Terrorchilik tashkilotini tuzgan o‘zbekistonlik Suriyada o‘lim topdi
Suriyadagi janglarda terrorchilik tashkilotlaridan biriga rahbarlik qilgan O‘zbekiston fuqarosi Ulug‘bek Bobomurodov halok bo‘ldi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 1972 yilda tug‘ilgan Ulug‘bek Bobomurodov Toshkent shahri Yunusobod tumanida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tgan, ma’lumoti o‘rta. 2009−2010 yillarda Termiz shahrida «Jihodchilar jamoati»ni tashkil qilgan.
2011 yilda guruh a’zolarining ko‘pchiligi hibsga olingan, qolganlariga qidiruv e’lon qilingan. Bu paytda Rossiyada bo‘lgan «Termiz jamoati» a’zolari Turkiyaga qochib o‘tgan.
2013 yil may oyida Ulug‘bek Bobomurodov Suriyada «Katibat ul imom al-Buxoriy» xalqaro terrorchilik tashkilotini tuzgan. O‘sha yili unga nisbatan Jinoyat kodeksining 244−2-moddasi (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qidiruvga berilgan.
«Hozirda Bobomurodov Ulug‘bek Abdurasulovich Suriyadagi jangovar harakatlar chog‘ida vafot etgani to‘g‘risida tezkor ma’lumotlar olingan», — deyiladi xabarda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter