Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Xabar.uz» sudga berilgandi. Natija qanday bo‘ldi?

«Xabar.uz» sudga berilgandi. Natija qanday bo‘ldi?

Skrinshot: «Xabar.uz»

Endi gapirsak bo‘lar? Chunki hammasi ortda qolganday. Bu yog‘iga «sudga ta’sir ko‘rsatishga urinish» qabilidagi malomatlarga asos bo‘lgulik holat ham yo‘q hisob (ayni shunday malomatlarga nishon bo‘lmaslik uchun ham shu choqqacha sukutda edik, sirasi).

Xullas, yangi yil arafasida «Xabar.uz» sayti fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudidan chaqiruv qog‘ozi oldi. Ma’lum bo‘lishicha, sudda jurnalist Tursunali Akbarovning saytimizda yetti oy avval chiqqan «Rost bo‘lamiz, qozijon! Do‘st bo‘lamiz, qozijon!..» feletoni yuzasidan da’vo qo‘zg‘alibdi. Da’vogar Azamat Gaybnazarov feletonda o‘zining sha’ni, qadr-qimmati kamsitilgan deb hisoblab, raddiya berish va ma’naviy zarar uchun 50 (ellik) million so‘m undirishni so‘ragan ekan...

Kutmagandikmi?

Saytimizda muntazam tahliliy-tanqidiy maqolalar berilib borar ekan, voqealarning bunday rivojiga mudom tayyormiz, rosti. Qolaversa, ommaviy axborot vositalarida boplab po‘stagi qoqilgan biror kim «Tanqid uchun tashakkur», deya tahririyat yoki jurnalistning peshonasidan cho‘lpillatib o‘pmagan shu paytgacha...

Qisqasi, shu yilning 10 yanvar kuni sud majlisi boshlandi. Unda da’vogarning advokati va ishonchli vakili Otabek Ablaqulov da’voni astoydil qo‘lladi. Biz ham o‘z navbatida da’vo asossiz ekani, feletondagi barcha holatlar aniq fakt va inkor etib bo‘lmas dalillarga tayanib yozilganini aytib, ularni (dalil-faktlarni) taqdim etdik.

Aytish kerak, sudda tomonlar o‘rtasida yaxshigina tortishuv kechdi...

Shu bilan sud majlisi yakuniga yetayotganganday edi. Biroq da’vogar tomon g‘aribgina asos keltirib, sud majlisini boshqa kunga qoldirishni iltimos qildiki, taraf sifatida biz qarshilik qilganimiz yo‘q.

Sud iltimosnomani qanoatlantirdi.

Bugun, 21 yanvar kuni sud majlisi kelgan joyidan davom etishi kerak edi. Biroq, bizdan ilgariroq kelgan bo‘lsa kerak, da’vogar vakili sudga ariza qoldirib ketibdi: fuqarolik ishini ko‘rmasdan qoldirish haqida.

Foto: «Xabar.uz»

Shu tariqa fuqarolik ishi ko‘rmasdan qoldirildi.

Da’vogarning bizga nisbatan sudda da’vo qo‘zg‘ashi — uning huquqi, albatta. Shu ma’noda unga nisbatan ko‘nglimizda kin yoki adovat yo‘q, bu haqda hatto gap bo‘lishi mumkin emas. Insonni muayyan mezonlarga ko‘ra, «yaxshi» yoki «yomon» toifalarga ajratish mumkindir, illo qonuniy huquq masalasida hamma teng. Ya’niki, kimni yomon ko‘rsangiz — ixtiyor sizda, illo uning qonuniy huquqini hurmat qilmoqqa majbursiz. Qonun shuni talab qiladi. Shuningdek, da’vogarning «fuqarolik ishini ko‘rmasdan qoldirish haqida» ariza berganini ham muruvvat tariqasida talqin qilish fikridan yiroqmiz. Sudda da’vo qo‘zg‘ashga qo‘zg‘ab, jarayonning yarmidan ko‘pi o‘tganda kutilmaganda ortga chekinishiga qonun izn beryaptimi, marhamat — buyam uning huquqi. Faqat aytishimiz mumkinki, da’vogarning chekinishi yozganimiz asossiz emasligi, demakki, yuzimiz yorug‘ ekaniga ham dalolat qiladi. Bardavom bo‘lsin, iloyo!

Tag‘in bir gap: da’vogar va «Xabar.uz»ning sudlashuvi shu tarzda poyoniga yetdi. Bunday yakun da’voga sabab bo‘lgan «Rost bo‘lamiz, qozijon! Do‘st bo‘lamiz, qozijon!..» feletonida qalamga olingan holatlarga qonuniy baho berish masalasini yana bir karra ko‘ndalang qo‘yadi. Bu endi yuqoriroq bosqich sudlarining vakolatiga kiradigan masala.

Kutamiz.

Pirovardida, ayni jarayonlarda «Advokatnews.uz», «Azon.uz», «Kun.uz» saytlari, «ZedNews» telegram-kanalidagi va boshqa hamkasblarning xayrxohligi va ma’naviy madadi uchun minnatdor ekanimizni aytishga burchlimiz...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring