Shavkat Mirziyoyev o‘zbek tilining xalqaro nufuzini oshirishga buyruq berdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 23-dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Prezident universitetda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirib, o‘qituvchi va talabalar bilan suhbatlashdi. Shavkat Mirziyoyev Navoiy asarlarining multimediaviy lug‘atini yaratib, xalqimizga yetkazish, ilmiy izlanishlarni rag‘batlantirish zarurligini ta’kidladi.
O‘zbek tilining xalqaro nufuzini oshirish, o‘zbek adabiyoti namunalarini chet tillarga tarjima qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
— Ona tilimizning boyligini, unga hurmatingiz va muhabbatingizni tilimizni dunyoga tarannum etish bilan ko‘rsatishingiz kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev universitet mutaxassislari bilan suhbatda.
Shavkat Mirziyoyev ularning ijtimoiy sharoitlari bilan ham qiziqdi. Universitet o‘qituvchilari uchun Toshkent shahridan 20 ta uy ajratish bo‘yicha topshiriq berdi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2016-yil 13-maydagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida uch fakultet, o‘n ikkita kafedra mavjud. O‘tgan vaqt mobaynida ushbu oliy ta’lim muassasasiga ajratilgan o‘quv binolari kapital ta’mirdan chiqarilib, zamonaviy sharoitlar yaratildi. Bugun universitetda 1 ming 100 talaba tahsil olmoqda, ularga fan doktorlari va PhD darajasiga ega yuqori malakali mutaxassislardan iborat o‘qituvchilar jamoasi dars bermoqda.
Universitetda ta’lim jarayoni to‘liq elektronlashtirilgan. Videokonferensiya zali, sinxron tarjima va ovoz yozish xonalari, axborot-resurs markazi zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlangan. Wi-Fi tarmog‘iga ulangan muloqot maskanlari, Alisher Navoiy dostonlaridagidek ko‘shklar tashkil etilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter