Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

SSV: Antibiotiklarni shifokor retseptisiz sotish taqiqlanadi

SSV: Antibiotiklarni shifokor retseptisiz sotish taqiqlanadi

Keyingi paytlarda ko‘pchilik odamlar o‘pka yallig‘lanishi jarayonlarida, tana harorati ko‘tarilganda va boshqa kasalliklarda bilib-bilmay, antibiotiklardan foydalanishni odatga aylantirdi. Ayniqsa, bugun koronavirusga chalingan yurtdoshlarimiz orasida o‘zboshimchalik bilan antibiotik va gormon olish holatlari juda ko‘p kuzatilmoqda.

Bunga nafaqat ularning yetarli tibbiy bilimga ega emasligi, balki ayrim hollarda dorixona egalarining ushbu dori vositalari bilan savdo qilish bo‘yicha yurtimizda belgilangan tartib-qoidalarni chetlab o‘tayotgani ham sabab bo‘lmoqda.

SSV matbuot xizmati ushbu mavzu yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi boshqarma boshlig‘i Muhabbat Ibragimovaga bir necha savollar bilan murojaat qildi.

— Ma’lumki, antibiotiklar tibbiyotda eng ko‘p tayinlanuvchi va uning qariyb barcha sohalarida qo‘llaniluvchi dori vositasi sanaladi, — deydi M.Ibragimova. — Biroq ulardan noto‘g‘ri foydalanish jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Jumladan, keyingi paytlarda antibiotiklarni palapartish ishlatish natijasida kasallikka sabab bo‘luvchi bakteriyalarning preparatlarga chidamliligi ortib bormoqda. Birgina misol, bundan 15-20 yil ilgari penitsillin ko‘plab bakteriologik kasalliklarga qarshi samarali vosita hisoblangan bo‘lsa, hozirga kelib, bu bakteriyalar mazkur antibiotikni «pisand» qilmayapti.

Qolaversa, bugun mamlakatimizda ba’zi bemorlar ushbu dori vositasidan virusli kasalliklar, xususan, «COVID-19» infeksiyasini davolashda o‘zboshimchalik bilan foydalanayotgani, ularning ahvolini yanada og‘irlashtirib, ayrim hollarda o‘limga ham sabab bo‘lmoqda.

— Antibiotiklardan o‘zboshimchalik bilan foydalanishni oldini olishda yurtimiz dorixonalarida ushbu vositaning chakana savdosini belgilangan talablarga muvofiq holda tashkil etish qanchalik muhim?

— Shuni alohida ta’kidlash lozimki, mamlakatimiz qonunchiligiga ko‘ra, antibiotiklarni shifokor retseptisiz berish taqiqlanadi. Jumladan, «Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq, dori vositalarini retsept bilan (antibiotiklar shular jumlasidan) dorixonalardan chakana realizatsiya qilish Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan qoidalarga asosan amalga oshirilishi belgilangan.

Shuningdek, bu kabi dori preparatlarini dorixonalarda sotish Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shakldagi retseptlar bo‘yicha yoki tasdiqlangan Retseptsiz beriladigan dori vositalarining ro‘yxatiga ko‘ra retseptsiz amalga oshiriladi. Qolaversa, Prezidentimizning 2019 yil 6 sentyabrdagi tegishli Qaroriga ko‘ra, tibbiyot tashkilotlarida mulkchilik va idoraviy mansubligidan qat’i nazar, bemorga retseptsiz retsept bo‘yicha beriladigan dori vositalarni buyurish taqiqlanadi.

— Bu tartibga amal qilmaganlarga qanday qonuniy choralar ko‘riladi?

— Mamlakatimizda dorixona xodimi retsept bilan beriladigan dori vositasini retseptsiz sotganligi uchun qonuniy javobgarlik belgilangan.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 1651-moddasi (dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) va O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 1863-moddasiga (tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) ko‘ra, bunday shaxslar tegishli javobgarlikka tortiladi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 12 maydagi 284-sonli qaroriga asosan ushbu qonunbuzarlikni dorixona muntazam ravishda (bir yil davomida ikki va undan ortiq marta) amalga oshirsa, bu holat litsenziya talablari va shartlarini qo‘pol ravishda buzilishi hisoblanib, litsenziyaning amal qilishi belgilangan tartibda to‘xtatilishiga olib keladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring