Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

To‘y-hashamlarni tartibga solish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqildi

To‘y-hashamlarni tartibga solish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqildi

Foto: «Sputnik»

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining «To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida»gi qarori muhokamaga qo‘yildi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 15 kun muddatda to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlarni muvofiqlashtiruvchi respublika komissiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar)larda To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlarni muvofiqlashtiruvchi hududiy komissiyalar tuzilishi hamda ular faoliyatini tashkil etishga oid normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilishini ta’minlaydi.

Shuningdek, oilaviy tadbirlarning o‘tkazilishi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish hamda ularni ixcham, kamtarona, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymasdan o‘tkazish bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borish, barcha darajadagi davlat organlari va muassasalarining rahbarlari oilaviy tadbirlarni o‘tkazishda o‘rnatilgan talablarning bajarilishi uchun shaxsan namuna bo‘lishlarini, ushbu masalada ularning shaxsiy mas’uliyati va javobgarligini belgilash, nikohga kirayotgan shaxslar uchun ularni oila qurishga tayyorlash bo‘yicha maxsus o‘quv kurslarini tashkil etish, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari qoshida aholiga, birinchi navbatda uning kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga arzonlashtirilgan xizmat ko‘rsatadigan 150 tagacha o‘rinli to‘yxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, oilaviy tadbirlarni o‘tkazishda aholiga oziq-ovqat va boshqa turdagi mahsulotlarni arzon narxlarda yetkazib berish bo‘yicha xizmat ko‘rsatadigan tuzilmalarni tashkil etish choralarini ko‘rish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, oilaviy tadbirlarda san’atkorlar (xonanda, sozanda, raqqosa, boshlovchi, so‘z ustasi, fotograf va boshqalar) tomonidan xizmat ko‘rsatish tartibini ishlab chiqish, bunda san’atkorlarning shartnoma asosida xizmat ko‘rsatishini, xizmat ko‘rsatish narxlarining eng yuqori miqdorini, shuningdek, oilaviy tadbirga faqat bir nafar san’atkorni (guruhni) jalb etish borasida cheklov o‘rnatiladi.

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashiga bir oy muddatda kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining oilaviy tadbirlarini o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha maxsus jamg‘arma tashkil qilinishi mo‘ljallanmoqda.

O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda oilaviy tadbirlarda pullik avtotransport xizmati ko‘rsatish faoliyatini litsenziyalashning alohida tartibi ishlab chiqiladi.

Eng asosiysi, barcha darajadagi davlat organlari rahbarlari va mansabdor shaxslariga o‘z oilaviy tadbirlarini o‘tkazishda aholiga shaxsiy namuna bo‘lishlari hamda o‘rnak ko‘rsatishlari tavsiya etilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring