Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xoldorali aka o‘sha kuni erta turgandi — Sardobadagi bir oila taqdiri

Xoldorali aka o‘sha kuni erta turgandi — Sardobadagi bir oila taqdiri

Xoldorali aka o‘sha kuni saharda mol-qo‘yini o‘tlatish uchun dalaga chiqqan edi. Har kunlik odati. Ammo o‘sha kun har kungisidek o‘tmadi.

Soat tonggi beshlardan o‘tganda g‘alati tovush eshitildi — bir narsa gumburladimi, shitirladimi, bilib bo‘lmadi. Bo‘g‘iq, g‘alati shovqin.

Hammasi tezda aniq bo‘ldi. Ko‘chaga chiqqan qo‘ni-qo‘shnilarning aytishicha, Sardoba suv ombori yorilgan va katta suv bosib kelmoqda. «Mol-qo‘ylaringizni biror tepalikka haydang, hozir hamma joyni suv bosadi».

Bunaqa vaqtda mol-dunyo ko‘zga ko‘rinarmidi? Xoldorali aka tezda uyiga bordi va oilasini qutqarish tashvishiga tushdi. Hammani mashinaga chiqarib, xavfsiz joyga jo‘natgach, ikki mol va yettita qo‘yni hovliga kiritib, darvozani bog‘ladi. «O‘sha paytda o‘zimdan o‘tganini o‘zi bilaman. Hayvon bo‘lsa ham tashlab ketayotganim uchun ichim ezildi. Gapimga tushunmasa ham aytdimki, agar tirik qolsangiz, qaytib kelib, boqaman. Agar o‘lib ketsangiz, mendan xafa bo‘lmanglar. Hozir qo‘limdan hech narsa kelmaydi, dedim. Shundan keyin tavakkal qilib ko‘chaga chiqdim», — deydi Xoldorali aka.

Shu bilan Xoldorali Soipov yetti kun o‘tgach uyiga qayta oldi. Hovliga kirib, ko‘ziga ishonmadi — hamma yoq loy-balchiq, devorlar qulagan. Ammo mol-qo‘yi tirik, dov-daraxt, tokzorni yeb, jon saqlabdi.

Xoldorali akaning katta oilasi Yangiyer shahridagi kollejda bir necha oy istiqomat qildi. Ularning sargardonligi o‘tgan hafta yakuniga yetdi — Oq oltin tumanidagi Navbahor QFY hududida yangi ko‘pqavatli uylar qurilib, foydalanishga topshirildi. Xoldorali akaga birinchi qavatdan uch xonali kvartira berishdi.

—Ko‘rgan kunlarimiz ortda qolgani rost bo‘lsin. Hozir hammasi yaxshi, uyimizda shahar sharoiti bor, bola-chaqa uchun o‘yingoh ham qurib berishgan. 40 million so‘m va xolodilnik-televizor uchun sertifikat ham oldik. Hamma narsamizni rostlab oldik. Bu yerdan avvalgi hovlim ham ancha yaqin, har kuni ertalab ketib, ekin-tikin, mol-holga qarab kelsam bo‘ladi.

Hammasi uchun hukumatimizga ming rahmat. Bunaqa bo‘lib ketadi, deb kim o‘ylagandi deysiz. Ayniqsa sahovatpesha yurtdoshlarimizning yordamini ko‘rib. ko‘zimga yosh keldi. Kiyim-kechak deysizmi, oziq-ovqat deysizmi, yetkazib turishdi, — deydi Xoldorali aka.



Ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiluvchilarning ish bilan bandligi bo‘yicha hukumat bir qator tadbirlarga qo‘l urgan. Xususan, Oq oltin tumanidagi ko‘p qavatli uylar joylashgan mavzening shundoq yonida 40 ta issiqxona tiklandi. Bahorga chiqib yana 24 ta qurilishi rejalashtirilgan. Har biri 25 sotixli bu issiqxonalarda sitrus mevalar yetishtiriladi. E’tiborli tomoni, bu yer shunchaki dehqonchilik uchun ajratib berilmaydi, balki issiqxona egalari o‘quv jarayonidan o‘tkaziladi. Buning uchun maxsus o‘quv-markazi bino qilingan.

Xoldorali aka suv bosishidan oldin to‘y boshlab qo‘ygan edi. Ikki o‘g‘lini uylantirgan aka endi uchinchi kelinni tushirishga hozirlanib turgandi.

— Peshona ekan, to‘yni sal kechiktirib turishga to‘g‘ri keladi endi. Hozir ikkinchi farzandimga uy qilish harakatidamiz. Hokimiyatga rahmat, yordam qilamiz, deyishdi, — deydi Xoldorali Soipov.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring