Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xalq banki raisi tushunmovchiliklarga izoh berdi

Xalq banki raisi tushunmovchiliklarga izoh berdi

Foto: @platformauzb

Pandemiya davrida pensiya va nafaqalarning plastik kartalarga o‘tkazilishi va bu borada yuzaga kelayotgan turli tushunmovchiliklar yuzasidan Xalq banki boshqaruvi raisi Farhod Salomov @platformauzb telegram kanaliga rasman izoh berdi:

— Xabaringiz bor, respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, pensiya va nafaqa pullari vaqtinchalik davr mobaynida zaruriy chora sifatida plastik kartalarga o‘tkazilyapti.

So‘nggi paytlarda bu masalada fuqarolarimiz, xususan, pensionerlarimiz tomonidan turli e’tirozlar bildirilmoqda.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, qog‘oz buyumlarda koronavirus infeksiyasi 4-5 kungacha saqlanib qoladi. Ayniqsa, bu infeksiya keksa yoshdagi odamlarga tez yuqishi va ularda kasallik og‘ir kechishi mutaxassislar tomonidan ko‘p bora aytildi. Shuning uchun ham bu zaruriy chora sifatida joriy qilinmoqda.

Umuman, Xalq bankining besh ming nafarga yaqin xodimlari yuqoridagi vazifalarni amalga oshirish uchun dam olish kunlarida ham kuchaytirilgan tartibda ishlamoqdalar.

Qisqa davrda 619 mingta, ya’ni 377 mingdan ziyod «Humo» va 242  mingdan ortiq «Uzcard» plastik kartalari ochilib, pensiya va nafaqa oluvchi fuqarolarimizga tezkorlik bilan yetkazilmoqda.

«Milliy banklararo protsessing markazi» rahbari Shuhrat Qurbonov ta’kidlaganidek, tranzaksiya operatsiyalar hajmining keskin ortib ketishi «Humo» to‘lov tizimida shu yilning 7-8 may kunlari «qisqa muddatli yuklamalarni keltirib chiqargan». Soha mutaxassislari bilan hamkorlikda muammo qisqa muddatda hal etildi.

Yanada qulaylik yaratish maqsadida 2020 yil 20 maydan boshlab pensionerlarimizning xohishiga qarab, ularning plastik kartalari «Humo»dan «Uzcard»ga hech bir to‘lovlarsiz almashtirib beriladi.

«Call centyer»imizga va umuman ijtimoiy tarmoqlar orqali qilinayotgan har bir murojaat tezkorlik bilan o‘rganilib, hal qilinmoqda.

Bizga kelayotgan murojaatlar tahlilidan kelib chiqqan holda pensiya va nafaqa oluvchi fuqarolarimizga quyida o‘z tavsiyalarimni bermoqchiman:

  • «Humo» to‘lov tizimi amaliyotga yaqindan joriy etilayotganligi bois, ko‘plab savdo xodimlari uning terminallaridan foydalanish ko‘nikmasiga ega emas. Shu sababli xarid qilgani do‘konga kirganingizda, sotuvchidan plastik va terminal mos kelishini albatta so‘rang.
  • Kartangiz PIN-kodini to‘g‘ri tering, aks holda u bloklanib qoladi.
  • «Humo» kartangizga SMS-xabarnoma yoki PIN-kod qo‘ydirish uchun bank filiallariga borishingiz shart emas. 11-06 va (71) 2102002 telefon raqamlari yoki hududiy filiallarimizga telefon qilib, bu xizmatlarni masofadan bajarishingiz mumkin.
  • Pensiyalaringizni naqdlashtirish uchun faqat Xalq banki filiallari va bankomatlariga borishingiz shart emas. Yurtimizdagi barcha tijorat banklari va bankomatlaridan pul yechilganda hech qanday foiz olinmaydi.
  • Va nihoyat, har qanday sharoitda ham uyda qoling va biz sizning pensiya va nafaqalaringizni belgilangan grafik muddatlaridan kechiktirmagan holda yashash manzilingizga yetkazib beramiz.

AT Xalq banki «Ishonch telefoni» va hududiy filiallari telefon raqamlarini ko‘rish uchun mazkur havolaga kiring.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring