Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev quruvchilarga tabrik yo‘lladi

Shavkat Mirziyoyev quruvchilarga tabrik yo‘lladi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev quruvchilar bayram munosabati bilan soha vakillariga tabrik yo‘lladi. 

Prezident matbuot xizmati tabrik matnini e’lon qildi.

Hurmatli quruvchi bunyodkorlar!

Muhtaram faxriylar!

Avvalo, siz, azizlarni mamlakatimizda keng nishonlanayotgan qutlug‘ kasb bayramingiz – Qurilish sohasi xodimlari kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etib, barchangizga yuksak hurmat-ehtirom va samimiy tilaklarimni bildiraman.

Ma’lumki, mamlakatimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini ta’minlashda mazkur soha xodimlari – mohir quruvchi va me’morlar, mexanik va murakkab texnikalarni boshqarayotgan insonlar, loyihachi va dizaynerlar, qurilish sanoati vakillari va pudratchilarning mehnati hamisha muhim o‘rin tutib keladi.

Ayniqsa, hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida katta qurilish va obodonlashtirish ishlari jadal olib borilayotgan, mamlakatimiz ulkan qurilish maydoniga aylangan hozirgi kunda sizlarning mas’uliyatli va sharafli mehnatingiz ko‘lami hamda ahamiyati tobora ortib bormoqda, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Sizlarning timsolingizda shahar va qishloqlarimizda, butun yurtimizda yangi-yangi ishlab chiqarish korxonalari, muhim ijtimoiy ob’yektlar, zamonaviy uy-joylar, yo‘l va ko‘priklar barpo etib, hayotimizni yanada go‘zal va obod qilishga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgan olijanob kasb egalarini ko‘ramiz.

Ushbu quvonchli ayyomda sizlarni Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari sifatida e’zozlab, sha’ningizga eng yuksak ta’rif va tilaklarimizni izhor etamiz, fidokorona mehnatingiz uchun chin dildan tashakkurlar aytamiz.

Qadrli do‘stlar!

Bugungi kunda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida barcha islohotlarimiz markaziga inson qadri, uning hayotiy manfaatlarini ta’minlash bosh maqsad qilib qo‘yilayotgani sizlarga yaxshi ma’lum, albatta.

Ana shunday ulug‘vor vazifani amalga oshirishda boshqa sohalar qatori qurilish sohasi, uning ulkan imkoniyatlari hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Sohada olib borilayotgan tizimli islohotlar natijasida aholi punktlarini qurishga kompleks yondashuv, uy-joy, turli bino va inshootlar bilan birga ijtimoiy infratuzilma ob’yektlari, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, ta’lim, tibbiyot va madaniyat muassasalari, istirohat bog‘lari va xiyobonlar, favvoralar, bolalar maydonchalari va sport maskanlari bunyod etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Buning amaliy tasdig‘i sifatida 2022-yilgi Investitsiya dasturi bo‘yicha 1 ming 868 ta ijtimoiy ob’yektda keng ko‘lamli qurilish, rekonstruksiya va kapital ta’mirlash ishlari olib borilayotganini ta’kidlash o‘rinlidir.

Bu haqda so‘z yuritganda, loyihalari joylardagi aholimiz bilan bamaslahat ishlab chiqilgan “Yangi O‘zbekiston” massivlari haqida alohida to‘xtalish lozim, deb o‘ylayman. Ushbu nomdagi jami 29 ta massivda 21 ming 312 xonadonga mo‘ljallangan 619 ta zamonaviy uy-joy, shuningdek, o‘nlab yangi maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda umumta’lim maktablari, tibbiyot muassasalari barpo etilayotganini misol qilib keltirish mumkin.

Bu borada ko‘p qavatli uylar hamda muhandislik-transport kommunikatsiyalari, ijtimoiy soha, ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlari kompleks tarzda qurilayotgani, kelgusi besh yilda 250 mingdan ziyod oila zamonaviy qulayliklarga ega bo‘lgan uy-joylar bilan ta’minlanishi albatta barchamizni xursand qiladi.

Ayniqsa, aholini arzon va sifatli turar-joy bilan ta’minlash dasturlari doirasida namunali ko‘p qavatli uylar atrofida madaniyat va san’at markazlari, sport inshootlari, tibbiyot muassasalari va boshqa maskanlar barpo etilayotgani, “Obod qishloq” dasturi bo‘yicha 413 ta mahallaning bosh rejasi ishlab chiqilayotgani inson haqidagi e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy namunasidir.

Hozirgi vaqtda mamlakatimizda qurilish materiallari sanoati ham jadal rivojlanib bormoqda. Masalan, uy-joylar uchun qurilish materiallarining 95 foizi o‘zimizda ishlab chiqarilmoqda. Bu esa yangi turar joylarning sifatli va mustahkam, tannarxi arzon bo‘lishini ta’minlaydi, yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi.

Muhtaram yurtdoshlar!

Bugun zamonning o‘zi qurilish sohasida ham yanada muhim va dolzarb vazifalarni oldimizga qo‘ymoqda. Xususan, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, qishloqlarni tuman markazlari bilan bog‘laydigan zamonaviy yo‘llar qurish, namunaviy loyihalar asosida yangi bog‘cha va maktablar, oilaviy poliklinikalar barpo etish, bozor infratuzilmasi ob’yektlari va servis shoxobchalarini ko‘paytirish, aholi va pudrat tashkilotlari, tadbirkorlik sub’yektlarini qurilish materiallari bilan markazlashgan holda ta’minlash bo‘yicha samarali tizim yaratish, qurilish bozorini yangi innovatsion xizmatlar bilan to‘ldirib borish, soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash borasida hali ko‘p ish qilishimiz kerak.

Ishonchim komil, o‘z ishining chinakam ustasi bo‘lgan mohir quruvchilar va mutaxassislar, sohada mehnat qilayotgan barcha insonlar o‘zlarining bor kuch-g‘ayrati, bilim va tajribasini ana shunday ulkan vazifalarni muvaffaqiyatli ado etishga safarbar etib, bundan buyon ham el-yurtimizga sidqidildan xizmat qiladilar.

O‘z navbatida davlatimiz sizlarning yanada samarali faoliyat ko‘rsatishingiz, mamlakatimiz qurilish sohasi salohiyatini oshirish uchun kelgusida ham zarur sharoit va imkoniyatlarni yaratib beradi.

Siz, azizlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt va xonadonlaringizga qut-baraka tilayman.

Qo‘lingiz hech qachon dard ko‘rmasin, mehnatingizning rohatini ko‘ring, aziz bunyodkorlar!

Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring