Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xorijda ishlab pul jo‘natayotgan ayolning eri mashinali va uyli bo‘ldi yoxud o‘lib borayotgan g‘urur...

Xorijda ishlab pul jo‘natayotgan ayolning eri mashinali va uyli bo‘ldi yoxud o‘lib borayotgan g‘urur...

foto: internet, ochiq manba

Har doimgidek ishda ishlab o‘tiribman. Turmush o‘rtog‘imdan xabar keldi. «Falonchi opa shifoxonaga tushib qolibdi. Yapon tilini uncha yaxshi bilmagani uchun borib tarjimonlik qilib kelsam maylimi?» degan mazmunda. Borib keldi.

Qaytgandan keyin telefonda vaziyatni so‘radim. Yoshi 30 dan o‘tgan ikki nafar farzandi bor ayol. Tokioda Yapon tili maktabida o‘qib ishlaydi. Kechasi 23:00 dan ertalabki 8:00 gacha do‘konda ishlaydi. Do‘kondan chiqib o‘qishga boradi. O‘qish 13:30 da tugab, 15:00 dan 22:00 gacha bir korxonada ishlaydi. Tasavvur qilayabsizmi? Uxlash, dam olish degan narsalarga vaqt yo‘q. Bunaqa rejimda har qanday odam kasal bo‘lib yiqilishi tabiiy!

«Bechora turmushi o‘xshamay farzandlarini oyoqqa qo‘yish uchun bir o‘zi harakat qilayapti ekan-da, otasi, akasi yo‘qmikan?», deb o‘ylab tursam, eri ham bor ekan. Nogiron ham emas, ruhiy kasal ham emas, to‘rt muchasi sog‘ eri bor ekan. Shu gapni eshitdim-u, tamom bo‘ldim. Xotin Yaponiyada quldek ishlab pul jo‘natayapti, er O‘zbekistonda bolalari bilan qolib muddatli to‘lovga uy, mashina olib yallo qilib yuribdi.

Qaynona-qaynota: «Kelin, siz uddaburonsiz. Eringiz sal og‘ir ishlarga bo‘lmaydi», deb Yaponiyaga jo‘natishibdi. Lolman! Eshitishimcha, birgina Yaponiyada bunaqa taqdirlar bir nechta emish. Rossiya, Turkiyalarni gapirmay qo‘ya qolay.

Iya, oriyat masalasi nima bo‘layapti erkaklar? G‘urur nima bo‘layapti? Qachondan ayolini, onasini, opasini, singlisini chetga jo‘natib pulini vijdonsizlarcha ishlatib o‘tirish oddiy holga aylandi?

Bir paytlar erkaklar ayolini O‘zbekistonga tashlab, yillab chetda yurishini ham hazm qila olmaydigan millat edik. Endi bo‘lsa, teskarisiga ham ko‘nikishimiz kerakmi? Aslo.

Bolaligimda, bir qo‘shnimizning o‘g‘li yangi uylangan edi. Otasiga «Rossiyaga ketaman», deganini eshitib qolgan edim. Shunda otasi: «Rossiyaga ketsang ketaverkuya, xotiningni kimga tashlab ketasan?» degan edi. Boyagi yigit Rossiya haqida boshqa gap ochmagan edi. Qisqa muddatga, yoki birga olib ketishda muammo yo‘q. Ammo, oila institutiga bunaqa putur yetkazmaylik, baraka topgurlar.

                                                                                                                Bahodir Iskandarov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring