Vazirliklarning bo‘sh turgan ob’yektlari ularning roziligisiz sotiladi
Vazirliklarning bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk ob’yektlari ularning roziligisiz ijaraga berish yoki sotish uchun savdoga chiqariladi.
Vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlariga tegishli bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk ob’yektlarini ularning roziligisiz ijaraga berish yoki sotish uchun savdoga chiqarish tartibi to‘g‘risidagi nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi (ro‘yxat raqami 3403, 19.12.2022-y.)
Mazkur Nizom vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlariga tegishli bo‘lgan, 3 oydan ortiq muddat davomida foydalanilmasdan bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk ob’yektlarini (bundan ijtimoiy soha ob’yektlari mustasno) ularning roziligisiz ijaraga berish yoki sotish uchun savdoga chiqarish tartibini belgilaydi.
Ijaraga beruvchi tomonidan ob’yektlarni aniqlash maqsadida doimiy ravishda xatlov o‘tkaziladi.
Xatlov davomida aniqlangan ob’yekt 1 ish kuni ichida axborot tizimiga kiritiladi.
Ijaraga beruvchi ob’yekt haqidagi ma’lumotlarni axborot tizimiga kiritgan kundan boshlab 3 ish kuni ichida ob’yektning balansda saqlovchisiga ogohlantirish xati yuboradi.
Unda balansda saqlovchi tomonidan ob’yektdan 3 oy muddatda samarali foydalanilishi hamda bu haqda ijaraga beruvchiga ma’lumot taqdim etilishi, shuningdek ushbu talabga rioya qilinmagan taqdirda, ob’yekt belgilangan muddat o‘tganidan so‘ng ijaraga berish yoki sotish uchun elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilishi ko‘rsatiladi.
Ob’yektni sotish uchun elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish to‘g‘risidagi qaror quyidagilar tomonidan qabul qilinadi:
- binolari va inshootlarining umumiy maydoni 2000 kvadrat metrgacha bo‘lgan va strategik ahamiyatga ega bo‘lmagan ob’yektlar bo‘yicha – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari;
- binolari va inshootlarining umumiy maydoni 2000 kvadrat metrdan ortiq, ammo 5000 kvadrat metrdan ko‘p bo‘lmagan va strategik ahamiyatga ega bo‘lmagan ob’yektlar bo‘yicha – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari;
- binolari va inshootlarining umumiy maydoni 5 000 kvadrat metrdan ortiq va strategik ahamiyatga ega bo‘lgan ob’yektlar bo‘yicha – Prezident, Vazirlar Mahkamasi hamda Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha davlat komissiyasi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter