Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xorazmda singil akasiga bir buyragini berdi

Xorazmda singil akasiga bir buyragini berdi

Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir tumanida akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutaxassislari boshchiligida ilk bor buyrak transplantatsiyasi amaliyoti o‘tkazildi.

Bemor Zafar Xaitboyev — 42 yoshda. Tumanning O‘rtayop qishlog‘idan. Unga surunkali glomerulonefritning aralash turi, surunkali buyrak yetishmovchiligi terminal bosqichi tashxisi qo‘yilgan. O‘tgan yildan beri gemodializ muolajalarini oladi.

Z. Xaitboyev ming kilometr olisdan poytaxtga kelib, hatto uzoq navbat kutib, murakkab operatsiya orqali sog‘ayishni niyat qilgandi. Ammo bunga hojat qolmadi. Toshkentdagi Xirurgiya markazi mohir jarrohlarining o‘zi Qo‘shko‘pirga kelib, transplantatsiya amaliyotini o‘tkazishdi.

Bemorga singlisi bir buyragini berdi. Yuqori texnologik muolaja muvaffaqiyatli o‘tdi. Hozir Zafarning ham, donorning ham ahvoli yaxshi, shifokorlar nazorati ostida salomatligi tiklanmoqda.

Umuman, o‘tgan bir yilda Xorazmda tibbiyotning buyrak transplantatsiyasi yo‘nalishi ommalashmoqda. Shu kungacha viloyatda 16 ta buyrak transplantatsiyasi o‘tkazilgani buning tasdig‘i.

Shuningdek, 2022 yili Xonqa tumanilik 47 yashar Bibijon Xudoyberganovada bir yo‘la ikki noyob amaliyot — laparoskoprik xoletsistektomiya (o‘t qopini olib tashlash) va buyrak ko‘chirib o‘tkazish operatsiyalari bajarilgani hudud miqyosida yangilik bo‘lgandi.

Qolaversa, viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining 5 nafar mutaxassisi ayni shu soha bo‘yicha Hindiston mamlakatida malaka oshirib qaytdi.

Yana bir e’tiborli jihati, shu paytgacha hududdagi barcha buyrak transplantatsiya muolajalari davlat mablag‘lari hisobidan o‘tkazildi, deyiladi SSV xabarida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring