Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

To‘g‘ri va sifatli ovqatlanish bola immunitetini kuchaytiradi

To‘g‘ri va sifatli ovqatlanish bola immunitetini kuchaytiradi

Illyustrativ foto

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi vazirlirning o‘quv-tarbiya muassasalari bo‘yicha bosh mutaxassisi, tibbiyot fanlari doktori Inobat Ahmedova bilan suhbat uyushtirdi.

– Ma’lumki, kasallikka chalinmaslik yoki uni yengil o‘tkazishda immunitet muhim o‘rin tutadi. Shu ma’noda o‘quvchilarning ovqatlanish ratsioni qay tartibda bo‘lishi kerak?

– Maktab o‘quvchilaridagi immunitet zaifligiga ko‘pincha vitaminlar tanqisligi, yomon uyqu va doimiy psixologik stress sabab bo‘ladi. Keling, immunitetni kuchsizlantiradigan omillarni ko‘rib chiqamiz.

Psixologik holat va bolalar immuniteti

Uydagi ijobiy psixologik mikroiqlim bolalar salomatligining muhim shartidir. Siz bolaga baland ovozda gapirmasligingiz, tez-tez tanbeh bermasligingiz kerak. Maktab o‘quvchisining psixologik holatini barqarorlashtirishning eng yaxshi usullari bu do‘stlar bilan uchrashish, sevimli mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanish, ota-onalar bilan film tomosha qilish, o‘yin o‘ynash va sayohat qilish kabilardir.

Sog‘lom uyqu va kun tartibi

Maktab yoshidagi bolalarining organizmi ma’lum ritmlarga moslashadi. Shuning uchun uxlash, ovqatlanish, o‘ynash, yurish va mashq qilish uchun vaqt topish juda muhimdir. Immunitetni yaxshilash uchun bolani yoshligidanoq rejimga ko‘niktirish yaxshiroqdir. Turli yoshlarda ertalab turish, tushlik qilish, uy vazifasini bajarish va yotishga tavsiya etilgan vaqt mavjud.

Kichik maktab yoshidagi bola kechqurun soat 21:00da yotishi va ertalab soat 7:00da turishi kerak, kattaroq o‘quvchilar keyinroq, soat 22:00da yotishlari mumkin. To‘liq kunlik dam olish immunitetga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Uyqu paytida bola organizmidagi metabolizm tezroq bo‘ladi, shuning uchun bolalar bu soatlarda yaxshi o‘sadi.

Ovqatlanish ratsioni

Maktab o‘quvchilari orasida pala-partish ovqatlanuvchi bolalarning soni yildan yilga ortib boryapti. Yarim tayyor fasfud taomlar va o‘quv jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan og‘ir yuklama ko‘pincha bolalarga zarur bo‘lgan vitamin va minerallarni ovqatdan olishiga to‘sqinlik qiladi. 7 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan davrda bolaning tanasida bir vaqtning o‘zida o‘sish va o‘rganish vazifalarini turganini unutmaslik kerak. Bu esa ota-onadan alohida e’tibor talab etadi.

Bola kuniga kamida 4 marta ovqatlanish kerak. Soat 7:30-8:00da nonushta (uyda, maktabga ketishdan oldin), 10:30-11:30da maktabda issiq nonushta, 14:00-15:00da maktabda tushlik yoki uyda 19:00-19:30da kechki ovqat.

Agar bolada ozg‘inlik yoki ortiqcha vazn bo‘lsa, ovqatlanishni sozlash uchun shifokor maslahati zarur. Sport bilan shug‘ullanadigan o‘quvchining ovqatlanishi jismoniy mashqlar hajmini hisobga olgan holda tuzatilishi talab etiladi.

Yodlangan tuzni doimiy istemol qilish, suv ichish rejimiga amal qilish va ovqatlanish ratsionida vitanimlarga boy bo‘lishi kerak.

Immunitetni oshirishga tabiiy antioksidant bo‘lgan asal va viruslarga qarshi samarali kurashadigan sarimsoq yordam beradi.  A vitamini bilan boyitilgan sabzi va shirin kartoshkani, sitrus mevalari va brokkoli S vitamini hamda gripp va nafas yo‘llarining yuqumli kasalliklariga qarshi kurashishda yordam beradigan Ye vitaminiga boy yong‘oqlar, albatta, bolalar ratsionida bo‘lishi maqsadga muvofiq.

To‘g‘ri ovqatlanishni tashkil qilishdagi birinchi qadam ovqatlanish madaniyatiga rioya qilishdir. Nonushta, tushlik, kechki ovqat muntazam bo‘lishi va jadvalga muvofiq bo‘lishi kerak.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring