Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

Viloyat hokimi Prezident tayinlaydigan vazirlarni haqorat qilib tursa-ya...

Viloyat hokimi Prezident tayinlaydigan vazirlarni haqorat qilib tursa-ya...

Ochig‘i viloyat hokimlarining og‘zi shaloq ekan, deyilsa uncha hayron bo‘lmaymiz. Qo‘l ostidagilarni juda ko‘p rahbarlar shunaqa so‘kadi, deya ko‘nikib ham ketdik hatto ming afsuski.

Lekin viloyat hokimi vazir darajasidagi mansabdorlarni haqoratlashi birinchi bor jamoatchilikka ma’lum bo‘lmoqda.

Kim kimni haqorat qildi?

Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov 9 iyun kuni viloyat hokimligida o‘tkazgan yig‘ilish audiofayli OAVga chiqib ketdi. Unda viloyat hokimi bir qancha mansabdorlarni ochiqchasiga haqorat qilganini ko‘rish mumkin.

Masalan, viloyat hokimi «Sizga qancha elektr kerak bo‘ladi?» deb savol bergan «elektr vaziriga» nisbatan «tupoymi u?» deya munosabat bildirgan. Bunda katta ehtimol bilan Energetika vaziri Alisher Sultonov nazarda tutilgan. Viloyat hokimi qancha elektr kerakligini hisoblab berganini ayta turib, «shunga aqli yetmayapti bu farosati yo‘qlarning» deydi.

Shuningdek, Andijon viloyati hokimi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovni ham jiddiy haqorat qilgan. Xususan, dastlab vazirga nisbatan «vazirchang», «iflos», «shakal», «maymun», «karranda» degan so‘zlarni ishlatgan.

Shuhratbek Abdurahmonov viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘iga qarata «anavi marazing, vazirchang, iflos, kecha menga kevolib, ketimga paxta qo‘yib, o‘zi Andijondan chiqqan» degan gaplarni aytgan.

Shundan so‘ng jahl bilan deydi: «Lekin eshitib ol: bugun hokimiyat mening qo‘limda! Joningni sug‘urib olaman sen ifloslarni!»

Bu hokim vazirlarni haqorat qiladigan darajadagi hokimiyatni qayerdan oldi ekan, qiziq?

O‘zi muammo nimada?

Sog‘liqni saqlash vazirligining tepadagi bayonotini o‘qidingiz. Unda aytilishicha viloyat hokimligi 26,4 mlrd. so‘mlik (3,1 mln AQSh dollari) mablag‘ni 3 ta narsa (shprits, sistema va tibbiy qo‘lqop) sotib olishga yo‘naltirgan. Vaholanki, bu pulga dori vositalari va boshqa zarur tibbiy buyumlar ham olinishi kerak bo‘lgan, lekin bunday qilinmagan.

Pullarning bu kabi noto‘g‘ri taqsimlanishi natijasida Andijon aholisining dori vositalariga bo‘lgan ehtiyoji 44,5 foizga («Aktovegin» dori vositasiga bo‘lgan ehtiyoj hatto 5 foizga) ta’minlangan xolos. Ammo qo‘lqop 265 foizga, sistema 103 foizga hamda shprits 500 foizga ehtiyojdan ortiq sotib olingan.

Tasavvur qilyapsizmi, aholining doriga ehtiyoji bo‘lgan bir paytda, kerak bo‘lmasa ham shprits va qo‘lqop sotib olinavergan. Kimdir shoshilinch tibbiy yordam chaqirsa, bir chemadon shprits va qo‘lqop bilan kelishadi, lekin yonida dorisi yo‘q.

Eng qizig‘i viloyat hokimligi 3,1 mln dollarlik bu mahsulotlarni qonun talablarini bajarmasdan, hech qanday tender o‘tkazmasdan sotib olgan ekan, undan ham yomoni olingan vositalarga 47ta holatda sertifikat berish rad etilgan, boshqacha aytganda sifatsiz tibbiy buyumlar sotib olingan, - demoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Sog‘liqni saqlash vaziri shu haqida viloyat hokimiga xat yozgani uchun «maymun»dan olib, «shakal»ga solinyapti.

Ikki kemaning boshini ushlaganlar

Xalq ta’limi vaziri sifatida Sherzod Shermatov endi ish boshlagan kezlari bor kuchi bilan xalq ta’limi tizimini hokimlar changalidan qutqarib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri vazirlikka bo‘ysunadigan qilishga sarfladi va buni uddaladi, deyish mumkin. Chunki majburiy mehnat va boshqa yana ko‘plab be’mani qarorlarning ildizi tan olamizmi, yo‘qmi, uzoq yillar aynan mahalliy hokimlarga borib taqalar edi.

Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov majlisda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘iga qarata bir gapni aytdi: «ikki tomonga o‘ynayapsan, sen iflos».

Ha, rostdan hududlardagi tashkilotlarning ikkitadan rahbari bor. Ham hudud bo‘yicha hokimning qosh-qovog‘iga qaraydi, ham yuqori turuvchi tashkilot sifatida vazirligiga bo‘ysunishga majbur. Dono xalqimiz esa bilib aytgan: «cho‘pon ko‘p bo‘lsa, qo‘y harom o‘ladi».

Ayrim hokimlar o‘sha hududni o‘z shaxsiy tomorqasiday qabul qilmoqda va qo‘l ostidagilarining barchasini qulday ko‘radi. Istaganda haqorat qiladi, istaganda kaltaklaydi. Aslida esa u oddiy xizmatchi, xalq xizmatchisi xolos. Unga o‘sha mansab bir umrga meros qilib berilmaganini unutmasligi kerak.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring