Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Karimberdi To‘ramurod

Qo‘rqsang – yozma! Yozdingmi – qo‘rqma!

Va’daga vafo: qidiruvdagi ikki fuqaro oilasiga qaytdi

Va’daga vafo: qidiruvdagi ikki fuqaro oilasiga qaytdi

Foto: «Xabar.uz»

Yaqinda Samarqand viloyat hokimiyatida katta yig‘ilish bo‘lgani, unda viloyat hokimi, viloyat sudi raisi, viloyat prokurori, viloyat DXX raisi, viloyat IIB boshlig‘i adashgan, qidiruvda bo‘lgan yurtdoshlarimizni vatanga, ota-onalari, farzandlari bag‘riga qaytishga da’vat qilgan, viloyat hokimi Turob Jo‘rayev «Ularga ayting, qaytishsin, viloyat hokimi sifatida va’da beraman, hech birini qamamaymiz. Prezidentimizning topshirig‘i bu. Ularni to‘g‘ri yo‘lga solamiz, ish bilan ta’minlaymiz, uyi bo‘lmasa, bu borada ham yordam beramiz» deganini xabar qilgan edik.

Va’daga vafo qilindi.

O‘sha yig‘ilishda 64 yoshli ona, urgutlik Muhayyo Hodiyeva bir emas, uch o‘g‘li chetda yurganini, ularning yosh bolalari borligini aytib, farzandlarini qaytarish borasida yordam so‘ragandi.

Foto: «Xabar.uz»

Mana, farzandlari yo‘liga ilhaq bo‘lgan onaning yana bag‘ri to‘ldi. Bir necha yillardan buyon qidiruvda bo‘lgan aka-uka Asliddin va Xurshid Ergashevlar o‘z ixtiyori bilan yurtimizga qaytgani uchun ularga nisbatan qamoq chorasi qo‘llanmadi.

– Nevaralarim ham otalari mehriga zor edi, – deydi Muhayyo Hodiyeva. – O‘g‘illarim mehnatkash. Endi ular bu ishonchni halol mehnati, vatanga sadoqati bilan oqlashiga men kafilman. Bizga shunday imkoniyatni bergan prezidentimizga ming rahmat!

Adashganlar kech bo‘lsa-da, non-tuz bergan zaminga, yaqinlariga xiyonat qilish gunoh ekanligini tushunib yetdi. Berilgan imkondan foydalanish ularning hayotdagi eng to‘g‘ri tanlovi bo‘ldi. Bu esa yurtimizda insonparvarlik tamoyili amalda ekanligini, bu vatan bosh egib kelgan farzandining ko‘kragidan itarmay, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatib, bag‘riga olishini yana bir bor namoyon etdi.

Kecha viloyat hokimiyatida yana katta yig‘ilish bo‘ldi. Yana viloyat rahbari, viloyat prokurori, viloyat DXX rahbari, sud raisi, IIB boshlig‘i va boshqa rahbarlar so‘zga chiqib, yana bir marta chetda yurgan vatandoshlarimizni yurtga da’vat qilishdi.

− Yana bir bor aytaman, chetda yurgan yaqinlaringizga ayting, qaytishsin! – dedi viloyat hokimi Turob Jo‘rayev. – Bittasining boshidan bir tola sochi tushmaydi. Barcha yordamni beramiz. Mana, ikki yigitimiz qaytdi, yana yetti yigit murojaat qildi. Ularni ham sog‘-salomat ota-onalari bag‘riga topshiramiz.

− Xalqaro qidiruvda bo‘lganlarni qaysi davlatda bo‘lsa ham ushlab, qamashadi, ularning ota-onasi bizga murojaat qilishsin, biz ular turgan davlat rahbarlari bilan muzokara olib borib, ularni o‘zimiz vatanimizga qaytarib kelamiz, − dedi viloyat IIB boshlig‘i Aziz Toshpo‘latov. – Bunday kishilar oldin qamalardi, ammo endi hammasi boshqacha bo‘ldi. Men kafilman, ularning birortasi qamalmaydi.

Viloyat prokurori bu va’dalar, kafilliklar quruq so‘z emasligini, ularga O‘zbekiston Jinoyat kodeksining qaysi moddalari qo‘llanib afv etilishini, amnistiya qo‘llab, qamoq jazosidan ozod qilinishini asoslab berdi.

Foto: «Xabar.uz»

− Hatto Suriyadagi urushda qatnashganlarga ham yordam beramiz, ular ham bizning farzandlarimiz, − dedi Aziz Toshpo‘latov.

Yig‘ilishda qatnashgan «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi rahbari Narimon Umarov ham so‘z oldi:

− Farzandlari chetda yurgan ota-onalar, bizga ham murojaat qiling, biz ham albatta yordam beramiz. Mana, Urgutning ikki farzandi ota-onasi bag‘riga qaytibdi, ayting, boshqalar ham qaytsin!

Yig‘ilishda farzandlari qidiruvda bo‘lgan ota-onalar so‘zga chiqishdi.

Vatanga qaytgan yigitlar so‘z so‘rashdi.

– To‘g‘ri yo‘ldan adashib, ancha vaqtni vatanimiz, oilamiz bag‘ridan yiroqda o‘tkazdik, – deydi Asliddin Ergashev. – Bizga imkon berilganidan mamnunmiz. Bundan to‘g‘ri xulosa chiqarib, halol mehnat qilib, oilamiz bag‘rida hayot kechiramiz. Buning uchun prezidentimizdan, bizning qaytishimizga ko‘mak bergan insonlardan minnatdormiz.

«Xabar.uz»ni o‘qiyotgan, chetda yurgan vatandoshlar! Qayting, sizni vatan, ota-onangiz, farzandlaringiz, yaqinlaringiz kutmoqda.

O‘zbekiston prezidenti sizlarni bolam, ukam, singlim, jigarim deb bag‘rini ochib, yurtga chorlamoqda.

Qayting!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring