Qashqadaryodagi maktabda targ‘ibot ishlarini olib borgan soliqchiga chora ko‘riladigan bo‘ldi
Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Nishon tumanidagi 14-maktabda tuman soliq inspeksiyasi xodimining 2-sinf bolalariga soliqlarni o‘z vaqtida to‘lash haqida qilgan targ‘iboti aks etgan videotasvir tarqaldi.
Tasvirlardan tushunilishicha, soliq inspeksiyasi xodimi maktab ma’murlari ishtirokida joriy o‘quv yilining birinchi kuniyoq boshlang‘ich sinf o‘quvchilaridan soliq undirishda foydalangan va ularga qog‘oz tarqatmalar tarqatgan.
«Yangi o‘quv yili bilan hammangizni tabriklayman, o‘qishingizga omad. Biz Nishon tuman soliq inspeksiyasidan kelyapmiz. Sizlarga eslatma bu. Hammangiz ota-onangizga olib borasiz. Yashab turgan joyingizning mol mulk va yer soliqlarini soliq inspeksiyasiga borib, yoki telefonda soliq ilovasidan to‘lashlari kerak. Shuni iltimos qilasizlar. Uy kimning nomida bo‘lsa, borib, hisoblab to‘laydi», – deydi xodim.
Soliq xodimi, shuningdek, sinfxonadagi o‘quvchilarga Konstitutsiyaning fuqarolarning belgilangan soliq va yig‘imlarni to‘lashi shartligi aytilgan 63-moddasini o‘qib eshittirgan.
Davlat soliq qo‘mitasi mazkur holat yuzasidan munosabat bildirib, Qashqadaryo viloyatida bo‘lgan holatni «noo‘rin xatti-harakat deb hisoblashini va keskin qoralashi»ni bildirgan.
Kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan.
Hozircha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi yoki uning quyi tuzilmasi mazkur holatga yo‘l qo‘ygan maktab ma’muriyatiga biror chora ko‘rilgani yoki yo‘qligi haqida ma’lumot bergani yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning iyulida Toshkent shahar Uchtepa tumani IIB xodimlari bog‘chada bolalarga «oq-qorani» ajratish bo‘yicha ma’ruza o‘qigan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter