Xivada «Qovun sayli» o‘tkaziladi

Mamlakatimiz turizm salohiyatini keng targ‘ib etish, jumladan, Xorazm viloyatiga tashrif buyuruvchi xorijiy va mahalliy sayyohlar sonini oshirish maqsadida joriy yilning 8-10 avgust kunlari Xiva shahrida — «Ichan qal’a» va «Arda Xiva» majmualarida an’anaviy «Qovun sayli» festivali bo‘lib o‘tadi.
Turizm qo‘mitasi va Xorazm viloyati hokimligi tomonidan tashkil etilayotgan festival doirasida viloyatning shahar-tumanlari o‘z hududlarida yetishtirilgan shirin qovunlarning ko‘rgazma-savdosini o‘tkazadi. Pavilonlar hududiy rang-baranglik asosida bayramona bezatiladi.
Shuningdek, teatrlashtirilgan sahnalar, qo‘g‘irchoq teatri va milliy liboslar namoyishi, milliy taomlar, Xorazm nonlari va hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmalari, badiiy jamoalar, folklor guruhlarining jonli ijro chiqishlari, mahorat darslari, tasviriy va amaliy san’at asarlari ko‘rgazmasi tashkil etiladi.
«Qovun sayli»da faol ishtirok etganlar turli nominatsiyalar asosida Xorazm viloyat hokimligi va homiylarning qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlanadi.
Festivalning asosiy tadbirlari mahalliy va xorijiy yulduzlar ishtirokidagi gala konsertlar bilan 8-9 avgust kunlari «Ichan qal’a» va 10 avgust kuni «Arda Xiva» turizm majmualarida bo‘lib o‘tadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter