Tanzila Narbayeva Baliqchi tumaniga tashrif buyurdi
2020-yil 3-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida Baliqchi tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati bilan tanishdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati xabar berdi.
Tashrif davomida tumandagi bir qator tadbirkorlik sub’yektlari faoliyati, ularning muammolarini ko‘rib chiqdi. Tadbirkorlar, aholi bilan muloqotda bo‘ldi.
Jumladan, Baliqchi tumani «Mumtoz» mahallasi hududida joylashgan «Tojimahal Xakan Savdo» MChJ faoliyati hamda yangi loyihalarni ko‘zdan kechirdi.
Ushbu korxona tomonidan 2019-2020-yillar mobaynida 2 mlrd. 400 mln. so‘m mahalliy investitsiya kiritilib trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Yillik ishlab chiqarish quvvati 3 mlrd. so‘mni tashkil etadi.
Bugungi kunda erkaklar va ayollar uchun maxsus zamonaviy kiyim-kechaklar ishlab chiqarmoqda. Hozirda korxonada 150 nafar ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, shundan 30 nafari kam ta’minlangan oilalar hisobiga to‘g‘ri keladi.
Senat Raisi ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishar ekan, ishchi-xodimlarga oylik maoshlarining o‘z vaqtida to‘lanishi, sharoitlarga e’tibor qaratdi. Bundan tashqari, korxonada faoliyat yuritayotgan ayollarga yanada kengroq qulaylik yaratish maqsadida ularning farzandlari uchun shu tashkilot hududida maktabgacha ta’lim tashkiloti qurish, unga malakali mutaxassislarni jalb qilish borasida taklif va tavsiyalar bildirildi. Baliqchi tumanida amalga oshirilayotgan har bir islohotdan aholi rozi bo‘lishi kerakligi qayd etildi.
Shundan so‘ng Oliy Majlis yuqori palatasi Raisi T.Narbayeva Baliqchi tumani Omonariq mahallasi hududida joylashgan «Skorton Tekstil» MChJ shaklidagi xorijiy korxonaga tashrif buyurdi.
Ushbu korxona tomonidan 2019-2020-yillar mobaynida 20 mln. AQSh dollaridan ziyod miqdorda xorijiy investitsiya jalb etilib, ikki o‘ramli kalava-ip mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. 2020-yil sentyabr oyida ish boshlagan mazkur korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 10300 tonna bo‘lib, 100 foiz eksport qilinadi.
Ko‘rinib turibdiki, ushbu korxonaning ishlab chiqarish mahsulotlari evaziga tumanning eksport salohiyati sezilarli darajada ortadi. Hozirda korxonada 450 nafar ish o‘rni yaratilgan, shundan 90-100 nafari kam ta’minlangan oilalar hisobiga to‘g‘ri keladi.
Navbatdagi manzil – Baliqchi tumani «Qumtepa» MFY. Mazkur hududda tashkil etilayotgan issiqxona loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-fevraldagi «Limonchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori, qolaversa, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 20-dekabrdagi qarorida ko‘rsatib o‘tilgan mavjud yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va eksport hajmlarini yanada oshirish, koronavirus pandemiyasi davrida aholiga yangi ish o‘rinlari yaratish maqsadida Andijon viloyati hokimining tashabbusi bilan tashkil etilgan.
Ushbu hududda yangi loyihadagi limonchilikni rivojlantirish maqsadida 44.6 ga yer maydoniga zamon talablariga mos keluvchi issiqxonalar tashkil etilmoqda.
Mazkur yer maydonida limonchilikni tashkil etish uchun 41 ta loyiha tashabbuskorlari tanlab olindi. Har bir tashabbuskor uchun 1,0 ga yer maydoni ajratilib berilgan. 1 ta loyihaning umumiy qiymati 1 mlrd. 450 mln.so‘m. shundan, 1.1 mlrd.so‘m bank kredit mablag‘lari, 350 mln.so‘m tashabbuskorning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi va 10 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Yana bir jihat. Baliqchi tuman hokimligi tashabbusi asosida nogironligi bo‘lgan shaxslar, yakka-yolg‘iz va boquvchisini yo‘qotganlar uy bilan ta’minlangan. Ana shunday ezgu ishlar, xususan, 20 ta uy-joy ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga topshirilgan.
Senat Raisi tumanga tashrifi chog‘ida «Yakkatol» MFYda joylashgan ushbu xonadonlarda bo‘ldi. Xususan, surunkali kasalligi bilan dispanser nazoratida turadigan X.Soliyeva bilan muloqot qilib, uning dardiga quloq tutdi. Salomatligini muhofaza qilish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga ustuvor ahamiyat qaratish zarurligini bildirdi.
Shu bilan birga, tuman hokimligining bu kabi tashabbusi e’tiborga molik ekanini qayd etib, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, ularning haq-huquqlarini ta’minlash va manfaatlarini muhofazalash, reabilitatsiya xizmatini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor, bu avvalo, inson manfaatlarini muhofazalashning muhim omili ekanligini ta’kidladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter