Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev yurtdoshlarimizni Konstitutsiya kuni bilan tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev yurtdoshlarimizni Konstitutsiya kuni bilan tabrikladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

«O‘zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida 7-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev xalqimizni ushbu qutlug‘ ayyom bilan tabrikladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun o‘z nutqida qonun ustuvorligini ta’minlash demokratik huquqiy davlatning bosh mezoni hisoblanishi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari ishlab chiqayotgan hujjatlar, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari faqat va faqat Konstitutsiya hamda qonunlarga muvofiq bo‘lishi shartligini alohida aytib o‘tgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, Konstitutsiya va qonun ustuvorligiga erishishda jamoatchilik nazoratidan ko‘ra samarali vosita yo‘q.

Davlatimiz rahbari jamiyatda huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirish borasidagi ishlarni uzluksiz davom ettirish, bu boradagi ko‘nikmalarni farzandlar tarbiyasiga bolalikdan singdirish kerakligini ta’kidladi.

– Konstitutsiyamiz har bir fuqaroning ongi va qalbidan chuqur joy olgan, ularning huquq va erkinliklarini to‘liq kafolatlaydigan haqiqiy hayot qomusiga aylanmog‘i lozim, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bosh qomusimizda belgilangan insonparvar tamoyillar to‘la amalga oshirilmoqda. So‘nggi yillarda Prezidentimizning jinoyat sodir etganlarni afv etish bo‘yicha 8 ta farmoni qabul qilinib, 4 mingdan ziyod shaxs jazoni o‘tash joylaridan ozod qilindi.

Ushbu bayram arafasida O‘zbekiston rahbari yana bir shunday farmonga imzo chekdi. Unga binoan, jinoiy qilmishiga chin dildan pushaymon bo‘lib, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 92 nafar mahkum afv etildi.

Bu yil Jasliq qo‘rg‘onidagi jazoni ijro etish koloniyasi yopilgani ham insonparvar siyosatning amaliy namunasi bo‘ldi. Bundan tashqari, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga pensiya va ijtimoiy sug‘urta to‘lash tartibi birinchi marta yo‘lga qo‘yildi.

O‘tgan uch yilda 9 ming 692 nafar, jumladan, bu yilda 5 ming 868 nafar shaxs O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilindi.

Davlatimiz rahbari huquqni muhofaza qiluvchi organlarni faqat va faqat xalq manfaati yo‘lida og‘ishmay xizmat qiladigan idoralarga aylantirish zarurligini ta’kidladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring