Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Muhofaza. Ikkinchi jahon urushidan omon chiqqan kiyik tarixi (video)

Muhofaza. Ikkinchi jahon urushidan omon chiqqan kiyik tarixi (video)

Surxon davlat qo‘riqxonasi avvalo ajoyib tabiati bilan maftun etadi. Bu yerda Shveysariyadan qolishmaydigan manzara bor. Yana 40 ming yillik neandertallar manzilgohi ham aynan shu yerda joylashgan. Uning osmonida boltayutar, qirg‘iy va burgutlar uchib yuradi, tog‘larida esa bo‘ri, tulki, silovsin kabi yirtqichlari bor. Surxonning eng faxrlanarli jihati esa bu shubhasiz – morxo‘rlardir. Sherobod xalqi bu ajabtovur jonivorni kiyik deb ham nomlaydi.

Ishonmagan tog‘da kiyik yotmas deydilar. Yuzlab kilometrlarga cho‘zilgan Ko‘hitang tog‘lari ishonchli, uning bag‘rida morxo‘rlar suruv-suruv bo‘lib yoyilib yuribdi. Surxon davlat qo‘riqxonasida bu jonivorlarning ko‘payishi uchun hamma sharoit yaratilgan.Bugungi kunda morxo‘rlar sanog‘i 700dan oshgan, ular qo‘riqxona bo‘ylab yoyilib, ko‘payib yuribdi. Ammo yaqin tarixda bu jonivorlar deyarli qirilib ketayozgan edi.

Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tashabbusi bilan Surxon qo‘riqxonasiga qilgan safarimiz davomida morxo‘rlarning tabiiy yashash areoli bilan yaqindan tanishdik. Tutqich bermas bu jonzotni bevosita kuzatishga muvaffaq bo‘ldik.

Morxo‘r
Eng avvalo morxo‘rning nomiga to‘xtalib o‘tsak. Uning tarixi juda qiziq - fan tilida «Sapra falsoneri» deb nomlanadigan tog‘ echkilari oilasiga mansub morxo‘r nomi forscha mor - «ilon» va xo‘r - «yemoq» so‘zlaridan olingan. Nima uchundir mahalliy aholi morxo‘rlar ilonlarni qidirib topadi va ularni yeydi, deya ishonishgan. Shu sababli mahalliy aholi ilon chaqqan odamga morxo‘r go‘shti davo bo‘ladi, deyishgan. Albatta bu afsonaning hech qanday ilmiy isboti yo‘q bo‘lib, morxo‘rlar ham faqat giyohlar, o‘t-o‘lanlar bilan kun ko‘radilar. Ilon esa, barcha afsonalarga zid o‘laroq, uning ozuqa ratsioniga kirmaydi.

Erkak morxo‘rlar voyaga yetganda juda chiroyli ko‘rinish kasb etadi, ularning bo‘yin va ko‘kragida viqor bilan cho‘zilgan o‘ziga hos soqoli bo‘ladi. Yosh va navqiron morxo‘rlarda qizg‘ish-kulrang, keksalarida esa oq rangga kiradi. Morxo‘rning tana uzunligi 1,7 m gacha, balandligi 90 sm, og‘irligi 90 kilogramgacha uchraydi.

Erkak morxo‘rlarning shoxi ayniqsa juda viqorli bo‘ladi, ba’zan bu shox uzunligi 1,5 metrdan ham oshishi mumkin. Urg‘ochilarda esa 20-30 sm uzunlikdagi mayda shoxlar mavjud.

Yashash hududi
Morxo‘r dengiz sathidan 500 metrdan tortib 3500 metr balandlikkacha bo‘lgan daralar, qoyalar va qoyalarning tik yonbag‘irlarida yashaydi, o‘t va barglar bilan oziqlanadi. U ancha keng tarqalgan Janubiy Osiyo, G‘arbiy Himolay, Kashmir, Kichik Tibet, Afg‘oniston, Panj daryosi bo‘yidagi tog‘lar, Tojikiston tog‘larida yashaydi. U ayniqsa Pokistonda alohida ardoqlanadi, morxo‘r bu davlatning ramzlaridan biridir.

Garchi morxo‘r ancha keng tarqalgan bo‘lishiga qaramay, yaqin tarixda butkul yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostiga kelib qolgan edi. Tabiatda uning tabiiy kushandasi ko‘p, endi tug‘ilgan uloqchalarini burgut yoki oqbosh qumoy olib ketishi mumkin, bo‘ri esa kiyiklarning doimiy “hamroxi” – mudom morxo‘rlar ortidan izg‘ib yuradi. Ammo bu ajib jonivor yirtqichlar sabab emas, balki inson omili tufayli qirilib ketishiga sal qolgan edi. Morxo‘rlar bir necha bor odamlarni ochlik balosidan olib chiqib ketgan. Shunday vaqtlar bo‘ldiki, aholi faqat kiyik ovlab kun ko‘rdi. Ayniqsa ikkinchi jahon urushi vaqtida morxo‘r ko‘plab jonlarni qutqarib qoldi.

Urush va ov
Bilamizki, bu urush insoniyat tarixidagi eng dahshatli qirg‘in bo‘lgan. Sovetlar “Hamma narsa front uchun” degan shior ostida xalqimizning oxirgi nonigacha tortib olib, urush bo‘layotgan joylarga yuborishdi. Mahalliy aholi och qoldi, ochlikdan o‘lganlar bo‘ldi. Ko‘pchilik ov qilishga o‘tdi.

Ov uchun eng qulay hayvon esa morxo‘rlar edi, unga qarshi dahshatli ov boshlandi. Ovning ko‘lami shu qadar katta ediki, bir vaqtlar hisobsiz kiyik yurgan tog‘lar bo‘shab qoldi. Mutaxassislar tomonidan ma’lum qilinishicha, o‘sha vaqtlarda Ko‘hitangda atigi 20-30 bosh morxo‘r qolgan xolos. Tabiatga yetkazilgan zarar ko‘lami shu qadar katta ediki, ikkinchi jahon urushi tugaganiga salkam 80 yil bo‘lgani holda, tog‘dagi kiyiklar soni endi 700 boshga yetkazildi. Bu natijaga erishish oson bo‘lmadi, qo‘riqxonachilarning zahmatli mehnati evaziga butkul tugashiga oz qolgan noyob hayvon saqlab qolindi.

Hayvonot olami
Ayniqsa mustaqillik yillariga kelib qo‘riqxonalarga e’tibor oshirildi, ov ustidan jiddiy nazorat o‘rnatildi. Qo‘riqxona hududidagi aholi punktlari chetga ko‘chirildi, tabiiy makon to‘lig‘icha yovvoyi hayvonlarga berildi. Masalan, mana shu biz ko‘rib turgan Surxon davlat qo‘riqxonasining Xatak bo‘limidagi Bog‘lidara hududida 30-40 yil oldin ham qishloqlar bo‘lgan. Endi esa bu yerlarda faqat va faqat qo‘riqlanadigan yovvoyi hayvonlar yashaydi. Nazoratchilar esa kunu-tun tabiat xizmatida.

Bugungi kunga kelib Surxon davlat qo‘riqxonasida
734 ta morxo‘r;
108 ta Buxoro tog‘ qo‘yi;
90 ta bo‘ri;
48 ta tulki;
24 ta silovsin;
85 ta jayra;
20 ta tog‘ suvsari;
42 ta Bo‘rsiq;
116 ta Quyon;
2021 ta Kaklik;
404 ta Yovvoyi cho‘chqa;
55 ta Qirg‘iy;
47 ta Boltayutar
222 ta Chil
35 ta Jo‘rchi
29 ta Tasqara
138 ta Oqboshli qumoy
52 ta burgut hisobga olingan.

E’tiborli tomoni, Surxon davlat qo‘riqxonasidagi osuda, sokin hayot hatto o‘ta noyob hisoblanadigan qora laylaklarni ham o‘ziga jalb eta olgan. O‘tgan yilgi sanoq natijalariga ko‘ra bu yerda 3 ta qora laylak hisobga olindi. Garchi zamonaviy fan va texnika ancha rivojlanganiga qaramay, qora laylaklar hayoti juda oz o‘rganilgan, chunki u odamlardan uzoqda – o‘rmonlar, botqoqlar yoki uzoq tog‘-toshlarda in qo‘yadi. Inson zoti yaqinlashgani hamono o‘sha joyni tark etadi. Dunyo bo‘yicha bir necha mingtagina qolgan bu noyob qushdan O‘zbekistonda bor yo‘g‘i 20 juft bor xolos. Uning noyobligi shundaki, bu qushga bag‘ishlab 2003 yilda pochta markasi ham chop etilgan edi. Qora laylak tinchlik ramzi hisoblanadi, chunki u faqat tinch o‘lkalardagina in quradi. Yurtimiz ham shubhasiz mana shunday joylar sirasiga kiradi. Umid qilamizki, Surxon tog‘larida qishlash uchun uya quradigan bu qushlarning tashrifi ko‘p, ko‘p davomli bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring