Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Islom Karimovning 80 yilligi Toshkent islom institutida ham keng nishonlandi

Islom Karimovning 80 yilligi Toshkent islom institutida ham keng nishonlandi

Foto: «islaminstitut.uz»

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 27 noyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida»gi qarori asosida butun mamlakatimiz bo‘ylab keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy U.Alimov topshirig‘iga asosan Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida ham 20-30 yanvar kunlari O‘zbekiston mustaqilligining asoschisiga bag‘ishlab qator tadbirlar amalga oshirildi.  Bu haqda TII rektori Uyg‘un G‘afurov ma’lum qildi.

Xususan, Toshkent islom instituti ustoz va talabalari tomonidan 80 marta Qur’oni karim xatm qilindi va savobi xalqimizning buyuk farzandi Islom Karimov ruhoniyatlariga bag‘ishlandi.

Institut talaba qizlari uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur ishtirokida «Dinimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shgan inson yodi» deb nomlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, Axborot-resurs markazi tomonidan institut foyesida «Islom Karimov – mustaqilligimiz asoschisi» mavzusida I.A.Karimovning 61 nomdagi 103 ta asarlari hamda din, ma’naviyat va milliy qadriyatlarimiz haqidagi so‘zlari namoyish qilindi.

Foto: «islaminstitut.uz»

Bundan tashqari, 2-3 kurs talabalari uchun Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi, tarix fanlari doktori, professor Ubaydulla Uvatov ishtirokida «Buyuk karvonga – munosib sarbon» mavzusida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi.  Institut talabalari va murabbiylari Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy memorial majmuaga tashrif buyurib, Islom Karimovning hayoti va mehnat faoliyati bilan bog‘liq ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning mamlakatimiz mustaqilligini qo‘lga kiritishga, milliy davlatchiligimizni qurishga qo‘shgan ulkan hissasi va uning tarixiy rolini abadiylashtirish maqsadida talabalari o‘rtasida «Eng yaxshi insho» tanlovi o‘tkazildi.  Tanlov g‘oliblari O‘zbekiston musulmonlari idorasida Toshkent islom instituti rektorining maxsus diplomi va qimmatbaho sovg‘alar bilan tantanali taqdirlandi.

Foto: «islaminstitut.uz»

Institutning 1-kurs talabalari uchun O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi, tarix fanlari doktori, Toshkent islom universiteti professori Ahadjon Hasanov ishtirokida «Buyuk yo‘lboshchimiz xotirasi mangu barhayot» mavzusida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida institut professor-o‘qituvchilari va talabalarga Islom Karimovning ibratli umr yo‘li, samarali rahbarlik faoliyati, Vatanimiz oldidagi fidokorona mehnati, eng og‘ir damlarda ham farzandlik burchini munosib ado etgani, xalqimizning orzu-umidlari va ertangi kuni uchun yashagan chin o‘zbek farzandi bo‘lganligi, jahon miqyosida katta obro‘-e’tibor qozonib, buyuk davlat va siyosat arbobi sifatida Vatanimiz tarixida o‘chmas iz qoldirgani haqida ma’lumotlar berildi.

Foto: «islaminstitut.uz»
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring