Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sirdaryo hokimi «ikkinchi Amerika» iborasini yana esga oldi

Sirdaryo hokimi «ikkinchi Amerika» iborasini yana esga oldi

Foto: O‘zA

Sirdaryo viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev «Press klub» ko‘rsatuvida qilgan chiqishida hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi borasida savolga javob berdi. Hokim viloyat aholisi turli hududlardan kelgani haqida fikr bildirarkan, «ikkinchi Amerika» iborasini esga oldi. Bunga qadar u Toshkent shahridagi industriya hisobiga Sirdaryo viloyati rivojlanishi mumkinligini aytib o‘tgan.

— Toshkentliklar xafa bo‘lishmasin, ammo poytaxtning kelajagi Sirdaryoda, deb ayta olaman. Chunki shahar kengayadi va turli zavod-fabrikalarni chetroq hududga olib chiqish zaruriyati paydo bo‘ladi. Geografik joylashuvi va logistika jihatidan Sirdaryo viloyati katta korxonalarni qabul qilish uchun juda qulay hisoblanadi.

Menga avval ham aytishgan: Sirdaryo cho‘llari o‘zlashtirilganda aholi turli hududlardan kelgan va qaysidir ma’noda «terma jamoa» shakllangan, deyish mumkin. Mana shunday viloyatni boshqarish qiyin emasmi, deb savol berishgan. O‘shanda ham aytganman, yana bir marta qaytaraman, viloyatimiz aholisi turli joylardan kelib, shakllangan ekan, demak biz «ikkinchi Amerika», bo‘lar ekanmiz, — deydi viloyat hokimi.

Ma’lumot uchun, bugungi kunda viloyatda 11 ta ma’muriy hudud mavjud: 3 ta shahar va 8 ta tuman. Aholisi ko‘p millatli bo‘lib, 840 mingga yaqin kishi istiqomat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi va suv toshqini natijasida jabr ko‘rgan hududlarda ta’mirlangan va yangidan qurilgan uy-joylar hamda ishlab chiqarish korxonalari bilan tanishdi.

Sirdaryo viloyatida qisqa muddatda 10 ming kishilik ish o‘rinlari yaratildi. Yil yakuniga kadar yana bir qator korxonalar qurilishi va yangi ish o‘rinlari paydo bo‘lishi kutilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring