Toshkent shahridagi tumanlar biriktirilgan sektorlar bilan tanishing
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-avgustdagi «Hududlarni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, joylarda ishni tashkil etishning yangi tizimi asosida barcha shahar va tumanlar hokimliklari, prokuratura, ichki ishlar va davlat soliq xizmatining hududiy rahbarlari boshchilik qilayotgan kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyati izchil yo‘lga qo‘yilgan edi.
Qaror ijrosi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tomonidan joylarga chiqqan holda tizimli nazorat o‘rnatilib, ijrosi bo‘yicha amaliy yordamlar ko‘rsatilmoqda. Toshkent shahar ixtisoslashuviga ko‘ra, chuqur tahlil qilinib 4 ta sektorga bo‘lindi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi xabar berdi.
Jumladan, Toshkent shahar hokimiga – Mirzo Ulug‘bek, Yashnobod va Bektemir tumanlari;
Toshkent shahar prokuroriga – Sergeli, Mirobod va Yakkasaroy tumanlari;
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘iga – Olmazor, Shayxontohur va Yunusobod tumanlari;
Toshkent shahar Davlat soliq boshqarmasi boshlig‘iga – Uchtepa va Chilonzor tumanlari biriktirildi.
Aholi xonadonlaridagi muammolarni aniqlash va yechimini kutayotgan masalalarni tezkorlik bilan hal etish maqsadida hududlardagi sektor rahbari tomonidan 20 nafardan mutasaddi xodimlardan iborat ishchi guruhlar shakllantirildi.
Ular oldiga hududlardagi bo‘sh turgan bino va yer maydonlaridan samarali foydalanish, yangi ish o‘rinlarni yaratish, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, uy-joy kommunal va yo‘l ho‘jaligi, transport qatnovi, arxitektura, hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va barcha jabhalardagi muammolarni aniqlash hamda hal etish bo‘yicha aniq maqsadga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan muhim vazifalar belgilandi.
Uyma-uy yurish jarayonida aniqlanib, joyida bartaraf etilmagan masalalarni ijobiy hal qilish bo‘yicha sektorlar kesimida «Yo‘l xarita»larini shakllantirish va unga kiritilgan masalalarni rejali ravishda muddatida hal qilish tartibi belgilab berildi.
Aholi xonadonlaridagi, mahallalar, korxona, tashkilot va muassasalar, shuningdek, tadbirkorlar faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan va o‘z yechimini topmayotgan masalalar bo‘yicha bevosita o‘sha hududda tashkil etilgan sektor rahbariga murojaat qilish mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter