Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tug‘ilganlikni qayd etish bo‘yicha yangi loyiha ishlab chiqildi

Tug‘ilganlikni qayd etish bo‘yicha yangi loyiha ishlab chiqildi

Foto: O‘zA

Davlat xizmatlari agentligi mutaxassislari tomonidan Tug‘ilganlikni qayd etish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning MA’MURIY REGLAMENTI loyihasi ishlab chiqildi. Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va BMT Taraqqiyot Dasturining «Samarali davlat boshqaruvini rivojlantirishga ko‘maklashish va raqamli transformatsiya» qo‘shma loyihasi hamda BMTning «Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik fondini tashkil qilish orqali Orol fojiasidan zarar ko‘rgan aholining turmush sharoiti salohiyatini mustahkamlash» qo‘shma dasturi doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Loyihada reglamentning jismoniy shaxslarga (bolaning ota-onasi yoki ulardan biri, alohida hollarda esa qarindoshlari, qo‘shnilari yoki ota-onasi yoxud ota-onasidan biri vakolat bergan boshqa shaxslar) (keyingi o‘rinlarda ariza beruvchilar deb yuritiladi) tug‘ilganlikni qayd etish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatish tartibini belgilashi nazarda tutilmoqda.

Unga ko‘ra,  quyidagi hollarda:

  • nikohda bo‘lmagan ota-onadan tug‘ilgan bolaning tug‘ilishi ularning birgalikdagi arizasi (otalikni belgilash) asosida tug‘ilishini qayd etishda;
  • topib olingan (tashlab ketilgan) bolaning tug‘ilishini qayd etishda;
  • yolg‘iz onaning arizasi bilan bolaning tug‘ilishini qayd etishda;
  • o‘lik tug‘ilgan bolaning tug‘ilganligini, hayotining birinchi haftasida o‘lgan (perinatal o‘lim) bolalarning tug‘ilganligini, shuningdek egizaklardan biri o‘lik tug‘ilganda yoki hayotining birinchi haftasida (perinatal o‘lim) vafot etganda tirik egizakning tug‘ilganligini qayd etishda;
  • sudning hal qiluv qaroriga asosan bolaning u yoki bu onadan tug‘ilganlik faktini qayd etishda tatbiq etilmaydi.

Davlat xizmati ko‘rsatishda quyidagilar amalga oshiriladi:

a) Tibbiy muassasa (tug‘uruqxona, shifoxona tug‘uruq bo‘limi):

- ota-ona va bola haqidagi barcha ma’lumotlarni tegishli so‘rovnomaga va elektron tibbiy ma’lumotnomasini shakllantirish uchun maxsus elektron blankaga kiritiladi;

- to‘ldirilgan so‘rovnoma va unga ilova qilingan elektron tibbiy ma’lumotnomasi, so‘rovnomada ko‘rsatilgan (ota-onaning yashash manzili yoki bola tug‘ilgan manzili bo‘yicha) Davlat xizmatlari markaziga yuboriladi.

b) Davlat xizmatlari markazi:

- so‘rovnoma va unga ilova qilingan elektron tibbiy ma’lumotnomani FHDYo bo‘limiga elektron tarzda yetkazib beradi;

- ariza beruvchining so‘roviga ko‘ra, tegishli elektron tibbiy ma’lumotnomasi va almashish kartasini ariza beruvchining yashash joyidagi tibbiy poliklinikaga yuboradi;

- tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani ariza beruvchiga beradi.

v) FHDYo bo‘limi:

- tug‘ilganlik holatini qayd etadi;

- tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani Davlat xizmatlari markaziga yetkazib beradi;

- bir martalik nafaqani berish uchun tegishli Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga so‘rovnoma va tug‘ilganlik haqidagi ma’lumotnomani elektron tarzda yuboradi.

g) Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi tegishli so‘rovnomani va ilova qilingan hujjatni o‘rganib chiqib, so‘rovnomada ko‘rsatilgan bank hisob raqamiga bir martalik nafaqani o‘tkazadi.

d) Tibbiy poliklinika almashish karta va tibbiy ma’lumotnoma asosida bolani ushbu tibbiy poliklinikada hisobga qo‘yadi.

Davlat xizmatlari markazlari, FHDYo bo‘limlari, tibbiy muassasalar, budjetdan tashqari pensiya jamg‘armalari hamda tibbiy poliklinikalar o‘rtasidagi axborot almashinuvi orqali faqat idoralararo elektron o‘zaro bog‘lanish yordamida amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, bola tug‘ilgan joydagi tibbiy muassasa xodimi ariza beruvchi nomidan davlat xizmatini olish uchun so‘rovnomasini elektron tarzda to‘ldiradi. So‘rovnomaga quyidagi hujjatlar elektron ko‘rinishda ilova qilinishi reglament loyihasida aks etgan, ya’ni:

  • tug‘ilganlik haqidagi elektron tibbiy ma’lumotnoma;
  • elektron almashish kartasi;
  • ota-onalarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar (nusxasi);
  • nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnoma (ma’lumotnoma) (nusxasi).

Ota-onalardan birining shaxsini tasdiqlovchi hujjat bo‘lmagan alohida hollarda ota yoki ona haqida ma’lumotlar nikoh tuzilganligi yoki avvalgi bolalarining tug‘ilganligi haqidagi guvohnomalari asosida ko‘rsatiladi.

Ota-onaning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lmaganda bolaning tug‘ilganligini qayd etish tibbiyot muassasasining yoki vasiylik va homiylik organining yozma murojaatlariga asosan amalga oshiriladi.

Bola tug‘ilgunga qadar uning otasi vafot etgan vaqtdan, ota-onasi nikohi bekor qilinganligidan yoki ota-onasining nikohi sud tomonidan haqiqiy emas deb topilgandan keyin 300 kundan ko‘p vaqt o‘tmagan bo‘lsa ariza beruvchi tomonidan nikohdan ajralganlik haqidagi guvohnoma, sudning nikohdan ajratish haqidagi qaroridan ko‘chirma (nusxa) yoki nikohni haqiqiy emas deb topganligi to‘g‘risida sudning qonuniy kuchga kirgan qaroridan ko‘chirma (nusxa) yoki otasining o‘limi haqidagi guvohnomasi taqdim etiladi.

So‘rovnoma to‘ldirilgandan so‘ng ariza beruvchi ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshirib, o‘z imzosi bilan tasdiqlaydi.

Ariza beruvchida so‘rovnomada noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘rsatilishi, hujjatlar to‘liq taqdim etilmaganligi yoki hujjatlar belgilangan tartibda rasmiylashtirilmagan bo‘lsa, shuningdek davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun to‘lovni to‘lamaslik davlat xizmati ko‘rsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi.

Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan uni ko‘rsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan bosh tortganda uning so‘rovnomasi ko‘rmasdan qoldiriladi. Bunda, davlat xizmatini ko‘rsatish uchun to‘langan mablag‘lar qaytariladi.

Tibbiy muassasa xodimi tomonidan so‘rovnoma to‘ldirilib, u ariza beruvchining imzosi bilan tasdiqlanganidan so‘ng, barcha hujjatlarning elektron nusxasi 1 ish soat davomida Davlat xizmatlari markazlariga yuboriladi. Davlat xizmatlari markazi so‘rovnoma tushganidan so‘ng 30 daqiqa mobaynida markazda joylashgan FHDYo bo‘limlariga so‘rovnoma va ilova qilingan hujjatlarni yuboradi. Ariza beruvchining so‘roviga ko‘ra, tegishli elektron tibbiy ma’lumotnomasi va almashish kartasini ariza beruvchining yashash joyidagi tibbiy poliklinikaga bolani hisobga qo‘yish uchun yuboradi.

FHDYo bo‘limlari tug‘ilganlikni qayd etish masalasidagi so‘rovnoma va unga ilova qilingan hujjatlarni qabul qilib olganidan so‘ng 3 ish soati ichida Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 14-noyabrdagi 387-son qarori bilan tasdiqlangan Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalariga asosan ko‘rib chiqadi va natijasiga ko‘ra bolaga nisbatan tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvini rasmiylashtiradi.

FHDYo bo‘limlari 20 daqiqa ichida qayd etilgan tug‘ilganlik haqida dalolatnoma yozuvi, tug‘ilganlik haqida gerbli guvohnoma Davlat xizmatlari markaziga yetkazib beradi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limiga so‘rovnoma va tug‘ilganlik haqida ma’lumotnomani yuboradi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limiga so‘rovnoma va tug‘ilganlik haqida ma’lumotnomasi kelib tushganidan so‘ng 1 ish kuni mobaynida so‘rovnomada ko‘rsatilgan bank hisob raqamiga bir martalik nafaqani o‘tkazadi, yoki ariza beruvchini so‘roviga ko‘ra, o‘zi murojaat qilgan taqdirda, naqd ko‘rinishda beradi.

Tibbiy poliklinika bolaning elektron tibbiy ma’lumotnomasi va almashish kartasi kelib tushganidan so‘ng 1 ish kuni mobaynida, bolani hisobga qo‘yadi va bolaga belgilangan shaklda anketa ochib beradi.

Davlat xizmatlari markazi FHDYo bo‘limlari tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni qabul qilib olgandan so‘ng 10 daqiqa ichida ariza beruvchini axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi va ariza beruvchiga bolaga nisbatan tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvini imzolatgan holda taqdim etadi.

Agar ariza beruvchi tug‘ilganlikni qayd etish va u bilan bog‘liq bo‘lgan hujjatlarni 3 ish kuni davomida Davlat xizmatlari markazidan olib ketmasa, Davlat xizmatlari markazi ushbu hujjatlarni dalolatnoma tuzgan holda tegishli FHDYo bo‘limlariga topshiradi va bu haqda ariza beruvchini xabardor qiladi.

Davlat xizmatlari markazlari, FHDYo bo‘limlari, tibbiy muassasalar, budjetdan tashqari pensiya jamg‘armalari hamda tibbiy poliklinikalar o‘z faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan ariza beruvchilar haqidagi ma’lumotlarning sir saqlanishini ta’minlashi kerak.

Xulosa shuki, loyiha fuqarolarimizning bir necha idora orasidagi sarsongarchiliklari, byurokratiyaning oldini olish va bir joyning o‘zida bir necha tashvishlardan xalos bo‘lishiga imkon yaratadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring