Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«VisitUzbekistan» jurnali amerikalik muharrirni ishga oldi

«VisitUzbekistan» jurnali amerikalik muharrirni ishga oldi

Buxoro viloyati hokimligi, madaniy meros boshqarmasi ko‘magida viloyatda «VisitUzbekistan» jurnalining maxsus soniga bag‘ishlangan taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Jurnal ta’sischisi bo‘lgan Dinara&Co nashriyoti tashabbusi bilan O‘zbekistonda ishlab kelayotgan xalqaro tashkilotlar vakillari ushbu qadimiy shaharga ikki kunlik tashrif bilan kelishdi. Ushbu sayohat Visit Uzbekistan Partnership uyushmasining navbatdagi taqdimoti bo‘lib, shu paytgacha bunday uchrashuvlar Singapur, London, Dehli va Toshkent shaharlarida o‘tkazilgan.

Ikki kun davomida mehmonlar san’at, madaniyat va investitsiya muhiti bilan tanishishdi.

Akbar Hakimovga tegishli so‘zana va milliy matolardan iborat xususiy kolleksiya, Bonum Factum va Shveysariya hamkorlik byurosining Art Residence loyihasi doirasidagi zamonaviy san’at ko‘rgazmasi, Davlat Toshevning Ustoz-shogird amaliy san’at maktabida miniatyuralar ko‘rgazmasi, Oshi so‘fi tayyorlash bo‘yicha master klass shular jumlasidandir. Mehmonlar minorai kalon manzaralarida toshkentlik va buxorolik dizaynerlar Marhamat Umarova, Irina Sharipova va Nodir Rasulov (zardo‘zlik) kolleksiyalari bilan ham tanishdi.

Joriy yilda jurnal ichki turizm va viloyatlar haqidagi sonlarini tayyorlay boshladi. Xususan, Visit Uzbekistan ning 25-soni Toshkentga bag‘ishlangan bo‘lib, uning sahifalarida poytaxtning ko‘plab ijodkorlari va noyob manzilgohlari haqida so‘z boradi.

Noyabr oyida «VisitUzbekistan» jurnali amerikalik jurnalist Megan Ivsni muharrir va xalqaro maslahatchi sifatida ishga taklif qildi. Buxoroga bag‘ishlangan maxsus son esa Megan ishtirokidagi birinchi jurnal soni bo‘ldi. Bundan avval Megan Ivs Lonely Planet muharriri bo‘lib ishlagan. U CNN, BBC telekanallari, Independent va Culture Trip nashrlari bilan ham hamkorlik qiladi. 15 yillik tajribasi davomida Megan 60 ta kitob loyihalarida ishtirok etib, sayohatnoma va turizm mavzularida katta obro‘ga ega bo‘lgan. Dublindagi Siti Universiteti bitiruvchisi bo‘lib, Megan Xitoydan Texasgacha dunyo kezgan.

– O‘zbekiston ajoyib mamlakat, menga juda yoqadi, – deydi Megan. – Biz uning ochilmagan qirralarini xalqaro hamjamiyatga tanitishni davom etmoqchimiz. «VisitUzbekistan» kabi ajoyib jurnalda ishlash va Dinara&Co jamoasida bo‘lish imkoniyatidan juda xursandman. Jurnal jamoasi yaxshi natija ko‘rsatib kelmoqda. 26-sonini dunyoning 14 tilida nashr etdi. Chet ellarda mustahkam obro‘ga ega bo‘ldi.

Yaqin orada VisitUzbekistan.co veb-saytining ishga tushirilishi kutilmoqda. U ham O‘zbekistonga tashrif buyuruvchilar uchun ingliz tilidagi yetakchi axborot manbaiga aylanishi kutilmoqda. Veb-sayt ustida Buyuk Britaniyalik mutaxassislar ish olib bormoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring