Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda multimedia jurnalistlarining yangi avlodi tarbiyalanadi — Firdavs Abduholiqov

O‘zbekistonda multimedia jurnalistlarining yangi avlodi tarbiyalanadi — Firdavs Abduholiqov

Toshkentda Rene Falkner, Boris Maksudov, Baxtiyor Turaxonov va boshqa yetakchi mutaxassislar boshchiligida yosh jurnalistlarning media-kurslari boshlanadi,ishtirokchilar kasting asosida tanlab olinadi. O‘quv mashg‘ulotlari O‘zEOAVMA, qator mahalliy telekanallar va Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tashkil etilmoqda.

Kasting 3-7 may kunlari poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida bo‘lib o‘tadigan «Yangi O‘zbekiston. Yangi nigoh» mediahaftaligi doirasida bo‘lib o‘tadi.

Umumiy hisobda 100 kishi tanlab olinadi, ular media sohasidagi bir qator kasblar bo‘yicha chuqur o‘quv kurslarida ta’lim olishadi. Kurslarni boshlashdan oldin ularga kerakli jihozlarning to‘liq to‘plami - kamera, kompyuter beriladi. Joriy yilning sentyabr oyigacha davom etadigan kursda talabalar stipendiya olishadi.

Yoshlar ko‘p formatli media-kontent yaratish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishadi. Ular televideniye reportajlarini suratga olishni, blog yuritishni, axborot saytlari uchun multimedia materiallarini tayyorlashni va radiosyujetlar tayyorlashni o‘rganishadi. Kurslarni tugatgandan so‘ng, yoshlar universal mediajurnalist sifatida faoliyat olib borishlari mumkin.

Yetakchi telekanallarning mutaxassislari pedagog vazifasini bajarishadi. Ular SMM va PR, montaj, videos’yemkaning xususiyatlari va sirlari, axborot dasturlarini tayyorlash, tok-shoularni yaratish bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlashadi. Yoshlar o‘zlarining amaliy ko‘nikmalarini poytaxtdagi davlat va nodavlat telekanallarining studiyalarida rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

«Zamonaviy yoshlar ko‘p qirrali, ular har qanday ko‘nikmalarni tezda o‘zlashtirishlari va bir vaqtning o‘zida bir nechta yo‘nalishlarda rivojlanishlari, professional o‘sishga erishishlari mumkin. Media kurslar ilg‘or texnologiyalar, tajribali mutaxassislar va zamonaviy texnologiyalar yordamida tele, radio va internet jurnalistikasida faoliyat olib borish qobiliyatiga ega mutaxassiclarni tayyorlash imkonini beradi», - deya ta’kidlab o‘tdi O‘zEOAVMA rahbari Firdavs Abduholiqov.

Loyihaning birinchi bosqichida media-kurslar Toshkentda o‘tkaziladi. Ikkinchi bosqichda O‘zbekistonning boshqa hududlaridan yoshlar tanlab olinadi. Har bir viloyatdan 10 nafardan yoshlarni tanlab olish rejalashtirilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring