Shavkat Mirziyoyev Qirg‘izistonda «2019-yil odami» deb topildi
17-fevral kuni O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi elchixonasida Prezident Shavkat Mirziyoyevga «Ala-Too Ayimdari» («Ola-Tau xonimlari») ekologik harakati tomonidan «2019-yil odami» unvonini berilishi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Respublika rahbariyati topshirig‘iga binoan maxsus mukofot va diplom qabul qilish uchun Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov Bishkek shahriga tashrif buyurdi. Tadbirda «Ala-Too Ayimdari» harakati rayosati a’zolari, sobiq SSSR xalq artisti Kayirgul Sartbayeva va xalq yozuvchisi Gulsayra Mominova, Qirg‘iziston hukumati, parlamenti va mintaqaviy ma’muriyatlarida yuqori lavozimlarda ishlagan qirg‘iz va o‘zbek hamjamiyatlarining nufuzli vakillari, O‘zbekistondagi sobiq qirg‘iz diplomatlari, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi, yetakchi elektron va bosma nashrlar, markaziy radio va televideniye kanallari vakillari, siyosatshunos ekspertlar ishtirok etdilar.
Marosimda «Ala-Too Ayimdari» harakati rahbari Jipargul Bargibayeva qardosh O‘zbekistonda millatlararo totuvlik va etnik ozchiliklarning huquqlarini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganligini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning ochiq va konstruktiv siyosati tufayli ikki mamlakat o‘rtasidagi chegara masalasi qisqa vaqt ichida deyarli hal qilindi.
«Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov O‘zbekiston Prezidenti nomidan «Ala-Too Ayimdari» harakatiga va u orqali shaxsan qardosh Qirg‘iziston xalqiga O‘zbekiston rahbarining o‘zaro manfaatli o‘zbek-qirg‘iz hamkorligini mustahkamlashdagi xizmatlari e’tirof etilgani uchun samimiy minnatdorlik va chuqur hurmatni izhor etdi»,- deyiladi TIV xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter