Xitoy kompaniyasi uchiradigan sun’iy yo‘ldoshga «Samarqand-2028» nomi beriladi
«O‘zbekkosmos» agentligi va STAR.VISION kompaniyasi o‘rtasida imzolangan memorandumga muvofiq Xitoy tomonidan fazoga uchirilishi rejalashtirilayotgan giperspektral sun’iy yo‘ldoshga «Samarqand-2028» nomi beriladi.
Qayd etilshicha, bu 2028-yil Samarqandda o‘tkaziladigan «Xalqaro astronavtika kongressi»ni ramziy ma’noda ifodalaydi.
Shuningdek, memorandumga ko‘ra yerni masofaviy zondlashga mo‘ljallangan mazkur yo‘ldosh uchun sun’iy intellekt modulini «O‘zbekkosmos» agentligi mutaxassislari ishlab chiqishadi. Yo‘ldosh olgan suratlarni havo sifatini birlamchi baholash, qishloq xo‘jaligi ekinlari va o‘rmonlarni monitoring qilishda qo‘llash mumkin bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, «O‘zbekkosmos» va STAR.VISION bir hafta muqaddam sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari va kosmik ilovalarni rivojlantirish bo‘yicha strategik memorandum imzolagandi. Tomonlar qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ilmiy va texnologik integratsiyani kuchaytirish, universitetlar va kompaniyalar bilan hamkorlik qilishga kelishib olgan.
Hamkorlik milliy paxta va bug‘doy xaritalarini yaratishda giperspektral ma’lumotlardan foydalanishni ham qamrab oladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter