi suhbatlashdi
(«Adolat» gateasidan).
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter