Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Vaksinani ko‘r-ko‘rona qo‘llash emas, uning nima maqsadda ishlatilayotganini bilish kerak!»

«Vaksinani ko‘r-ko‘rona qo‘llash emas, uning nima maqsadda ishlatilayotganini bilish kerak!»

Foto:«UNICEF»

Bugun, 2-may kuni «Poytaxt» biznes markazida «UNICEF» tomonidan «Emlash bo‘yicha aksiltashviqotga qarshi kurashishda OAVning roli» mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Mazkur tadbirda birinchi bo‘lib Ispaniyaning Santyago universiteti dotsenti, vrach Federiko Martinon-Torres «Emlash bo‘yicha aksiltashviqotga qarshi kurashishda OAVning roli» mavzusida nutq so‘zladi. Ispaniyalik mutaxassis emlash orqali ko‘plab kasalliklarning oldini olish mumkinligini, ammo keyingi vaqtlarda mazkur ishga qarshi targ‘ibot va u bilan bog‘liq tushunmovchiliklar ko‘payib borayotgani xususida gapirdi.

Foto:«UNICEF»

— Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, immunizatsiya tufayli har yili dunyo bo‘yicha ikki milliondan uch milliongacha kishining hayotini asrab qolinadi. Ammo emlash bilan bog‘liq bir-ikki tushunmovchilik tufayli odamlarda ishonchsizlik paydo bo‘lmoqda. Internet tarmog‘ida vaksinalarga ishonchsizlik uyg‘otadigan ma’lumotlar juda ko‘p, — deya ma’lumot berdi Martinon-Torres.

— Men o‘z farzandlarini emlash uchun olib kelgan ota-onalar shifokorlarning ko‘rsatmalariga ko‘r-ko‘rona amal qilib emas, balki buni nima uchun qilayotganlarini to‘liq tushungan holda harakat qilishlari tarafdoriman. Ular bundan nimani kutishlari kerakligini va vaksinalar bolalarga qanday foyda keltirishini bilishlari kerak. Bu, shuningdek, ota-onalarga vaksinalardan qo‘rqmaslikka yordam beradi, — deydi «UNICEF»ning immunizatsiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Nargiza Fuzaylova. — O‘tgan yili «UNICEF» immunizatsiya to‘g‘risida ota-onalarning qanchalik bilimga egaligini aniqlash uchun tadqiqot o‘tkazdi. O‘zbekistondagi ota-onalarning 50 foizdan ortig‘i emlash nimaligini bilishi juda quvonarli bo‘ldi. Ular vaksina ishlatiladigan kasalliklar haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lmasligi mumkin, ammo mamlakatimizda immunizatsiya amaliyoti borligini va ularning farzandlari emlanishlari lozimligini bilishadi. Eng muhimi, ular farzandlarini emlatishni istaydilar.

Mazkur anjuman doirasida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob olishdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring