Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Umumiy ovqatlanish korxonalari baland soliqlardan aziyat chekmoqda — vazirlik

Umumiy ovqatlanish korxonalari baland soliqlardan aziyat chekmoqda — vazirlik

Foto: Xabar.uz

Adliya vazirligi umumiy ovqatlanish sohasiga oid bir qator muammolarni aniqladi.

Muammolar vazirlik tomonidan 2100 ta sanoat korxonalari vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar reglamenti va amaliyotini o‘rganish natijalari asosida aniqlandi.

Birinchidan, sohani tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari va qoidalar eskirgan, biznes yuritish amaliyotiga mos kelmaydi. Masalan, restoran tozalash, ta’mirlash va shu kabilar ishlar uchun yopilishidan bir hafta oldin bu haqda e’lonni osib qo‘yishi kerak. Buni bajarmasa 2 mln so‘m jarimaga tortiladi.

Ikkinchidan, soliq yukining yuqoriligi umumiy ovqatlanish korxonalarining 61 foizini soliqdan qochishga undamoqda.

Shuningdek, ko‘p soliqlar to‘lash o‘z-o‘zidan ular bilan bog‘liq soliq ma’muriyatchiligini ham murakkablashtirmoqda: korxona 6 xil vaqtda soliqlarni to‘lashi va 5 xil vaqtda soliq hisobotlarini taqdim etishi lozim. Shu sababli, umumiy ovqatlanish xizmatlari faoliyatini boshlashda respondentlarning deyarli 1/3 qismi soliq qonunchiligini tushunib olishda qiynalishgan.

Mazkur omillar esa, o‘z navbatida sohadagi yashirin iqtisodiyotning ulushi yuqori (30-40 foiz) bo‘lishiga olib kelmoqda.

Uchinchidan, tekshirish o‘tkazish holatlari juda ko‘p. Umumiy ovqatlanish korxonalarini 10 dan ortiq davlat idoralari (soliq, yong‘in nazorati, sanitariya nazorati, mehnat, ichki ishlar organlari, kommunal xizmatlarni ko‘rsatuvchi korxonalar va b.) doimiy bezovta qiladi.

Ularni eng ko‘p tekshiruvchi 3 ta idoralar (soliq, yong‘in nazorati, sanitariya nazorati) tomonidan 2020-2021 yillarda 8 mingga yaqin tekshirish o‘tkazilgan. Ya’ni, har yili o‘rtacha 14,5 foiz umumiy ovqatlanish korxonalari tekshirilgan.
To‘rtinchidan, tekshirishlardagi korrupsiya holatlari.

Masalan, respondentlarning 26,4 foizi (905 nafar) soliq, 20,3 foizi (697 nafar) sanitariya va 11,3 foizi (387 nafar) yong‘in nazorati organlarida korrupsiya holatlariga duch kelishganini, shuningdek, korrupsiyaning eng ko‘p tarqalgan turi davlat organlari xodimlariga bepul xizmat ko‘rsatish ekanligini ta’kidlashgan.

Beshinchidan, infratuzilma ob’yektlariga ulanish va ularda bo‘ladigan uzilishlar. 63,4 foiz umumiy ovqatlanish korxonalari faoliyatini boshlashda infratuzilma ob’yektlari bilan bog‘liq muammolarga duch kelishgan.

Ta’minotdagi uzilishlar ham ular uchun odatiy hol bo‘lib qolmoqda. Jumladan, respondentlarning 36,3 foizi (766 nafari) suv ta’minotida, 35,2 foizi (742 nafari) gaz ta’minotida, 28,5 foizi (602 nafari) elektr ta’minotida qiyinchiliklarga yo‘liqishmoqda.

Oltinchidan, ishchilarni norasmiy yollash. Odatda, restoran, kafe va oshxonalarda oshpaz, ofitsiant, farrosh kabi ishchilarni mehnat shartnomasi tuzmasdan og‘zaki kelishuv bilan ishga oladi.

«So‘rovda ishtirok etgan korxonalar o‘z ishchilariga oyiga o‘rtacha 1,8 mln so‘m ish haqi to‘lab kelayotganligini inobatga olsak, ulardagi norasmiy bandlik tufayli davlat budjetiga 1,6 trln so‘mlik (ijtimoiy va daromad soliqlari) qo‘shimcha pul tushmasdan qolgan deyish mumkin»— deyiladi vazirlik o‘rganishida. 

Ushbu muammolarni hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilib, tegishli idoralarga taqdim etilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring