Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Elektr energiyasini uyda qanday tejash mumkin?

Elektr energiyasini uyda qanday tejash mumkin?

Tejamkor bo‘lmasak, energetikadagi vaziyat og‘irlashib boraveradi

Energetik krizislar va narxlarning o‘zgarishi ko‘pchilik odamlarning elektr energiyasidan tejab foydalanishiga turtki bo‘lmoqda. Ushbu xarajatlarni kamaytirish uchun, eng avvalo, uyimizda nima eng ko‘p elektrni «yeb qo‘yyapti» degan savolga aniqlik kiritish, kerak bo‘lsa, ba’zi odatlarimizni o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi.

Fransiyaning Schneider Electric energiya iste’molini boshqarish kompaniyasi (O‘zbekistonda vakolatxonasi faoliyat ko‘rsatadi) mutaxassislari uy xo‘jaliklarida eng ko‘p energiya iste’mol qiluvchi uskunalar ro‘yxatini tuzib chiqdi. Ushbu ro‘yxatda isitish va sovitish jihozlari birinchi o‘rinni band qilgan – ularning hissasiga jami iste’molning 50–70 foizi to‘g‘ri keladi.
«Konditsioner, changyutkich singari katta jihozlar uy xo‘jaligida elektr iste’molining katta qismini oladi. Bunday jihozlarning elektr sarfi jami iste’molning 50 – 70 foizini tashkil qilishi mumkin. Bu – jihozning isitish yoki sovitish moslamasi ekanligiga bog‘liq. Isitish jihozlari sovitish jihozlariga ko‘ra ancha ko‘p energiya talab qiladi», deydi kompaniya injeneri Andryus Peryavichyus.

Uning so‘zlariga ko‘ra, suv isitish moslamalari (boylerlar) eng ko‘p energiya sarflovchi jihozlar ro‘yxatida ikkinchi o‘rinda turadi. Agar boylerda isitiladigan suv yuvinish, idish yuvish, kir yuvishga ishlatilsa, bu xarajatlar hissasi yillik iste’molning 12 foizigacha yetishi mumkin. Elektr suv isitkichning sarf ko‘rsatkichlari oila a’zolari soniga hamda ularning tejamkorlik madaniyatiga chambarchas bog‘liq. Ba’zi holatlarda u oyiga 400 kilovatt-soatgacha yetadi.

Bunday uskunalarning iste’molini faqatgina qat’iy nazorat orqali kamaytirish mumkin. Masalan, uyda uzoq vaqt bo‘lmagan paytingiz «ta’til» rejimini yoqib qo‘yish mumkin. Shuningdek, suvdan hech kim foydalanmaydigan soatlarda boylerni o‘chirib qo‘ysa ham bo‘ladi.

Boshqa jihozlar

O‘rtacha olganda, kir yuvish mashinasi yillik iste’molning 2–5 foizini, idish yuvish mashinasi 2–3 foizini, elektr plita va duxovka 8 foizini tashkil etadi. Tabiiyki, ushbu elektr jihozlarning sarfi ulardan qanchalar ko‘p foydalanishimizga bog‘liq. Kir va idish yuvish mashinalarini faqat to‘ldirgan holda ishlatish orqali energiya sarfini anchagina kamaytirish mumkinligi isbotlangan.

Kompyuterlar, televizorlar, gadjetlar ham bugungi kunda ancha ommalashgan hamda jami xarajatlarimizning taxminan 10 foizini «yeb qo‘yadi». «Ushbu uskunalar odatda uydagi tarmoqda ulangan holda qoldiriladi va yoqilmagan vaqtda ham tok oladi», deydi A.Peryavichyus.

Chiroqlar va muzlatkich

Uyimizni yoritish uchun o‘rtacha statistikaga ko‘ra, jami xarajatlarning taxminan 10–12 foizi ketadi. Agar yorug‘lik diodli lampalar o‘rniga quyma lampalardan foydalanilsa, bu ko‘rsatkich bir necha baravar yuqori bo‘lishi ham mumkin. Chiroq haqida gap ketganda, elektrni tejashning eng oddiy usuli – hech kimga kerak bo‘lmagan xonalarda chiroqni yoqiq qoldirmaslikdir.

Standart muzlatkich yiliga o‘rtacha 150 kilovatt-soat energiya iste’mol qiladi. Biroq mutaxassislarning ta’kidlashicha, muzlatkich xona devori yoki burchagiga o‘ta yaqin qo‘yilsa va havo aylanishi yaxshi bo‘lmasa, juda issiq xonada tursa, energiya sarfi oshib ketadi. «Yana bir jihat – muzlatkich 3/4 qismga to‘ldirilgan holatda samarali ishlaydi. Shu sababdan uning eskirgan narsalar bilan to‘lib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak», deydi A.Peryavichyus.

Xulosa o‘rnida aytganda, uyda hamda ofisda aksariyat energiya tejamkor yechimlarni tez va osonlik bilan ro‘yobga chiqarish mumkin. Buning uchun alohida investitsiya yoki katta bir mehnat talab etilmaydi. Avvalo, o‘z xonadonimizni (yoki ofisimizni) vaqt ajratib auditdan o‘tkazishimiz lozim bo‘ladi. Har kim bugungi iste’mol ko‘rsatkichidan qat’i nazar, tejash uchun qandaydir ortiqcha narsani topadi.

Bu yerda yana bir jihatni unutmaslik lozim. Fanda «Xulq-atvor iqtisodiyoti» degan nazariya bor (uning asoschilaridan biri bo‘lgan Richard Taler 2017 yilda Nobel mukofotiga loyiq ko‘rilgan). Ushbu nazariyaga ko‘ra, odamlar ba’zida o‘z xulq-atvoriga zid bo‘lgan, iqtisodiy irratsional harakatlar qiladi. Masalan, fitnes-klubga abonement sotib oladi, ammo bormaydi.

Energiya hamda suv resurslaridan foydalanishda tejamkor va mas’uliyatli bo‘lish, avvalo, hech bo‘lmaganda, o‘z iste’molini qat’iy nazorat qilish ko‘nikmalarini shakllantirishda aynan shu iqtisodiy modeldan samarali foydalanish mumkin. Oddiy misol: sizning telefoningizga har oy keladigan oylik elektr iste’moli to‘g‘risidagi odatdagi quruq statistik ma’lumot bilan birga, ushbu xonadon bir oyda o‘z mahallasi, tumani va respublikadagi o‘rtacha iste’moldan ko‘proq/kamroq ishlatgani ko‘rsatib berilsa, bu ma’lumot har qanday odamni o‘ylashga, o‘z iste’molini «jilovlashiga» juda kuchli turtki bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring