Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda sigaret chekkanlarni jarimaga tortish boshlandi

Toshkentda sigaret chekkanlarni jarimaga tortish boshlandi

Foto: Xabar.uz

Toshkent shahrida jamoat joylarida sigaret chekkan fuqarolar jarimaga tortilishni boshlagan. Bu haqda bir necha ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari yozgan.

Bir foydalanuvchining yozishicha, ko‘chada chekkani uchun 90 ming so‘m jarima yozilgan. Bunday mazmundagi postlar 3 kishi tomonidan yozilgan, bitta holatda elektron tamaki bo‘lgan.

Aytishlaricha, jarima belgilashda pasport so‘ralyapti yoki planshetga barmoq izi bosilyapti. Barmoq izi orqali shaxsning barcha ma’lumotlari chiqib kelyapti.

Jamoat joyida sigareta chekish 2015 yildan taqiqlangan. Bu haqda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha kiritilgan:

«Ish joylarida, sog‘liqni saqlash, ta’lim, sport-sog‘lomlashtirish muassasalarida, yong‘in chiqish xavfi bo‘lgan joylarda, shu jumladan avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida va boshqa jamoat joylarida tamaki mahsulotini iste’mol qilish, bundan tamaki mahsulotini iste’mol qilish uchun maxsus ajratilgan joylar va (yoki) xonalar mustasno, bazaviy hisoblash miqdorining uchdan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi».

Tarmoq foydalanuvchilari qonunga qarshi emas, lekin chekish uchun alohida maxsus joylar yo‘qligiga norozilik bildirishgan: «Bizda chekish uchun maxsus joy bormi o‘zi? Nega nos tuflaganlarga bunday jazo yo‘q?», deya savol berishgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring